Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«O‘n yildan beri uy ololmayotgandik» – Andijonda uy-joyga muhtoj shaxsga birinchi subsidiya berildi
Hukumat qarori bilan daromadi yuqori bo‘lmagan, uy-joyga muhtoj oilalar, og‘ir vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlar, faol yoshlarga uy-joy sotib olish uchun subsidiyalar to‘lash tartibi belgilangan edi. Andijon viloyatida respublikada birinchilardan bo‘lib uy-joyga muhtoj shaxsga uy-joy sotib olish uchun subsidiya berildi.
Davlat xizmatlari agentligi Andijon viloyati boshqarmasi axborot xizmatining Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, Andijon viloyatining Izboskan tumanida yashovchi Asqarjon Toshmatov 200 million so‘mgacha bo‘lgan narxdagi uy sotib olish uchun subsidiya ajratilgan.
“Prezident farmoniga asosan daromadi yuqori bo‘lmagan va uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lganlarga ipoteka krediti bo‘yicha dastlabki badal va (yoki) foizlarning bir qismini qoplash uchun Davlat budjeti mablag‘lari hisobiga subsidiyalar to‘lanishi belgilangan. Shunga asosan Davlat xizmatlari markazlari va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali uy-joy sotib olish uchun subsidiya olish uchun arizalarni qabul qilish ishlari 1 martdan boshlangan bo‘lib, shu kunga qadar Andijon viloyati bo‘yicha subsidiya olish istagida 125 nafar fuqaro hujjat topshirgan. Ayni paytda ularning hujjatlari tuman hokimliklari qoshida tashkil etilgan tegishli komissiyalari tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.
Izboskan tuman hokimligi qoshidagi tashkil etilgan bank, moliya, soliq, mehnat, mahalla va boshqa idoralar vakillaridan iborat komissiya tomonidan fuqaro Toshmatovning arizasi ko‘rib chiqildi va respublikada birinchilardan bo‘lib uy-joy sotib olish uchun subsidiya taqdim etish to‘g‘risidagi qaror qabul qilindi”, deyiladi DXA Andijon viloyati boshqarmasi tarqatgan xabarda.
Asqarjon Toshmatovning aytishicha, o‘n yildan beri bir xonadonda uchta oila yashab kelishgan. Biroq uy olib chiqib ketish uchun daromadlari yetarli bo‘lmagan.
Qayd etilishicha, 2020 yil budjetidan 1 trillion so‘mga yaqin mablag‘ subsidiya uchun ajratilishi rejalashtirilgan. Respublika bo‘yicha 16 mingta oilaga uy-joy sotib olish uchun subsidiyalar berilishi ko‘zda tutilgan.
Mavzuga oid
14:49 / 02.04.2026
Gulistonda ko‘p qavatli uy qulash xavfi sabab unda yashovchilar evakuatsiya qilindi
16:09 / 31.03.2026
Andijonda qalbaki dori tayyorlovchi 3 ta yashirin laboratoriya aniqlandi
09:06 / 30.03.2026
Vodiyga poyezdlar qatnovi vaqtincha to‘xtadi
19:35 / 28.03.2026