Jahon | 22:20 / 03.02.2026
1457
8 daqiqa o‘qiladi

“AQSh elitasiga ham ichki, ham tashqi ishonchsizlik ortyapti” - tahlilchilar Epshteyn ishi haqida

Jyeffri Epshteyn ishi bugun AQSh siyosatida eng keskin bahslarga sabab bo‘lmoqda. E’lon qilinayotgan fayllar moliyaviy va siyosiy elita vakillari o‘rtasidagi yopiq aloqalarni ochib beryapti. Natijada ham Amerika jamiyati, ham dunyo miqyosida AQSh elitasining obro‘yi to‘kilib boryapti.

Bu haqda Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturida siyosiy tahlilchilar Kamoliddin Rabbimov va Islomxon Gaffarov so‘z yuritdi.

Kamoliddin Rabbimov: Jeffri Epshteyn – bugun AQSh ichki siyosiy maydonida eng katta rezonans uyg‘otgan masalalardan biriga aylangan. Amerika jamiyatida asosiy savol shundan iborat: Epshteyn fayllarida kimlarning ismi tilga olingan, ular qaysi epizodlar sabab qayd etilgan va bu shaxslarning jinoyatlarga aloqadorlik darajasi qanday?

Qisqacha aytganda, Jyeffri Epshteyn universitetni endigina bitirgan paytidayoq moliya tizimiga kirib kelgan. U aslida moliya sohasida tahsil olmagan, balki matematika o‘qituvchisi bo‘lgan. Ma’lum vaqt xususiy maktablarda boy va nufuzli oilalarning farzandlariga repetitorlik qilgan. Aynan shu jarayonda u o‘quvchilarning ota-onalari bilan yaqin aloqalar o‘rnatib, moliyaviy muhitga kirib borishga muvaffaq bo‘lgan. Uning matematik salohiyati va intellektual qobiliyati yuqori bo‘lgani aytiladi. Vaqt o‘tishi bilan Epshteyn moliyaviy sxemalarini kengaytirib, katta mablag‘lar bilan ishlay boshlaydi va asta-sekin AQSh siyosiy elitasiga yaqinlashadi. Bu jarayon oxir-oqibat uni yuqori darajadagi siyosiy va moliyaviy doiralar bilan chambarchas bog‘lab qo‘yadi.

Keyinchalik u AQShning Virjiniya orollaridan kichik xususiy orolni sotib oladi. Bu orol Epshteyn faoliyatida alohida o‘rin tutadi. Bu yerda aeroport bo‘lmagan, orolga asosan vertolyot yoki kichik samolyotlar orqali yetib borilgan. Orol yopiq hudud bo‘lgani sababli, ommaviy axborot vositalari u yerda nimalar sodir bo‘layotganini kuzata olmagan.

Tropik hududda joylashgan bu maskanda AQSh va G‘arb elitasining vakillari uchun yopiq, norasmiy tadbirlar o‘tkazilgani aytiladi. Epshteyn aynan shu yo‘l orqali ishonch qozonib, o‘z biznes manfaatlarini ilgari surgan. OAV va tergov materiallarida faqat AQSh emas, balki Yevropa elitasiga mansub ayrim shaxslarning ham bu orol bilan aloqadorligi tilga olinadi. Jumladan, Buyuk Britaniya qirollik oilasi a’zosi, hozirgi qirol Charls IIIning ukasi shahzoda Endryu bilan bog‘liq mojaro keng muhokama qilingan. Bu aloqalar fosh bo‘lgach, u barcha qirollik unvonlari va imtiyozlaridan mahrum etilgan.

Epshteyn 2019 yilda qamoqda, o‘z joniga qasd qilib vafot etgani haqida rasmiy ma’lumot berilgan. Lekin uning o‘limi, jasadi qayerga qo‘yilgani va voqea tafsilotlari bo‘yicha ochiq va aniq javoblar yo‘qligi – fitna nazariyalarining kuchayishiga sabab bo‘ldi.

Epshteyn tirikligida unga nisbatan bir necha jinoyat ishlari ochilgan, ayrim holatlarda u aybdor deb topilgan. Tergov jarayonida AQSh Federal Qidiruv Byurosi juda katta hajmdagi hujjatlar va materiallarni jamlagan. Ushbu “Epshteyn fayllari”ni oshkor qilish talabi yillar davomida siyosiy bahs mavzusi bo‘lib kelgan. Hokimiyatda qaysi partiya bo‘lishidan qat’i nazar, qarama-qarshi siyosiy kuchlar bu hujjatlarning ochiqlanishini talab qilib kelgan. Oxir-oqibat AQSh Kongressi bu fayllarini to‘liq e’lon qilish haqida qaror chiqardi va aniq muddat belgiladi. Hujjatlar dastlab dekabr oxiri yoki yanvar boshida e’lon qilinishi kerak edi, biroq jarayon taxminan bir oyga kechikdi.

Islomxon Gaffarov: So‘nggi kunlarda bu voqea katta shov-shuvga sabab bo‘ldi. Biroq masalaga kengroq nuqtayi nazardan qaralsa, Epshteyn bilan bog‘liq mojaro kecha yoki bugun paydo bo‘lgan hodisa emas. Bu masala 1990 yillardan buyon vaqti-vaqti bilan ko‘tarilib kelmoqda. Xususan, 1996 yilda birinchi jiddiy shikoyatlar paydo bo‘lgan, ota-onalar tomonidan huquq-tartibot organlariga murojaatlar yo‘llangan. Keyinchalik 2005 yilda Palm Beach bilan bog‘liq voqealar yana kun tartibiga chiqqan. 2019 yilda Epshteynning qamoqda vafot etishi masalani yanada keskinlashtirdi. Endilikda esa, 2025 yil oxiri va 2026 yil boshiga kelib, ushbu mojaro o‘zining eng yuqori nuqtasiga yetdi.

Bu holat Amerika jamiyatida ildiz otib kelayotgan muammolarni yuzaga chiqardi. Ya’ni gap birdaniga paydo bo‘lgan bitta hodisa haqida emas, balki yillar davomida shakllangan tizimli muammo haqida ketmoqda. Bugungi kunda AQShda keng jamoatchilik orasida norozilik kayfiyati kuchayib bormoqda. Eng asosiy sabab – siyosiy elitaga bo‘lgan ishonchning keskin pasayishidir.

Qo‘shma Shtatlar o‘zini dunyoga kuchli fuqarolik jamiyati va qonun ustuvorligi mavjud bo‘lgan davlat sifatida namoyon qilib keladi. Ammo amalda paradoksal holat yuzaga chiqmoqda: qonun va majburiyatlar asosan oddiy fuqarolar, o‘rta va quyi qatlam uchun ishlayotgandek, siyosiy va moliyaviy elita esa deyarli javobgarliksiz harakat qilayotgandek taassurot uyg‘otmoqda. Aynan mana shu tengsizlik hissi jamiyatda kuchli rezonans keltirib chiqarmoqda.

Mazkur mojaro siyosiy partiyalar muvozanatiga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda. An’anaviy ravishda jinsiy va axloqiy mojarolar demokratlar partiyasi bilan bog‘lab kelinardi. Bugungi vaziyatda esa tarixiy paradoks yuzaga kelmoqda, endi demokratlar respublikachilarga qarshi xuddi shunday siyosiy qurolga ega bo‘lib qolmoqda. Chunki hozir davlat tepasida turgan shaxs Donald Tramp avvalgi prezidentlardan kam bo‘lmagan darajada bahsli va mojaroli figuraga aylangan. Epshteyn ishi demokratlar uchun qulay siyosiy imkoniyat yaratmoqda.

Bu, ayniqsa, yil oxirida bo‘lib o‘tadigan Kongress va Senat saylovlari fonida muhim ahamiyat kasb etadi. Jamoatchilik orasida shunday qarash shakllanmoqdaki, Epshteyn bilan bog‘liq jarayonlar respublikachilar tomonidan yopilgan yoki kamida ularga ko‘z yumilgan. Agar ushbu kayfiyat saqlanib qolsa, demokratlar Senat va Vakillar palatasida yana ustunlikka erishishi ehtimoli yuqori. Hozirgi vaqtda AQShda qonunchilik hokimiyati, ijro mexanizmi va Oliy sud ustidan respublikachilar sezilarli nazoratga ega. Bu holat Donald Trampga ichki va tashqi siyosatda keng manyovr imkoniyatini bermoqda. Epshteyn ishi esa ushbu muvozanatni izdan chiqarishi, siyosiy vaziyatni keskin o‘zgartirishi mumkin.

Bundan tashqari, mojaro AQShning xalqaro maydondagi imijiga ham jiddiy zarba bermoqda. Qo‘shma Shtatlar yillar davomida inson huquqlari, demokratiya va liberal qadriyatlarni himoya qilish bahonasida boshqa davlatlarga bosim o‘tkazib kelgan. Iroq, Afg‘oniston va Yaqin Sharqdagi aralashuvlar ham aynan shu tamoyillar bilan izohlangan. Bu qadriyatlarni targ‘ib qilayotgan davlat elitasining o‘zi shunday jiddiy jinoyat va axloqiy mojarolarga aralashib qolayotgani – AQShning davlatchiligi va tashqi siyosiy obro‘siga putur yetkazmoqda.

Bu holat AQShga qarshi bo‘lgan yoki avtoritar boshqaruvga ega davlatlar uchun qo‘shimcha dalil vazifasini bajarmoqda. “Agar Amerikaning o‘zi shunday bo‘lsa, undan nimani o‘rganish mumkin?” degan savollar xalqaro maydonda tobora ko‘proq yangray boshladi.

Нормуҳаммадали Абдураҳмонов
Muallif Нормуҳаммадали Абдураҳмонов

Mavzuga oid