Jahon | 20:32 / 06.06.2020
7443
2 daqiqa o‘qiladi

Madagaskar ta'lim vaziri 2 mln dollarlik qand sotib olgani uchun iste'foga chiqarildi

Vazir yirik miqdorda qand sotib olish hisobiga boyishni ko‘zlaganlikda ayblangan.

Madagaskar prezidenti Andri Radzuelina mamlakatning milliy ta'lim, texnik va kasb-hunar tayyorgarligi vaziri Ridzasu Dzusu Asisambatra Andriamananeni 2 mln dollarlik qand sotib olgani uchun iste'foga chiqardi. Bu haqda Vanguard gazetasi xabar bermoqda

Aprel o‘rtalarida mamlakat prezidenti mahalliy olimlar shuvoq o‘simligi asosida koronavirusga qarshi “samarali vosita” - Covid-Organics deb nomlangan ichimlik yaratishganini e'lon qilgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu ichimlikni ichgan inson 10 kunda koronavirusdan xalos bo‘ladi.

Hukumat aholiga Covid-Organics tarqatdi. Shu bilan birga, ko‘plab karantin cheklovlari olib tashlandi. Maktablarda mashg‘ulotlar boshlanib, o‘quvchilarga bir kunda ikki mahal ushbu ichimlik berildi.

Ammo Ridzasu Andriamanana Covid-Organics ichimligini judayam achchiq deb topdi va ichimlik ta'mini shirinlashtirishga qaror qildi. 

"Men qandlarni har bir o‘quvchiga uchtadan hisoblab sotib olgandim", - dedi u.

Vazirning maktablar uchun qand sotib olgani hukumat muhokamasiga qo‘yildi. Gazetaning yozishicha, Ridzasu Andriamananu yirik miqdorda qand sotib olish hisobiga boyishni ko‘zlaganlikda ayblangan. Natijada u ishdan bo‘shatildi. Uning o‘ringa oliy ta'lim va ilmiy tadqiqotlar vaziri Elya Beatris Assumaku vazir vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan.

Bugungi kunda Madagaskarda koronavirus yuqtirganlar soni 957 nafarga yetgan, 7 kishi vafot etgan.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid