O‘zbekiston | 08:34 / 29.05.2020
8889
4 daqiqa o‘qiladi

Konstitutsiyaviy sud to‘g‘risidagi qonunning yangi tahriri e'lon qilindi

O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risidagi Konstitutsiyaviy qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritiladi.

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi e'lon qilindi.

Qayd etilishicha, Konstitutsiyaviy sud qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyat hujjatlarining O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqligi to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi sud hokimiyati organidir.

Konstitutsiyaviy sud:

O‘zbekiston Respublikasi qonunlarining va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlarining, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, qarorlari va farmoyishlarining, hukumat, mahalliy davlat hokimiyati organlari qarorlarining, O‘zbekiston Respublikasi davlatlararo shartnomaviy va boshqa majburiyatlarining O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiqligini aniqlaydi;

O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti tomonidan imzolanguniga qadar O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy qonunlarining, O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarini ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi qonunlarining O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiqligini aniqlaydi;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasining O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi qonunlarining O‘zbekiston Respublikasining qonunlariga muvofiqligi to‘g‘risida xulosa beradi;

O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari normalariga sharh beradi;

fuqarolar va yuridik shaxslarning konstitutsiyaviy huquqlari buzilganligi to‘g‘risidagi shikoyatlar bo‘yicha qonunlarning konstitutsiyaviyligini aniqlaydi;

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining muayyan ishda qo‘llanilishi lozim bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlarning O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiqligi to‘g‘risida sudlar tashabbusi bilan kiritilgan murojaatini ko‘rib chiqadi;

konstitutsiyaviy sudlov ishlarini yuritish amaliyotini umumlashtirish natijalari yuzasidan har yili O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga mamlakatdagi konstitutsiyaviy qonuniylikning holati to‘g‘risida axborot taqdim etadi.

Shuningdek, Konstitutsiyaviy sud:

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga qonun loyihalarini kiritishga;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasini, Senatini tarqatib yuborish to‘g‘risida qaror qabul qilishi uchun rozilik berishga;

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining buyruqlari va boshqa hujjatlarining (individual xususiyatga ega bo‘lgan hujjatlar bundan mustasno) O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga va qonunlariga muvofiqligini aniqlashga oid ishlarni ham ko‘rib chiqadi.

Konstitutsiyaviy sud qayd qilingan vakolatlarni amalga oshirayotganida boshqa sudlarning yoki o‘zga organlarning vakolatlariga kiradigan barcha hollarda haqiqiy holatlarni aniqlash va tekshirishdan o‘zini tiyadi.
 
Konstitutsiyaviy sud O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tavsiya etgan shaxslar orasidan, Qoraqalpog‘iston Respublikasining vakilini qo‘shgan holda saylanadi.

Konstitutsiyaviy sudning har bir sudyasi yakka tartibda saylanadi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati a'zolari umumiy sonining ko‘pchilik ovozini olgan shaxs saylangan hisoblanadi.

Konstitutsiyaviy sud rais va uning o‘rinbosarini qo‘shgan holda Konstitutsiyaviy sudning to‘qqiz nafar sudyasidan iborat bo‘ladi.
 
Konstitutsiyaviy sud sudyasining vakolat muddati – besh yil.

Konstitutsiyaviy sudning sudyasi lavozimida bo‘lishning eng yuqori yoshi, qoida tariqasida, yetmish yoshni tashkil etadi.
 
Konstitutsiyaviy sudning hujjatlari barcha davlat organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar uchun majburiydir.
 
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq Konstitutsiyaviy sud O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasida qonunchilik tashabbusi huquqiga ega.

Mavzuga oid