20:05 / 26.05.2020
13616

Sirdaryoda qabriston va hojatxonalar xavfini kamaytirish uchun dezinfeksiya ishlari olib borilmoqda

Sardobadagi suv toshqini natijasida 10ta mahallada 7ta qabriston va jami 3 229ta hojatxona suv ostida qolgan.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktori birinchi o‘rinbosari Botir Qurbonov AOKAda o‘tkazilgan onlayn brifingda Sardobadagi suv toshqini oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan sanitariya tadbirlari haqida ma'lumot berdi.

Ma'lum qilinishicha, Sardobadagi suv toshqini natijasida 10ta mahallada 4 351ta turar-joy, 7ta qabriston, 3 229ta hojatxona suv ostida qolgan. Suv yuvib ketishi oqibatida qabristonlar va hojatxonalar epidemiologik jihatdan xavfli bo‘lib qolgan.

«Hojatxonalarni suv bosishi natijasida u yerdagi kasallik tarqatuvchi ichak tanachalari aholi yashash joylariga oqib boradi. Oqibatda turli oshqozon ichak kasalliklari, yuqumli kasalliklar tarqalishi xavfi ortadi. Shuning uchun bu kabi holatlarni bartaraf etish maqsadida zararsizlantiruvchi dezinfeksiya tadbirlarini amalga oshirish birinchi darajali vazifa hisoblanadi.

Brigadalar tomonidan aholi yashash joylari, qabristonlarda amalga oshirilgan sanitariya tadbirlari natijasida esa yuqumli kasalliklarning tarqalishiga yo‘l qo‘yilmayapti», deya ta'kidlagan Botir Qurbonov.

Uning qayd etishicha, toshqin oqibatida yuvilib ketgan qabristonlarda rekonstruksiya ishlari boshlab yuborilgan. Bundan tashqari, sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligi agentligi xodimlari tomonidan turli laborator tahlillar olinmoqda. Ayni paytgacha suvdan 1 811ta, tuproqdan 1 284ta, qishloq xo‘jaligi mahsulotlaridan 1 830ta namunalar olingan. Talabga javob bermaydigan namunalar aniqlanganda ularni o‘z vaqtida zararsizlantirish va yo‘q qilish ishlari amalga oshirilmoqda.

«Epidemiologik vaziyatda xavf tug‘dirishi ehtimoli bor nobud bo‘lgan chorva mollari alohida tashkil qilingan 5ta qabristonga zararsizlantirilgan holda ko‘milgan. Hozirgacha 5 600dan ortiq hayvon jasadlari shunday tarzda yo‘q qilingan», dedi Botir Qurbonov.

Bundan tashqari, aholining uy jihozlari va 6 tonnadan ortiq kiyim-kechaklari alohida dezinfeksiya qilinib, egalariga foydalanishga topshirilgani ma'lum qilindi.

Mavzu
Sardobada suv toshqini
1 may kuni tongda Sirdaryo viloyatidagi «Sardoba» suv ombori dambasi devori buzilib, suv toshib chiqdi.
Barchasi
Top