08:40 / 23.05.2020
5910

DSQ soliqlarni avtomatlashtirilgan yig‘ish tizimini joriy etmoqda

Tizim soliq inspektoriga soliqlarni mustaqil ravishda yig‘ish va bir vaqtning o‘zida amalga oshirgan ishlarini qayd etish imkonini beradi. 

Davlat soliq qo‘mitasi matbuot xizmati «Soliqlarni avtomatlashtirilgan yig‘ish tizimi» (SAYT) joriy etilayotgani to‘g‘risida xabar berdi.

Qayd etilishicha, ushbu loyiha 2019 yilda Namangan viloyatida sinov tariqasida joriy etildi. Viloyat aholisi maxsus qurilma (terminal) yordamida «SAYT» dasturi ishga tushirilganligi haqida xabardor etildi. Agar soliq inspektorida bunday qurilma bo‘lmasa, ularga soliq to‘lamaslik huquqi berildi.

«SAYT» dasturi orqali soliq to‘lovchiga berilgan chek odatdagidan farq qiladi. Unda soliq to‘lash to‘g‘risidagi to‘liq ma'lumotlar, shuningdek soliq xizmati organi xodimining ma'lumotlari mavjud bo‘ladi va soliq to‘lovchining mobil telefon raqamiga soliq to‘lovi amalga oshirilganligi to‘g‘risida SMS xabar ham boradi.

Bundan tashqari, inspektor hududidagi mol-mulk va yer soliqlaridan qarzdorligi mavjud jismoniy shaxslarni navigator tizimi (GPS) orqali aniqlash imkoniyati yaratilgan.

Bildirilishicha, «SAYT» tizimi soliq inspektoriga soliqlarni mustaqil ravishda yig‘ish va bir vaqtning o‘zida amalga oshirgan ishlarini qayd etish imkonini beradi. Shu bilan birga, dispetcherlik web ilovasi orqali inspektorning real vaqt rejimida amalga oshirgan ishlari baholab boriladi.

- O‘tkazilgan tahlillarga ko‘ra, soliq inspektorlarining ish samaradorligi 2-3 baravarga oshdi, - deydi DSQ Jismoniy shaxslarga xizmat ko‘rsatish boshqarmasi boshlig‘i Zarifjon Zokirov.

Namangan viloyatida 2019 yil I chorakda 125 nafar soliq inspektori tomonidan 9,4 mlrd. so‘m mahalliy soliqlar yig‘ilgan (1 nafar soliq xizmatchisiga o‘rtacha 75 mln. so‘mdan to‘g‘ri kelgan) bo‘lsa, «SAYT» tizimi orqali 2020 yilning I choragida 27 mlrd. so‘m soliq undirildi (1 nafar soliq xizmatchisiga o‘rtacha 177 mln. so‘mdan to‘g‘ri kelgan).

Hokimiyat organlari tomonidan mahalliy budjetlarning oshirib bajarilgan qismidan 1 959 dona terminal sotib olish uchun 8,4 mlrd. so‘m mablag‘ ajratildi.

Yil boshidan buyon Jizzax, Namangan, Samarqand, Toshkent, Farg‘ona va Xorazm viloyatlari hamda Toshkent shahrida 1 118 dona terminal to‘liq ishga tushirildi. Mazkur hududlarda «SAYT» dasturi orqali 2020 yil yanvar-aprel oylarida mahalliy budjetlarga 43,5 mlrd. so‘m soliqlar undirildi.

«SAYT» terminallarini ishlatishning keyingi bosqichida hujjatsiz faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlar, kadastri mavjud bo‘lmagan obektlar va ijara shartnomasi tuzmagan shaxslarni elektron ro‘yxatini shakllantirib, qonuniy ishlashga o‘tishini nazorat qilish moduli ishga tushirilishi rejalashtirilgan.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, «SAYT» tizimi respublikaning barcha hududlarida to‘liq joriy etilishi 2020 yilda mahalliy soliqlardan qo‘shimcha 285 mlrd. so‘m mablag‘ tushirish imkoniyatini beradi. Bu esa terminallar uchun sarflangan mablag‘larga nisbatan 35 baravarga ko‘pdir.

«SAYT» tizimi barcha hududlarda ishga tushirilib, yagona mexanizmga keltirilgach, soliq inspektorlari ish unumdorligini (KPI) baholash orqali ularni rag‘batlantirish ham rejalashtirilgan, deyiladi xabarda.

Top