O‘zbekiston | 12:19 / 15.05.2020
53166
3 daqiqa o‘qiladi

Moliya vazirligi Qurilish vazirligi qimmatbaho Land Cruiser 200’ni tanlovlarsiz sotib olishiga e'tiroz bildirdi

Moliya vazirligi Vazirlar Mahkamasining Qurilish vazirligi Land Cruiser 200 rusumli avtomashina xaridini istisno tariqasida tanlovlarsiz, to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma asosida amalga oshirishi ko‘zda tutilgan hujjat loyihasiga munosabat bildirdi.

Foto: Toyota

Unda farmoyish loyihasida to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma asosida davlat xaridini amalga oshirish bo‘yicha kiritilgan norma davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga zid bo‘lgani qayd etilgan va ushbu normani chiqarib tashlash bo‘yicha taklif bildirilgan.

«Davlat xaridlarida ochiqlik va shaffoflikni, raqobat va xolislikni, asoslanganlikni, moliyaviy mablag‘lardan foydalanishning oqilonaligi, tejamkorligi va samaradorligini ta'minlash davr talabi.

Moliya vazirligiga 2020 yil 7 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining farmoyishi loyihasi kelishish uchun kelib tushdi. Mazkur farmoyish loyihasida O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash maqsadida Land Cruiser 200 rusumli avtomashinasi xaridini istisno tariqasida tanlovlarsiz, to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma asosida amalga oshirish vazifasi yuklatilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasining «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi Qonunining maqsadi davlat xaridlari sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat. Qonunning 4-12-moddalarida davlat xaridlarining asosiy prinsiplari belgilangan bo‘lib, mazkur prinsiplar davlat xaridlari jarayonining barcha bosqichlarida qo‘llanishi kerak.

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2019 yil 13 avgustdagi PF-5780-sonli farmonining 27-bandida vazirlik va idoralar, shuningdek, xo‘jalik boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining davlat xaridlarini amalga oshirishda istisno tarzida to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar tuzish huquqini berishni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritish taqiqlangan.

Farmoyish loyihasida to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma asosida davlat xaridini amalga oshirish bo‘yicha kiritilgan norma davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga zid bo‘lgani sababli, shuningdek davlat xaridlarini ochiqlik va shaffoflik, raqobat va xolislik, moliyaviy mablag‘lardan foydalanishning oqilonaligi, tejamkorligi va samaradorligi kabi prinsiplarga tayangan holda amalga oshirilishini ta'minlash maqsadida ushbu normani chiqarib tashlash bo‘yicha Moliya vazirligining taklifi bildirildi», deyiladi vazirlik munosabatida.

Ma'lumot uchun, Toyota kompaniyasining O‘zbekistondagi dileri saytida ko‘rsatilishicha, Land Cruiser 200 rusumli yo‘ltanlamas avtomobil narxi qariyb 1,5 mlrd so‘mni (narx 1 457 000 000 so‘mdan boshlanadi) tashkil etadi.

Mavzuga oid