O‘zbekiston | 21:16 / 30.05.2020
64628
23 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston chetdagi fuqarolari uchun chegaralarni ochishi kerakmi? – huquqshunoslar o‘rtasida munozara

Rossiyada o‘z yuristlik faoliyatini olib borayotgan Zarnigor Omonillayeva bir necha kun avval feysbuk ijtimoiy tarmog‘ida «Chegaralarni ochish kerak» sarlavhali postini e'lon qildi. Unda bir nechta davlat o‘z fuqarolari uchun chegaralarini ochayotgani, O‘zbekiston ham shunday yo‘ldan borishi kerakligi xususida so‘z boradi.

Ammo Rossiyadagi boshqa bir huquqshunos Botirjon Shermuhammad koronavirus xavfi hali bartaraf qilinmagani va chegaralarni ochishga ham erta ekanligini bildirdi.

Kun.uz muxbiri ushbu mavzu yuzasidan ikki huquqshunos ishtirokida onlayn munozara tashkil qildi. Unda huquqshunoslar o‘zlari bildirgan fikrlarini asoslashga harakat qilishdi.

Zarnigor Omonillayeva:– Postda avvalo migrantlar nima uchun uyga qaytish harakatida ekanligini ifodalab berishga harakat qildim. Ularning uyga qaytishi uchun qanday to‘siqlar borligi, chegaralarni yopiq tutish uchun qarshi argumentlarni tahlil qilishga harakat qildim. Shu bilan birgalikda, chegaralar ochilmasa nima bo‘ladi degan savoldan kelib chiqib ham o‘z fikrimni berishga harakat qildim. Bu holatni Rossiyada fuqarolari, mehnat muhojirlari anchagina qolib ketgan boshqa davlatlar – Armaniston va Moldova misolida vaziyatni tahlil qilishga harakat qildim. Armaniston yoki Moldova o‘z chegarasini ochmaganda balki mening ham bu masalada pozitsiyam kuchaymagan bo‘lardi. Chunki Rossiyadan vatanga qaytmoqchi bo‘lgan o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari ko‘p. Armanistonga, Moldovaga qaytmoqchi bo‘lganlar ham o‘zining fuqarolari. O‘zbekistonga qaytmoqchi bo‘lganlar ham o‘zining fuqarolari. Shuning uchun o‘zbekistonliklarni o‘zini uyiga kiritmasdan ularning chegaralarda, Rossiyaning o‘zida og‘ir sharoitda qolib ketishiga yo‘l qo‘yib berish koronavirusga qarshi kurashish nuqtai nazaridan ham noto‘g‘ri hisoblanadi. Hozirda mehnat muhojirlariga berilayotgan har qanday yordam bir martalikdir, ya'ni bevosita davomiy yordam emas. Mehnat muhojirining ishga chiqib ketgunicha yoki Rossiyada sharoit yaxshilanguncha ularni yaxshi sharoitda saqlab turish mumkin bo‘lgan yordam berilayotgani yo‘q. Bu yordam tugashi bilan o‘sha mehnat muhojirlari xuddi o‘sha sabablar bilan baribir yana uyga qaytishni istaydi. Shuning uchun ularning vataniga qaytishiga qarshi chiqqandan ko‘ra, qaytishiga ruxsat bergan holda bu jarayonlarni to‘g‘ri tashkillashtirish tarafdoriman.

Botirjon Shermuhammad: – O‘zbekiston fuqarolarining O‘zbekistonga kirishi uchun chegaralar yopiq emas. Shu paytgacha O‘zbekiston o‘z fuqarolari uchun chegarani yopgani yo‘q. Muammo – O‘zbekiston chegarasiga yetib borishda. Fuqaro qayerda bo‘lishidan qat'iy nazar O‘zbekiston chegarasiga yetib borsa, hududga kirgiziladi. Hatto chet el fuqarosi bo‘lsa-yu, O‘zbekistonda doimiy yashash huquqiga ega bo‘lsa, uni ham kirgizadi. Muammo doimiy samolyotlarning yo‘qligida va O‘zbekiston-Rossiya o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri chegaraning yo‘qligida – o‘rtada Qozog‘iston bor. Qozog‘iston o‘z hududida kasallik keng tarqalgani uchun chegarani chet el fuqarolari uchun yopgan. Poyezd va avtomobil yo‘llari Qozog‘iston orqali o‘tgani uchun ham O‘zbekistonga bog‘liq bo‘lmagan muammo bor. Bu Qozog‘iston hukumati bilan birga hal qilinadigan masala. To‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar masalasini tashkil etishning ham o‘z muammolari bor. Chunki u bir tomonga bo‘sh keladi, doimiy reys emas, charter reys bo‘lgani uchun ham ikki baravarga qimmatga tushadi. Qaytishni istayotgan buncha odamni qaytarish masalasi bor.

Post yuzasidan bir necha jihatlarga e'tibor qaratmoqchiman. O‘zbekiston fuqarolarining vatanga qaytish huquqini cheklab bo‘lmaydi, degan fikr aytilgan. Bu huquqni hech kim cheklagani yo‘q. To‘g‘ri, fuqarolarning vatanga qaytish huquqi bor, lekin bundan tashqari, karantin qoidalari ham mavjud. O‘zbekistonning 3-4 mln fuqarosi Rossiyadan vatanga qaytmoqchi, lekin O‘zbekistonning o‘zida hozir 30 mln.dan ortiq aholi bor. Hukumat faqatgina chetda yurganlarning hayoti uchun mas'ul emas, O‘zbekistonda yashab turganlarning ham salomatligi uchun mas'ul. Bu muammoning yechimi oson emas. Chegaralarning yopilishi va boshqa taqiqlar hech bir amaldorning o‘z xohishi bilan qilingan harakat emas. Hamma joyda favqulodda vaziyat. Bunday holatda favqulodda choralar ko‘rishga to‘g‘ri keladi va fuqarolar ham shundan kelib chiqqan holda harakat qilishi kerak. Karantin e'lon qilingandan keyin konstitutsion huquqlarimiz cheklanyapti, bemalol harakatlana olmayapmiz, shunga rozi bo‘lyapmiz. Hammasi fuqarolarning sog‘ligini muhofaza qilish uchun ko‘rilgan choralar.

Rossiyada bugungacha 370 mingdan ortiq kasallik aniqlangan. Ham texnik, ham tibbiy, ham islomiy nuqtai nazardan ham yuqumli kasallik keng qamrovda tarqalgan joydan odamlarning kasallik kamroq bo‘lgan joyga borishi qanday oqibatga olib keladi, degan savol bor. Reyslarni ko‘paytirish mumkin, lekin bu oson ish emas. Uchayotgan har bir reysning o‘z ekipaji bor, ularga ham kasallik yuqish ehtimoli bor. Har bir reysdan keyin ekipajni karantinga olish imkoni bormi? Shunga yarasha bizda ko‘p ekipaj bormi? Ularning sog‘ligi nima bo‘ladi? Hozirgacha qo‘yilgan har bir charter reys yo‘lovchilari orasida koronavirusga chalinganlar aniqlangan. Ya'ni bu kasallik O‘zbekistonga chetdan kirib keldi. Charter reyslar ko‘paytirilgan taqdirda ham, odamlarning salomatligi masalasini kim tartibga soladi? Hozir Rossiyada O‘zbekistonning 3-4 mln aholisi bo‘lsa, nechtasi ketishi mumkin? Deylik, 100 ming odam O‘zbekistonga qaytsa, ularni karantinga olish, davolash imkoniyati bormi?

Shaxsan o‘zim guvoh bo‘lgan holat: o‘tgan yili Andijondagi shifoxonada yotishga to‘g‘ri keldi. Televideniyeda juda chiroyli e'tiroflar keltirilgani bilan tibbiyotimiz juda ham og‘ir ahvolda. Ayniqsa, viloyatlardagi shifoxonalarning ahvoli maqtanadigan darajada emas. Ba'zida oddiy tibbiy niqoblarni ham yetkazib bo‘lmayapti. Ya'ni xavfli yuqumli kasallik keng qamrovda tarqaladigan bo‘lsa, tibbiyotimiz buni ko‘tara olmaydi va bu og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Keyingi masala O‘zbekiston bilan bog‘liq emas. Qozog‘iston hukumati rozilik bersagina poyezd yoki avtomobil orqali fuqarolarni olib kelish mumkin. Poyezd ham, avtomobil ham to‘xtamasdan o‘tib ketishi kerak bo‘ladi. O‘zbekiston chegarasiga yetgunga qadar Qozog‘iston chegarasida yo‘lovchilar chiqib, aholi bilan muloqot qilmasligi ta'minlanishi kerak. Rossiyada muhojirlarga qo‘pol muomala qilinishi bor holat, lekin bu keyingi darajadagi masala. Birinchi navbatda odamlarning sog‘ligi. Qolgani keyinchalik bo‘laveradi. Kasallik soni Moskvada yuqori bo‘lgani bilan, boshqa hududlarda bir necha baravar kam. U yerlarda karantin qoidalari ham qisqarib boryapti, ish jarayonlari boshlanmoqda. Ishlar boshlangandan keyin odamlarning uyga qaytish ishtiyoqi ham yo‘qolib qoladi.

Zarnigor Omonillayeva: –Deyarli hech bir fikrlariga qo‘shilmayman. O‘zbekiston o‘z chegaralarini yopmagan, degan fikr aytildi. Buning huquqiy tarafini ko‘rsak, chindan ham O‘zbekiston o‘z fuqarolari uchun chegaralarini yopmagan. Amaliy jihatdan qaraganda esa 15 martdan 26 martgacha bo‘lgan muddatda O‘zbekiston fuqarolari qo‘llarida tayyor chipta bilan tayyor samolyotda qayta olmaganlariga shaxsan guvohmiz. Aeroportda tunagan, reys qachon bo‘lishini kutgan, charter reysga navbat kutganlarning hammasi O‘zbekiston fuqarolari. Ular aeroportda qo‘llarida tayyor chipta bilan, ma'lumotlar byurosida reys bekor bo‘lmagani aytilgani holda O‘zbekistonga uchib bora olishmagan. “Aeroflot” xodimlari bilan gaplashganimda samolyot tayyor, ekipaj tayyor, antiseptik vositalari bor, faqat O‘zbekistonga uchib kirib borish uchun ruxsat berilgani yo‘q, degan fikr aytildi. O‘zbekiston chegaralarini yopmadi, degan mulohaza juda ham bahsli. Moldova va Armanistonda ham chegaradan kiritmaslik masalalari yo‘q edi, lekin hozir kelsangiz, kiritamiz deb, fuqarolarni mamlakatga kiritish mexanizmini tashkillashtira oldi. Chegaralarning yopilishi asli to‘g‘ri variant edi. Bu vaqtincha chegaradan hech kimni kiritmay tursak-da, ma'lum muddatgacha kerakli barcha tayyorgarliklarni ko‘rib olsak, degan maqsadda kerak edi. Chegaradan o‘tkazish mexanizmini to‘g‘ri tashkillashtirib olish uchun muddat olish sifatida bu chora to‘g‘ri edi. Endi kerakli tayyorgarlikni ko‘rib olgandirsizlar, o‘zbekistonliklar yurtiga qaytishni istayapti, degan mulohaza o‘rtaga chiqmoqda. Qaytish istagida bo‘lganlardan so‘rovnoma o‘tkazganda ularning hech biri uyim, ishim bor, sog‘ligim joyida, shunchaki uchun qaytishni istayapman, degan mulohazani bildirmayapti. O‘zbekiston chegarasi fuqarolar uchun yopilmaganini ko‘rsatib beradigan hech qanday misolimiz yo‘q. O‘zbekistonga qaytmoqchi bo‘layotganlarning 99 foizi mamlakat fuqarosi ekanligini va ular chegaradan o‘ta olmayotganini hisobga olsak, chegaralar yopiq degan fikrga kelish mumkin.

30 mln aholini o‘ylagan holda, 2 mln uchun javob bermaymiz degan mulohazaga kelsak. O‘zbekistondagi karantin choralari tahlil qilinsa, ularning qanchalik to‘g‘ri tashkil etilgani savol ostiga olinadi. Aslida, kasal bo‘lganlarni ham, sog‘lomlarni ham yoppasiga bir reys bilan karantinga olib kirish davlat uchun yuk edi. Hammani karantinga olib, davlat o‘zini qiyin ahvolga qo‘yyapti. Kasallar karantinga olinib, qolganlari o‘z uylarida nazoratga olinsa, to‘g‘riroq bo‘lardi. Boshqa davlatlarda karantin shu yo‘nalishda tashkil etilgan – olib kelingan fuqarolar holatidan kelib chiqqan holda karantinga olinadi. Shifoxonada yotdi nima, uyida yotdi nima – karantinda bir xil munosabat bo‘ladi. Koronavirusning o‘z dorisi bo‘lmagani uchun faqatgina og‘ir holatda shifoxonadagilar yordam berishi mumkin.

Samolyotlar, ekipaj masalasi aytildi. Kasallar soni bo‘yicha ikkinchi o‘rinda bo‘lgan Rossiyada ichki reyslar yo‘lga qo‘yildi. Rossiya o‘z hududida qatnovlarni tashkil eta olgan bo‘lsa, demak, O‘zbekistonga ham qatnovlarni tashkil etsa bo‘ladi. Rossiyaning xususiy va davlat samolyotlari yo‘lovchilarga himoya vositalarini taqdim etsa, kerakli choralarni ko‘rsa, xalqaro reysga ham moslasha oladi. Bilishim bo‘yicha, 1 iyundan boshlab, O‘zbekistonning o‘z aviakompaniyasidan boshqa xususiy aviakompaniyalar chipta sotishni boshlagandi.

Botirjon Shermuhammad: – Chetdan olib kelingan fuqarolarning kasali borlarini shifoxonaga, kasali yo‘qlarni uyiga yuborsa bo‘ladi, degan fikr bo‘ldi. Muammo shundaki, kimning kasal bo‘lgan-bo‘lmaganini aniqlashning imkoni yo‘q. Olib kelingan 100 nafar fuqaroni tekshirganda 1 nafarida virus chiqdi, qolganlarida chiqmadi, deylik. Ularda chiqmadi degani, ular kasal bo‘lmagan degani emas-da. Nega 14 kunlik karantin? Chunki shuncha paytda kasallikning alomatlari namoyon bo‘ladi. Uyiga qo‘yib yuborsa bo‘ladi, deyapsiz. Shifoxona va uyning bitta katta farqi bor – uyda o‘z oila a'zolariga yuqtirish xavfi bor. Moskvada ham yuqtirganlarning 50 foizi hech qanday alomatsiz virus tashuvchisi bo‘lishi mumkinligi aytilyapti. Uyiga qo‘yib yuborsak, zanjir bo‘lib boshqalarga tarqab ketish ehtimoli bor-ku, buning mas'uliyatini kim o‘z bo‘yniga oladi?

Samolyotlar bo‘yicha. Rossiyada bo‘layotgan narsa bu – ichki reyslar. Ichki reyslar O‘zbekistonda ham tartib bilan yo‘lga qo‘yildi. Ammo gap chetdan keladigan reys haqida ketyapti. Ichki reysda uchayotganlar chetda bo‘lmagan odamlar. Rossiyada hozir bemorlar 370 mingta, dunyoda uchinchi o‘rinda. O‘zbekistonda 3550 nafar. 370 ming nafar kasal bo‘lgan joydan kelgan odamni karantinga olmaslik qanchalik to‘g‘ri bo‘ladi, degan savol bor.

Zarnigor Omonillayeva: –  Hamma muammo ham shunda-da. Uchib kelayotganlar orasida sog‘lomlar ham, kasallar ham bir joyga karantinga olinyapti. Uchib kelgan vaqtida yuqtirmagan odam ham 14 kunlik karantin davrida yoki karantindan chiqib ketish davrida ham yuqtirib olishi mumkin.

Koronavirus Xitoydan boshqa barcha mamlakatlarda chet eldan kelganlar orqali tarqalgan, faqatgina O‘zbekistonda emas. Shuning uchun kasallik chetdan kirib keladi deyishning o‘zi noto‘g‘ri.

Botirjon Shermuhammad: – Bunga qarshi emasmiz, haqiqatan ham chetdan kirib kelyapti-ku.

Zarnigor Omonillayeva:–Qarshi bo‘lishning birinchi belgisi O‘zbekistonning fuqarolari O‘zbekistonga yeta olmayotganida.

Botirjon Shermuhammad: – Biz O‘zbekiston fuqarolarining vatanga qaytishiga qarshi emasmiz, muammo ularni qanday olib kelishda. Hamyurtlarimiz qaytishini istaymiz, o‘zimiz ham bora olmay turibmiz. Shaxsan men ham yozda uyga borishim kerak, sentyabrda yana qaytishim kerak. 3 nafar farzandimning hayotini xavf ostiga qo‘yib aeroportga borib, odamlar bilan navbatda turib, 4 soat davomida samolyotda uchib, 14 kun davomida karantinda turishni to‘g‘ri deb o‘ylamayman. Aeroportda ham, samolyotda parvoz vaqtida ham, karantin davrida ham yuqishi mumkin. Rossiya keyinchalik chet el fuqarolarini qayta kirgizadimi-yo‘qmi degan savol ham bor. Muammo shunda. Ketmoqchi bo‘lganlar shuni ham hisobga olishmayapti.

Birinchi navbatda, hammamizga yaqinlarimizning salomatligi aziz. Siz o‘z farzandingiz bilan charter reysda uchib ketishga rozimisiz? Muammo shunda.

Zarnigor Omonillayeva: –  Rozi bo‘lardim. Pandemiyaning boshqa ofatlardan farqli tomoni shundaki, unda moliyaviy ahvoli yomon bo‘lganlar eng ko‘p zarar ko‘radi. Boshqa ofatlarda hamma teng zarar ko‘radi. Rossiyadagi sharoit O‘zbekistondagidan ko‘ra qanchalik yaxshi bo‘lmasin, mehnat muhojirlarining bu yerdagi ahvoli o‘z vatanidagidan ko‘ra yomon. Rossiyadagi umumiy sharoit mehnat muhojirlarining hayotida aks etmaydi. Yashash joyidan boshlab, ishsizligi, sog‘ligi, oziq-ovqati haqida qayg‘urmayotganiga birinchi sabab moddiy yetishmovchilik hisoblanadi. Rossiyaning o‘z fuqarolari uchun sharoit qanchalik yaxshi bo‘lmasin, bu muhojirlar uchun hech qanday ta'sir ko‘rsatmaydi.

Ilyos Safarov: – O‘z vaqtida qo‘llanilgan karantin cheklovlari foyda berishini ko‘ryapmiz. Chegaralarni yana ochadigan bo‘lsak, ikkinchi to‘lqinga O‘zbekiston qanchalik tayyor? O‘zimizdagi ichki kasallanish holatlarini yengib bo‘lib va boshqa davlatlarda ham ahvol yengillashgandan keyin chegarani bosqichma-bosqich ochgan har tomonlama qulayroq emasmi?

Botirjon Shermuhammad: –Charter reyslari tashkil qilinayotganining o‘zi ham chegaralarning bosqichma-bosqich ochilishiga sabab bo‘lishi mumkin-da. Imkoniyatdan kelib chiqib, olib ketib fuqarolarni, karantin zonasiga joylashtirmoqda. Qancha odamni olib kelishga imkoniyati bo‘lsa, shundan kelib chiqish kerak. Birinchi navbatda, og‘ir kasallar, homiladorlar, keksalar olib ketilishi kerak. Rossiya va O‘zbekistondagi amaldorlar ham, ketmoqchi bo‘layotganlarning o‘zi ham bir narsani inobatga olishmayapti – biz juda ham ko‘pmiz. 100 ming odamni olib ketgan taqdirda ham 1 mln 900 ming, 2 mln nafardan ortiq odam qoladi. Ularning orasida ham ketishi muhim bo‘lganlar bor. Charter reyslar muammoning yechimi emas. Chegarani to‘liq ochmaguncha baribir og‘ir ahvoldagilar qolaveradi. Uzluksiz reyslar yo‘lga qo‘yilgan taqdirda ham, barcha fuqarolarni olib ketish uchun bir necha oy davomida tashish kerak bo‘ladi. 10 ming odamni olib ketish uchungina 40ta reys kerak. Ro‘yxatga yozilgan 70 ming nafar odamni olib ketish uchun nechta reys kerak va ular qachon tashkil qilinadi?

Zarnigor Omonillayeva: – Chegaralarning yopiqligi kasallar sonining vaqtincha kam bo‘lib turishi statistikasiga ta'sir qiladi xolos. Chegaralarni bir umr yopib o‘tirishning iloji yo‘q. Kun kelib chegaralar baribir ochiladi va xuddi shu kasallar baribir kirib keladi.

Ilyos Safarov: – Rossiya ham qarab turgani yo‘q-ku. U yerda ham bepul davolanish imkoniyati qilingan. Tibbiyoti ham bizdagiga nisbatan yaxshiroq rivojlangan.

Zarnigor Omonillayeva: – Hamma muammo shundaki, davolanish istagida bo‘lganlar haqiqatda davolanishi kerak bo‘lganlardan bir necha baravar kam. Davolanishi kerak bo‘lgan, lekin davolanmayotganlar juda ham ko‘p. Davolanishi kerak bo‘lgan o‘zbekistonliklar davolanish uchun O‘zbekistonni tanlayapti, Rossiyani emas. Rossiyadan qo‘rqqani uchun, meni qamaydi, deport qiladi degan stereotiplar muhojirlarning ruhiy holatiga ta'sir qilyapti.

Ilyos Safarov: – Kasallar bepul davolanadi, deportatsiya qilinmaydi, hech kim quvib chiqarilmaydi deb e'lon qilinyapti-ku.

Zarnigor Omonillayeva: – Rossiya shifoxonalarida davolash uchun olib ketilayotgan mehnat muhojirlari og‘ir ahvoldagilar. Agar ahvoli og‘ir bo‘lmasa, o‘zi yashab turgan joyda karantinga olinadi. Mehnat muhojiri yashab turgan joyiga pul to‘lay olmasa, oziq-ovqati bo‘lmasa, qaysi hisobdan uyda karantinda bo‘lib davolanishi kerak? Bundan avval Botirjon aka hammani karantinga olish imkonimiz bormi, degan savolni berdi. Hamma muammo shunda-da. Hozirgi pozitsiyamiz – imkonimiz bormi-yo‘qmi, yo‘q. Shuning uchun chegarani yopib o‘tiraveramiz degan nuqtada bo‘lib turibdi. Aslida esa imkonimiz bo‘lishi uchun nima qilishimiz kerak degan pozitsiyaga o‘tishimiz kerak.

Botirjon Shermuhammad: – Bu kasallar qachondir qaytadi, deyilyapti. Bu kasallik surunkali emas. Virus aniqlangandan keyin 14-21 kunda davolanib chiqishyapti. Nima uchun vaqt jihatdan bo‘lib kiritish yo‘lga qo‘yildi? Qancha kasalni qabul qila olamiz? Bu vaziyatni nazoratda ushlab turish. Deylik, chegarani ochib yubordik. Qaysi rahbar mas'uliyatni o‘z bo‘yniga oladi? Bizni hukumat komissiyasiga a'zo qilib tayinlashsa, shu mas'uliyatni bo‘ynimizga olamizmi-yo‘qmi? Muammo moddiy qiyinchilikda ekanligi tushunarli. Hamma gap muammoning yechimi qanday bo‘lishida. Moddiy qiyinchilik bo‘lgani bilan, odam birinchi galda sog‘ bo‘lishi kerak. Nafas ololmay vafot etsa, unga hech qanday moddiy boylik ham kerak bo‘lmay qoladi. Favqulodda vaziyatning naqadar jiddiyligini his qilishimiz kerak. Avvalgi hayotimizdagi qulayliklardan voz kechishimiz kerak. Hozirgi vaziyatdan kelib chiqqan holda ish tutish kerak. Biz duch kelayotgan muammolar ba'zi joylarda yashayotganlar uchun muammo emas. Davlatning birinchi maqsadi sog‘liqni saqlash. Sog‘liqni saqlash tizimini qaysi davlat yaxshiroq amalga oshiryapti, bilmayman, lekin yuqumli kasallikning keng tarqab ketmasligi haqida birinchi navbatda o‘ylash kerak. Qurbonlar bo‘lsa, kimning yaxshi-yomon yashagani ko‘zga ko‘rinmaydi. Sog‘liq uchun har qanday huquqdan, yengillikdan, moddiy imkoniyatlardan voz kechish mumkin. O‘zbekistonda kasallik darajasi nolga tushsagina boshqa davlatlar O‘zbekistonga o‘z chegarasini ochishi mumkin. Nega? Chunki u yerda kasal yo‘q. Rossiyadan kasal chiqib tursa-yu, u yerdan odamlarni olib keltirsak?! Menimcha, hech bir epidemiolog bunga yo‘l qo‘ymaydi.

Ko‘pchilik chegaraga borib, elchixonaning oldiga borib to‘polon qilyapti. Lekin sog‘ odamlarning qanchasi shifokorlarga o‘z yordamini bermoqchi? Qaysi birimiz borib yordam berdik? Tibbiy xodimlar yetishmayapti, tez yordam kechikyapti. Lekin juda ham kam odam o‘z hayotini xavfga qo‘yib borib yordam berishga tayyor. Bu yerda yurganlar moddiy-ma'naviy jihatdan bir-birimizga yordam qilishimiz kerak. Tibbiyot tizimiga ham qo‘ldan kelgancha yordam qilish kerak. Tojikiston yashil hudud edi, e'tibor bermadi, Navro‘z nishonlandi, masjidlar ochib berildi. Bugun esa kasallanish soni bo‘yicha O‘zbekistondan o‘tib ketdi. O‘lim soni bo‘yicha O‘rta Osiyoda birinchi o‘ringa chiqib olgan. Gap odamlarning hayoti haqida ketyapti, qiyinchiliklar haqida emas. Men davlatning o‘rnida bo‘lganimda, favqulodda holat e'lon qilib, harbiylarni ko‘chaga chiqarib, juda ham qattiq ushlagan bo‘lardim. Chunki shu talab qilinayotgan vaziyat.

Zarnigor Omonillayeva: – Insonlarning tanlovini cheklab bo‘lmaydi. Odamlar O‘zbekistonda davolanish niyatida bo‘lsa, qaytish istagidan voz kechmayotgan bo‘lsa, ularni chegaradan kuch bilan qaytarish emas, vatanga qaytishlarini ta'minlash, qaytganlaridan keyin kuzatilishi mumkin bo‘lgan zararni minimumga tushirish bo‘yicha choralar haqida o‘ylash kerak. 

Ilyos Safarov: – Fikrlar uchun sizlarga katta rahmat. O‘zbekiston hukumati eng to‘g‘ri yo‘lni tanlashiga va bu yo‘l fuqarolar uchun manfaatli bo‘lishiga ishonamiz.

Mavzuga oid