O‘zbekiston | 00:04 / 02.06.2020
12942
7 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonni chet ellik turistlarga asta-sekinlik bilan ochish imkoniyatlari o‘rganilmoqda

1 iyun kuni O‘zbekiston turizm qo‘mitasi tashabbusi bilan “Tiklanish sari yo‘l” mavzusida xalqaro onlayn-konferensiya bo‘lib o‘tdi. Unda bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov nutq so‘zladi.

“Hurmatli Bosh kotib! Hurmatli hamkasblar va konferensiya ishtirokchilari!

O‘zbekiston Respublikasi Hukumati nomidan Butunjahon turizm tashkiloti, shaxsan Bosh kotib janob Zurab Pololikashviliga bugungi, bizning fikrimizcha, o‘ta muhim va o‘z vaqtida tashkil etilgan anjumanni o‘tkazishda ko‘rsatgan tashabbusingiz uchun minnatdorchilik bildirmoqchiman.

Shuningdek, konferensiyada qatnashayotgan har bir ishtirokchini qutlab, minnatdorchilik bildiraman.

So‘nggi oylarda dunyo hamjamiyati COVID-19 pandemiyasi tufayli yuzaga kelgan misli ko‘rilmagan ijtimoiy-iqtisodiy qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Dahshatli vabo, ayniqsa, mamlakatlarimiz milliy iqtisodining muhim tarmog‘i bo‘lmish turizm sektoriga katta talafot yetkazdi.

Turizm va unga yaqin sohalardagi millionlab ish o‘rinlari bo‘shab qoldi. Kichik va o‘rta biznes ulkan moliyaviy qiyinchiliklar girdobida qoldi. Shu boisdan bugungi xalqaro anjuman kun tartibiga kiritilgan masalalar mintaqamiz va barchamiz uchun favqulodda muhim sanaladi.

Foto: O‘zbekiston turizm qo‘mitasi

O‘zbekiston rahbariyati turistik faoliyat bilan shug‘ullanuvchi sub'yektlarni qo‘llab-quvvatlash yo‘lida keng ko‘lamli va maqsadli chora-tadbirlarni qabul qilayapti.

Shuningdek, Butunjahon turizm tashkiloti tavsiyalari, xalqaro ekspertlar fikrlari, xorijiy hamkorlar tajribasi batafsil o‘rganilib, turizm industriyasini qayta tiklashning samarali va maqbul (to‘g‘ri) strategiyasini ishlab chiqish va mamlakatimizni chet ellik mehmonlarga asta-sekinlik bilan ochish imkoniyatlari ko‘rilmoqda.

O‘zbekistonda turizmni rivojlantirishning yangi bosqichi

“Xavfsiz sayohat qiling!” tamoyiliga asoslanadi. Yangi yondashuvning asosiy maqsadi – mamlakatda turizm sohasini qo‘llab-quvvatlash va qayta tiklash, sanitariya-gigiyena standartlarini yaxshilash va turizmni tashkil etishning yangi talablariga moslashishdir.

Bugungi kunda yuzaga kelgan inqirozni yengib o‘tish uchun turizm har doimgidan ko‘ra, hamjihatlik, tezkor choralar va yaqin hamkorlikni talab qiladi. Ishonchimiz komilki, ushbu darajadagi tadbirlar samarali va o‘zaro manfaatli hamkorlikka, quyidagi sohalardagi amaliy yechimlarni topishga yordam beradi:

- turizm sohasini qo‘llab-quvvatlash va mavjud inqirozni yengib o‘tishning eng samarali choralari/usullari bo‘yicha tajriba almashish;

- pandemiyadan keyingi davrda sayyohlar uchun xavfsiz sharoitlarni yaratish;

- mintaqaviy va xalqaro darajada hamkorlikning yangi shakllarini ishlab chiqish va joriy etish.

Shu yilning 28 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Koronavirus pandemiyasining salbiy ta'sirini kamaytirish uchun turizm sohasini qo‘llab-quvvatlash borasidagi shoshilinch chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmonini imzoladi.

Birinchi blok quyidagi chora-tadbirlarni o‘z ichiga oldi:

* daromad solig‘i va mulk solig‘i stavkalarini 50 foizga pasaytirish

(2020 yil 31 dekabrgacha);

* dezinfeksiyalash vositalari va turizm infratuzilmasi uchun kontaksiz uskunalar ga boj imtiyozlari berish;

* ko‘rilgan zararlar miqdorini cheklamagan holda 2020 va 2021 yil yakunlari bo‘yicha o‘tkazish huquqini berish;

* turistik soliqni hisoblash va to‘lashni 2021 yil 1 yanvargacha to‘xtatib turish.

Ikkinchi blok quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

* joylashtirish vositalari qurilishi uchun ilgari berilgan ssudalar bo‘yicha asosiy qarzni uzaytirish (18 oydan 24 oygacha);

* 12 oy muddatga bir martalik maqsadli foizsiz kreditlar berish:

* 2019 yildagi o‘rtacha oylik ish haqi fondining uch baravaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda turoperatorlarga;

* har bir yotoq joy uchun besh baravar miqdorida bazali hisoblash qiymati;

* joylashtirish vositalari qurilishi uchun berilgan kredit bo‘yicha foiz stavkalarini (10 foizgacha) subsidiyalash, yangi sanitariya-gigiyena standartlariga muvofiqlashtirish va aylanma mablag‘larni to‘ldirish.

Uchinchi blok - turizmni qo‘llab-quvvatlash Fondining subsidiyalari va grantlari haqida:

* turizm sohasidagi innovatsion biznes g‘oyalar va “startap” loyihalarini amalga oshirish uchun subsidiyalar ajratish (1,5 mlrd. so‘m miqdorida);

* milliy turoperatorlarga quyidagi imkoniyatlar taqdim etiladi:

* har bir chet ellik sayyoh uchun 15 AQSh dollari miqdorida subsidiya;

* sotib olingan temir yo‘l va aviachiptalar narxining 30 foizini qoplash;

* xizmat ko‘rsatish darajasi va sifatini oshirish uchun mehmonxonalar xarajatlarini qoplash;

* 3 yulduzli mehmonxona - har bir xonaga 5 million so‘m;

* 4 yulduzli mehmonxona - har bir xonaga 10 million so‘m;

* 5 yulduzli mehmonxona - bir xonaga 15 million so‘m.

* ovqatlanishning tematik punktlari, ovqat va suvenir mahsulotlarini yetkazib berish xizmatlari uchun loyiha qiymatining 30% miqdorida grantlar taqdim etiladi;

* yangi turistik mahsulotlar va yo‘nalishlarni ishlab chiqish va ilgari surish bo‘yicha gidlarga - 5 mln. so‘m, turoperatorlarga - 10 mln. so‘m miqdorida grant ajratiladi.

 

Foto: O‘zbekiston turizm qo‘mitasi

Ushbu va boshqa ko‘plab maqsadli qo‘llab-quvvatlash choralari, shuningdek  turizm sohasi faoliyatini qayta tiklash natijasida yil oxiriga qadar 450 million dollarlik turistik xizmatlarini eksport qilish imkoniyati yaratiladi.

Shu bilan birga, COVID-19 pandemiyasi tufayli yuzaga kelgan yangi voqeliklar, turizm va dam olishni tashkil etish, ichki va tashqi turizm uchun xavfsiz muhitni yaratish jarayoniga qo‘yiladigan talablarni hisobga olgan holda, O‘zbekistonda, «Uzbekistan. Safe travel guaranteed» («O‘zbekiston. Xavfsiz sayohat kafolatlangan» loyihasi ishlab chiqildi.

Ushbu loyiha jahon standartlariga asoslangan yangi sanitariya-epidemiologik xavfsizlikning yangi tizimini nazarda tutadi.

Yangi sanitariya-gigiyena talablari asosida turizm obektlarini va tegishli infratuzilmani, turizm xizmatlarini sertifikatlash quyidagilar uchun majburiy hisoblanadi:

* barcha davlat chegara punktlari;

* havo, temir yo‘l va avtovokzallar;

* moddiy madaniy meros obektlari, muzeylar, teatrlar va boshqa madaniy obektlar.

Shu bilan birga, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda turizmning “xavfsiz obektlari reyestrini” shakllantirib, to‘ldirib boradi.

Fursatdan foydalanib, konferensiyaning barcha ishtirokchilariga samarali ish, pandemiya ustidan tezkor umumiy g‘alaba, shuningdek, mustahkam sog‘lik va farovonlik tilayman.

E'tiboringiz uchun rahmat!”.

Mavzuga oid