O‘zbekiston | 16:02 / 20.05.2020
4595
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda davlat-xususiy sheriklik asosida qaysi sarmoyadorlarga soha jozibador? 

Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi rahbari G‘olib Xoljigitov xorijiy sarmoyadorlarni O‘zbekistonda qiziqtirayotgan loyihalar hamda  DXSh yo‘nalishidagi masalalarni ma'lum qildi. 

Moliya vaziri o‘rinbosari hisoblangan agentlik rahbari suhbat avvalida DXSh mohiyatiga qisqacha to‘xtalib o‘tdi. 
«DXSh - xususiy sektorni boshqaruv tajribasi va mablag‘larini jalb qilish, xatarlarni to‘g‘ri taqsimlash orqali davlat xizmatlari sifati va infratuzilmasini yaratish bo‘yicha davlat va xususiy sherik o‘rtasidagi uzoq muddatli shartnoma. DXSh maqsadli investitsiyalarni jalb qilishning sifat jihatdan yangi va samarali usulidir.

Xususiy sarmoyador o‘z mablag‘lari bilan tajribasini ham keng tatbiq etadi. Negaki, DXSh asosiy vazifalaridan biri - davlat xizmat ko‘rsatish sohasida sifatni oshirishga qaratilgan. Masalan, infratuzilmalar, ta'lim va ijtimoiy xizmatlarni qulay tarzda yaratish vazifasi turibdi», – dedi u. 

Xoljigitovning aytishicha, xorijiy sarmoyadorlarning aksariyati O‘zbekistonda energetika sohasiga katta qiziqish bildirmoqda. 

«Chunki, 2030 yilga qadar O‘zbekistonda elektr energiyaga bo‘lgan talab 70 foizga o‘sishi kutilmoqda. Osiyo taraqqiyot banki tayyorlagan energetikani rivojlantirish bosh rejasiga muvofiq, O‘zbekiston Energetika vazirligi bilan hamkorlikda 5 GVt quyosh energiya manbalari, 2 GVt shamol energiya manbalari, shuningdek, gaz-bug‘ issiqlik elektro stansiyalar qurilishi tasdiqlangan», – deya qo‘shimcha qildi u. 

Joriy yilda Navoiy viloyatida umumiy quvvati 100 MVt bo‘lgan fotoelektrik stansiyani loyihalashtirish, moliyalashtirish, qurish va ishlatish bo‘yicha tajriba-sinov loyihasini amalga oshirish uchun investor tanlab olish jarayoni yakunlangandi. Unga ko‘ra, BAAning Masdar kompaniyasi tenderda g‘olib chiqib, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi u bilan investitsiya bitimi, «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ esa elektr energiyasini sotib olish to‘g‘risida bitim tuzdi .

G‘olib Xoljigitov ma'lumotiga ko‘ra, investor ishlab chiqarilgan elektr energiyasini qat'iy tarif – 1 kVt-s uchun $2,679 miqdorida (tarif investitsiya loyihasining butun 25 yillik muddati davomida xorijiy valutada denominatsiyalangan) yagona xaridor – «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJga sotish majburiyatini oldi. 

Suhbat davomida G‘olib Xoljigitov dunyo miqyosida DXSh yo‘nalishida trendga ko‘tarilgan loyihalar, O‘zbekistonda boshqa sohalarda ham loyihalarni amalga oshirish uchun to‘sqinlik qiluvchi omillar, korrupsiya va ish sifati haqida ma'lumot berdi. 

Intervyuni Youtube orqali to‘liq tomosha qilishingiz mumkin. 

Alisher Ro‘zioxunov suhbatlashdi

Алишер Рўзиохунов
Tayyorlagan Алишер Рўзиохунов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid