Jahon | 12:51 / 17.05.2020
34315
2 daqiqa o‘qiladi

Barak Obama Tramp boshqaruvini tanqid qildi

AQShning sobiq prezidenti Barak Obama AQShning hozirgi rahbariyatining ishlash usullarini tanqid qildi va amerikalik yoshlarni faol jamoatchilik pozitsiyasini egallashga chaqirdi.

Foto: Kevin Lamarque/Reuters

AQShning 44-prezidenti fikricha, koronavirus pandemiyasi amaldagi rahbariyatning o‘z harakatlari oqibatlarini anglamasligini ayon qildi. U bu haqida AQSh maktablarining yuqori sinflari bitiruvchilariga yo‘llagan videomurojaatida aytib o‘tdi. 

«Bu pandemiya ko‘plab rahbarlar nima qilayotganlarini bilishlari haqidagi tasavvurlarni boshqa narsadan ko‘ra ko‘proq to‘liq va batamom yo‘qqa chiqardi. Bu rahbarlardan aksariyati hattoki nimadir uchun javobgardek bo‘lib ko‘rinishga ham urinmaydilar», deb ta'kidlab o‘tgan Obama.

U shu tariqa AQSh rahbariyatining «bir zumlik foyda ko‘rish» kabi ishlash usullarini va bu yondashuvni qo‘llab-quvvatlamaydiganlarga bepisand munosabatda bo‘lishini tanqid ostiga olgan.

Jumladan, sobiq prezident mamlakatda iqtisodiy va irqiy tengsizlik bilan bog‘liq vaziyatlar yomonlashganini ta'kidlab o‘tgan.

Shu sababli Obama o‘z nutqida yoshlarni faol jamoatchilik pozitsiyasini egallashga chaqirgan.

The New York Times nashri Obamaning bu murojaatini noyabrdagi saylovlar oldidan AQSh prezidenti Donald Tramp ma'muriyatiga «hamla» deb baholagan. Ta'kidlanishicha, Obama 2017 yil yanvarda prezident vakolatlari tugagandan keyin hozirgi kungacha umuman olganda Trampni ochiqchasiga tanqid qilishdan tiyilgan. 

Avvalroq Obama Tramp ma'muriyatining koronavirus pandemiyasiga munosabatini falokat deb atagandi. Uning ta'kidlashicha, joriy ma'muriyatning bu munosabati global inqiroz vaqtida mamlakatga kuchli davlat rahbariyati kerakligiga eslatma bo‘lib xizmat qiladi.

Mavzuga oid