26 mayda qayd etilgan yuqori oylik harorat avval hech qachon kuzatilmagan - «O‘zgidromet»
May oyining birinchi va ikkinchi o‘n kunligida O‘zbekistonda beqaror ob-havo kuzatildi.
Birin-ketin kuchli momaqaldiroqli yomg‘irlar va shiddatli shamol, hatto do‘l yog‘ishiga olib kelgan atmosfera jarayonlari rivojlandi. Garchi bu hodisalar kichik hududlarda kuzatilgan va mahalliy tavsifga ega bo‘lsa-da, ular salbiy oqibatlarga olib keldi, deb yozmoqda «O‘zgidromet»
May oyining oxirgi o‘n kunligida ob-havo «tinchlandi» va issiq avj ola boshladi. Ob-havo may oyining boshidagiga nisbatan salqin havo o‘rnini to‘ldirdi.
O‘tgan dam olish kunlaridan boshlab O‘zbekiston hududida havo juda isidi. Harorat kundan kunga ko‘tarilib, kecha 26 may kuni 35-39 darajani, janubda 39-40 darajani tashkil qildi. Eng yuqori haroratlar Qoraqalpog‘istonda, Xorazm, Buxoro va Navoiy viloyatlarida kuzatildi, bu joylarda kunduzi havo 40-42 darajagacha, ayrim cho‘l tumanlarida 44 darajagacha qizidi.
Bunday harorat ko‘rsatkichlari O‘zbekistonda may oyining oxiri uchun xos emas. Respublikaning deyarli barcha mintaqalarida shu kunning harorat rekordlari qayd etildi.
O‘zbekiston shimolida ayrim joylarda butun oy uchun maksimal haroratning yangi rekordlari qo‘yildi. Qoraqalpog‘iston va Xorazm viloyatidagi ko‘plab meteorologik stansiyalar ma'lumotlariga ko‘ra, 2020 yil 26 mayda qayd etilgan bunday yuqori oylik harorat avval hech qachon kuzatilmagan.
Toshkentda may oyida eng yuqori harorat - 39,9 daraja bundan ancha oldin, 1902 yilda qayd etilgan. Oxirgi 20 yil ichida eng yuqori oylik harorat 2004 yilda kuzatilgan va 38,6 darajani tashkil qilgan. Qolgan kuzatuv yillarida eng issiq yillarda Toshkentda may oyidagi harorat 37 darajadan yuqori bo‘lmagan. Respublika janubida bu yil may oyi oxirining haroratlari o‘z rekord qiymatlari - 43-44 darajaga yetmaydi.
Oyning oxirigacha respublikada asosan quruq va kam bulutli ob-havo saqlanib turadi. Faqat respublikaning shimoli va cho‘l zonasida shamolning tezligi sekundiga 15-20 metrgacha kuchayishi mumkin. Havo harorati 34-39 daraja atrofida bo‘ladi, mamlakat shimoli, janubi va cho‘l zonasida 40-42 darajagacha ko‘tariladi. 29–30 may kunlari harorat bir oz (2-3darajaga) pasayadi. Yozning boshida ob-havoda sezilarli o‘zgarish bo‘lmaydi.