Jamiyat | 18:18 / 03.06.2020
4763
3 daqiqa o‘qiladi

Sirdaryoda suv toshqinidan jabrlangan hududlarda elektr ta'minoti tiklandi - «Hududiy elektr tarmoqlari»

Sardobadagi suv toshqini natijasida 12ta aholi punktida elektr uskunalarga talafot yetgan. Ayni paytda bu hududlar barqaror elektr energiyasi bilan ta'minlandi.

«Hududiy elektr tarmoqlari» AJ axborot xizmati rahbari Faxriddin Nuraliyev Sardobadagi suv toshqini tufayli yuzaga kelgan elektr bilan bog‘liq muammolarni hal qilish uchun amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma'lumot berdi. 

Uning ta'kidlashicha, toshqindan so‘ng Sirdaryoning elektr tokidan uzilib qolgan hududlarida tiklash ishlarini olib borish uchun 60ta avariya ta'mirlash brigadalari tashkil qilinib, 400 nafarga yaqin ishchi-xodim va muhandislar operativ tarzda ish olib bormoqda. 

«Suv toshqini natijasida 12ta aholi punktida elektr uskunalarga talafot yetgan. Ayni paytda 12ta aholi punkti barqaror elektr energiyasi bilan ta'minlandi.

7987ta elektr ta'minoti uzilgan aholi xonadonlarining barchasi elektr energiyasi bilan ta'minlandi. Tumanlar kesimida tahlil qilinsa, Oqoltin tumanining 4ta aholi punktidagi 3597ta, Sardoba tumanining 4ta aholi punktidagi 2248ta, Mirzaobod tumanining 4ta  axoli punktidagi 2142ta xonadonlar barqaror elektr energiyasi bilan ta'minlandi», dedi  u. 

Turar joylar toshqin natijasida zararlangan aholi uchun qurilayotgan ko‘p qavatli uylarni ham elektr energiyasi bilan ta'minlash ishlari olib borilmoqda.

AOKAda o‘tkazilgan brifingda «Hududgazta'minot» AJ axborot xizmati rahbari Mehribon Mametova «Sardoba» suv omboridagi texnogen ofat tufayli yuzaga kelgan gaz ta'minoti uzilishlarini bartaraf etish uchun qilinayotgan ishlar haqida ma'lumot berdi.

«Sardoba va Mirzaobod tumanidagi mahallalarda 66 kilometr gaz quvuri, 47 dona gaz taqsimlash qurilmasi va 7 550 dona maishiy gaz balloniga jiddiy zarar yetgani aniqlandi.

Natijada, 12 060 nafar iste'molchida gaz ta'minoti bilan bog‘liq uzilishlar kuzatildi. Shulardan 6 865ta xonadon  tabiiy gaz va 5195ta xonadon suyultirilgan gaz iste'molchisi bo‘lgan. Ayni paytda yuzaga kelgan talafotlarni bartaraf etish uchun 64 ta avariya-tiklash brigadasi ishlamoqda», deya qayd etdi Mehribon Mametova.

Uning ta'kidlashicha, Sardoba tumanining gaz yetkazib berish vaqtincha to‘xtatilgan qismlarida 1 maydan tabiiy gaz yetkazib berish qayta tiklangan. Ayni paytda 3 208 iste'molchi tabiiy gaz bilan ta'minlangan.

Oqoltin tumanining ham gaz yetkazib berish to‘xtatilgan hududlarida gaz taqsimlash stansiyalari ishga tushirilib, 3 849ta iste'molchining tabiiy gaz ta'minoti tiklab berilgan. Gaz ballonlaridan foydalanuvchi aholi qatlami uchun esa suyultirilgan gaz va gaz ballonlari zaxirasi shakllantirilmoqda.

«Talafot yetgan hududlarlarda quriladigan 5 qavatli 66ta uylar gazlashtiriladi. Har bir xonadonga jami 4,5 ming yangi zamonaviy elektron gaz hisoblagichlar o‘rnatiladi», deya qo‘shimcha qildi Mehribon Mametova.

Mavzuga oid