O‘zbekiston | 14:15 / 02.06.2020
3731
2 daqiqa o‘qiladi

Milliy komissiya: 2019 yilda odam savdosiga oid jinoyatlar 22 foizga kamaygan

Foto: TASS

2019 yilda odam savdosi bilan bog‘liq 94 ta jinoyat qayd etilib, bu ko‘rsatkich 2018 yilga nisbatan 22 foizga kamaydi. Sodir etilgan jinoyatlar bo‘yicha 137 nafar uyushgan jinoiy guruh a'zosi jinoiy javobgarlikka tortilgan. Bu haqda Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi axborotida ma'lum qilindi.

Majburiy mehnatning oldini olish maqsadida 2 779 ta tashkilot, korxona, muassasalar o‘rganilib, majburiy mehnatga yo‘l qo‘ygan 259 nafar hamda ish haqini o‘z vaqtida bermagan va mehnat sharoitlari yaratmagan 56 nafar mansabdor shaxsga qonunchilikda belgilangan tartibda ma'muriy jarimalar qo‘llanilgan.

Respublika reabilitatsiya markazida jami 220 nafar odam savdosi jabrdiydalariga tibbiy, psixologik va huquqiy xizmat ko‘rsatilib, ularning 113 nafari ishga joylashtirildi. Odam savdosi jabrdiydasi bo‘lgan 40 nafar shaxsga zarur konsullik-huquqiy yordami berilib, ularning O‘zbekistonga qaytishiga amaliy yordam ko‘rsatildi. 3 938 nafar fuqaro chet elda ish bilan ta'minlandi, 235 135 nafariga maslahat xizmati va huquqiy yordam ko‘rsatildi. Mehnat migrantlarining jami 529 874 AQSh dollari miqdoridagi ish haqi undirib berildi. 

Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlikda 2019 yilda paxta yig‘im-terimi mavsumida bolalar mehnati va majburiy mehnatdan foydalanish yuzasidan uchinchi tomon monitoringi, Kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan milliy monitoring o‘tkazildi. Monitoring natijasiga ko‘ra, O‘zbekistonda paxtachilikda tizimli ravishda bolalar va majburiy mehnatdan foydalanishga barham berilganligi ma'lum bo‘ldi.

Mavzuga oid