Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Respublikaning har bir hududida Yoshlar texnoparklari tashkil etiladi
Vazirlar Mahkamasining respublika hududlarida Yoshlar texnoparklarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi. Bu haqda Innovatsion rivojlanish vazirligi xabar berdi.
Hujjatga ko‘ra, Innovatsion rivojlanish vazirligi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari tomonidan respublikaning har bir hududida bosqichma-bosqich Yoshlar texnoparklari tashkil etiladi.
Texnoparklar faoliyatining asosiy vazifalari quyidagilar etib belgilandi:
hududlarda Yoshlar akademiyasining faoliyatini rivojlantirish, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, ta'lim muassasalari, ilmiy tashkilotlar va hududlardagi Texnologiyalar va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash markazlari bilan hamkorlikda yoshlarni intellektual, ilmiy va ijodiy salohiyatini oshirish;
hududlarda yoshlarning tahliliy fikrlash, ularni ilmiy tadqiqot va innovatsion faoliyatga keng jalb etish, iqtidorli, tashabbuskor yoshlarning o‘z intellektual salohiyatini namoyon qilishi va ijtimoiy moslashuvi uchun zarur sharoitlar yaratish;
yoshlarning “startap” loyihalarini rivojlantirish va ularni amalga oshirish uchun yagona maydon tashkil etish orqali hududlarning innovatsion salohiyatini oshirish;
zamonaviy talablarga javob beradigan malakali kadrlarni tayyorlash, shuningdek, hududlarni sifatli, yuqori texnologiyali mahsulotlar va xizmatlar bilan ta'minlash maqsadida ilm-fan, ta'lim va ishlab chiqarish integratsiyasini chuqurlashtirish;
iqtidorli yoshlarni rivojlangan xorijiy mamlakatlarning nufuzli ilmiy markazlari, universitetlari, texnoparklari va ishlab chiqarish tashkilotlarida malaka oshirishlariga ko‘maklashish;
yetakchi kompaniyalar vakillari, malakali mutaxassislar va ekspertlar ishtirokida treninglar va master-klasslarni, shuningdek, yoshlarda amaliy ko‘nikmalarni shakllantirish va ishlab chiqaruvchilar bilan innovatsion-korporativ aloqalarni yo‘lga qo‘yish maqsadida ilmiy-texnik konferensiya, seminar, o‘quv kurslari va treninglar tashkil etish;
iqtidorli yoshlar tomonidan taklif etilgan dolzarb yo‘nalishlar bo‘yicha loyihalarni saralash hamda O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan mavzuga oid grantlar berish yuzasidan e'lon qilib boriladigan tanlovlarga yo‘naltirish;
ilmiy-texnik, innovatsion hamda “startap” loyihalarini amaliyotga joriy etish maqsadida oliy ta'lim muassasalarining ilmiy xodimlari, o‘qituvchi-professor va talabalarini jalb qilish.
Texnoparklar Innovatsion rivojlanish vazirligi muassisligidagi hamda mas'uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi yuridik shaxs hisoblanadi. Ularning faoliyati Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Yoshlar akademiyasi tomonidan muvofiqlashtiriladi.
Texnoparklar rezidenti maqomini berish to‘g‘risida qaror qabul qilish va keyinchalik ularni ro‘yxatdan o‘tkazish Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
Texnopark faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib quyidagilar belgilandi:
xo‘jalik va tadbirkorlik faoliyatidan tushadigan mablag‘lar;
xalqaro moliya institutlari, xorijiy va donor tashkilotlarning grantlari;
O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligining budjetdan tashqari mablag‘lari;
O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Yoshlar akademiyasining iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari;
Innovatsion rivojlanish va novatorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari;
jismoniy va yuridik shaxslar, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasi norezidentlarining homiylik xayriyalari;
qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
Texnoparklar bino va inshootlarini qurish, qayta ta'mirlash va ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, shuningdek, zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlash xarajatlari Innovatsion rivojlanish va novatorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan amalga oshiriladi.
Texnoparklarda ilmiy, texnologik va iqtisodiy jihatdan yuqori deb topilgan innovatsion mahsulotlar va xizmatlar ishlab chiqqan tadbirkorlik sub'yektlariga tegishlicha “Yashnobod” innovatsiya texnoparki, “Xorazm” innovatsion texnoparki, Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilg‘or texnologiyalar markazining rezidenti maqomini berish tartibi joriy etiladi.
Mavzuga oid
08:32 / 17.03.2026
Yirik va megaloyihalar uchun parallel ekspertiza amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi
15:31 / 14.03.2026
Har ikki yilda 3 ming nafar statistika mutaxassisi o‘qitiladi
10:12 / 10.03.2026
Toshkentda Navro‘z munosabati bilan xalq sayillari tashkil etiladi
14:10 / 24.02.2026