O‘zbekiston | 19:35 / 11.05.2020
21131
4 daqiqa o‘qiladi

Senat raisi: «NNTlar holatni to‘liq bilmay turib, BMTga ma'lumot berib yuboradi»

Oliy Majlis Senatining to‘rtinchi yalpi majlisida ilk bor Inson huquqlari bo‘yicha milliy markazning 2018-2019 yillarda inson huquqlari bo‘yicha xalqaro majburiyatlarga rioya qilinishiga doir axboroti eshitildi.

Milliy markaz rahbarining birinchi o‘rinbosari Mirzatilla Tillaboyev xalqaro tashkilotlar tomonidan bolalar mehnati, majburiy mehnat va odam savdosi bo‘yicha berilayotgan tavsiyalar yuzasidan qilinayotgan ishlar haqida axborot berdi.

Mirzatilla Tillaboyev
Foto: Senat Axborot xizmati

O‘z navbatida, Senat raisi Tanzila Norboyeva inson huquqlari bo‘yicha majburiyatlarning bajarilishi bo‘yicha muammolarni sanab o‘tdi.

«Xalqaro hujjatlardagi majburiyatlarning bajarilishi bo‘yicha milliy ma'ruzalarni tayyorlash jarayonida muammolar ko‘p bo‘ladi: ba'zida savollarga mas'uliyatsizlik bilan javob berishadi, BMT bergan tasiyalarni to‘liq bajarishmaydi, bajargan taqdirda ham buni yaxshi yetkazib bera olishmaydi.

Natijada har 4 yilda bir xil savollar kelaveradi. BMT qo‘mitalari bitta savolni to‘rt yildan keyin yana aylantirib so‘raydi.

Shuning uchun milliy ma'ruzani tayyorlash mexanizmini to‘liq ko‘rib chiqish kerak. Ma'ruzani Vazirlar Mahkamasiga ham kiritib, ulardan xulosa olib, keyin TIV orqali BMTga jo‘natish masalasini ko‘rish kerak», deya Senat raisining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Foto: Senat Axborot xizmati

Norboyeva BMT O‘zbekiston hukumatiga beradigan tavsiyalarni bajarish masalasi «4 yildan 4 yilgacha» ekanini tanqid qildi.

«BMT tavsiyalarini amaliyotga joriy qilish masalasida harakatlar dasturi ishlab chiqiladi. Lekin ular 4 yildan 4 yilgacha. Har yilda kamida 2 marta, Vazirlar Mahkamasini chaqirib, muhokama qilinsa, BMT qo‘mitalari tavsiyalari 100 foiz bajariladi. Chunki ishlar qilinyapti, lekin uni tartibga solish jarayonini mukamallashtirish kerak.

BMTda hukumat hisobotlaridan ko‘ra ko‘proq alternativ hisobotlarga qaraladi. Nodavlat-notijorat tashkilotlari esa o‘zidagi ma'lumotlarni yig‘ib, holatni bilmay turib alternativ ma'ruzani yozib yuboradi. Natijada qilinayotgan ishlarga putur yetkaziladi, xalqaro hamjamiyatga to‘g‘ri yetkazilmaydi.

Nodavlat-notijorat tashkilotlari jarayon ichida bo‘lmay turib ham, 3-4 so‘m grant puli uchun alternativ ma'ruzalar yuborish holatlari ko‘p. Ularni chaqirib, tavsiyalar berib, hukumat tomonidan qilinayotgan ishlarni tushuntirish kerak», deya ta'kidladi Norboyeva.

Foto: Senat Axborot xizmati

Majlisda so‘z olgan senator Anvar To‘ychiyev inson huquqlari borasidagi xalqaro majburiyatlarni bajarishni muvofiqlashtirish yuzasidan davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasida hamkorlikni yetarli emas deb baholadi.

Senatorning fikricha, davlat organlari tomonidan yuritilayotgan sohaga oid statistik hisobotlar xalqaro talablarga to‘liq mos kelmaydi.

«Shuningdek, davlat organlari xodimlarini inson huquqlari sohasida tayyorlash va malakasini oshirish tizimi to‘liq yo‘lga qo‘yilmagan. Ta'lim muassasalarida inson huquqlari fani tizimli o‘qitilmasligi, inson huquqlari bo‘yicha xalqaro shartnoma normalarini sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan qo‘llash amaliyoti tizimli yo‘lga qo‘yilmagani ham soha rivojiga ta'sir ko‘rsatmoqda», dedi Anvar To‘ychiyev.

Саодат Абдураҳмонова
Tayyorlagan Саодат Абдураҳмонова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid