Jahon | 21:30
2324
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp Obama yuzi tasvirlangan maymun videosini e’lon qildi

Video shov-shuvga sabab bo‘lgach, Oq uy irqchilik ayblovlarini rad etdi.

Foto: AP

AQSh prezidenti Donald Tramp sobiq prezident Barak Obama rafiqasi Mishel bilan ikki maymun qiyofasida ko‘rinish bergan videoni e’lon qildi. Post Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida joylashtirilgan.

Obama bilan bog‘liq lavha qisqa videoning oxirida paydo bo‘ladi, unda ovozlarni hisoblash mashinalari 2020-yilgi prezidentlik saylovida (Jo Bayden g‘alaba qozongan) fitnalarga hissa qo‘shgani aytiladi. Saylov videosi bir necha lahza yuqoriga siljiydi, so‘ngra Barak va Mishel Obama bilan bog‘liq epizod paydo bo‘ladi, keyin saylov videosi davom etadi. Sobiq prezident va birinchi xonimning yuzi paydo bo‘lgan paytda «Qirol sher» multfilmidagi qo‘shiq yangraydi.

Video shov-shuvga sabab bo‘lgach, Oq uy irqchilik ayblovlarini rad etdi. «Bu internet-memdan parcha bo‘lib, unda prezident Tramp o‘rmonlar qiroli, demokratlar esa «Qirol sher» multfilmi qahramonlari qiyofasida tasvirlangan», dedi ma’muriyat matbuot kotibi Kerolayn Levitt. U da’volarni «soxta» deb atadi.

O‘tgan haftada Tramp sobiq prezident Obamani Rossiya bilan hamkorlikda ayblab, hibsga olishga chaqirgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh Milliy razvedkasi rahbari Tulsi Gabbard «yuzlab shov-shuvli hujjatlarni» e’lon qilgan, ular sobiq Amerika yetakchisi shaxsan Markaziy razvedka boshqarmasiga Trampga nisbatan yolg‘on ayblovlarni to‘qib chiqarishni buyurganini isbotlaydi. Oq uy rahbari buni Obama va «uning malaylari» tomonidan amalga oshirilgan «to‘ntarishga urinish» deb atadi.

O‘tgan yilning yozida Tramp Truth Social tarmog‘ida FQB agentlari tomonidan Obamaning hibsga olinishi aks etgan sun’iy intellekt yaratgan videoni e’lon qilgan edi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов

Mavzuga oid