Jamiyat | 14:20
2212
2 daqiqa o‘qiladi

Instagram orqali aldangan qizlar: Buxoroda jinoiy guruh qo‘lga olindi

Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi, prokuratura hamda Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari hamkorligida Buxoro shahridagi tungi klublardan birida tezkor tadbir o‘tkazildi. Natijada odam savdosi, shuningdek ayol-qizlarni majburiy mehnat va fohishalikka jalb qilish bilan shug‘ullangan jinoiy guruh faoliyati fosh etildi.

Foto: Videodan kadr

Ma’lum bo‘lishicha, tungi klub rahbari — muqaddam bezorilik jinoyati bilan sudlangan shaxs Instagram ijtimoiy tarmog‘i orqali respublikaning turli hududlaridan ishsiz va ijtimoiy himoyaga muhtoj ayol-qizlarni tanlab olgan. Ularga yuqori maosh va raqqosalik faoliyatini va’da qilib, Buxoro shahriga olib kelgan.

Keyinchalik ularning erkinligi cheklangani, ruhiy va jismoniy tazyiq hamda tahdidlar orqali tungi klub mijozlari bilan jinsiy aloqa qilishga majbur qilingani qayd etilgan. Jabrlanuvchilar ishlab topgan mablag‘lar esa klub rahbari tomonidan majburiy ravishda tortib olingan. Ayrim holatlarda tan jarohati yetkazilgani ham ma’lum qilingan.

Tezkor tadbir davomida tungi klubda faoliyat olib borgan jami 23 nafar ayol-qiz Buxoro shahar ichki ishlar organlariga olib borildi.

Hozirda tungi klub rahbariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 135-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, unga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan. Klub ishini yurituvchilar hamda ushbu noqonuniy faoliyatga aloqador boshqa shaxslarga nisbatan esa tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.

Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi fuqarolarni ijtimoiy tarmoqlardagi “yengil ish” va “baland maosh” kabi jozibali e’lonlarga ishonib qolmaslikka chaqirib, bunday takliflar ortida odam savdosiga qurbon bo‘lib qolish xavfi bo‘lishi mumkinligini eslatdi. Shuningdek, yoshlarning ijtimoiy tarmoqlarda kimlar bilan muloqot qilayotgani ustidan qat’iy nazorat olib borish tavsiya etildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid