Jahon | 20:20 / 08.06.2020
6805
2 daqiqa o‘qiladi

Menni Pakyao Filippin prezidenti lavozimi uchun kurashish istagini bildirdi

Filippinlik mashhur bokschi, yarim o‘rta vaznda WBA talqini bo‘yicha amaldagi jahon chempioni Menni Pakyao 2022 yilda Filippin prezidenti lavozimi uchun kurashmoqchi. Bu haqda bokschining sobiq promouteri Bob Arum ma'lum qildi.

Foto: Twitter

“Jangchilardan birinchi prezident Pakyao bo‘ladi. Biz u bilan telefon orqali suhbatlashdik va u menga quyidagilarni aytdi: “Bob, men 2022 yilda prezidentlik uchun kurashishga qaror qildim. Saylovlarda g‘alaba qozonganimda, sen mening inauguratsiyamda bo‘lishingni istayman”, deb ma'lum qilgan Arum Sun nashriga.  

Filippinning amaldagi prezidenti Rodrigo Duterte 2016 yil 30 iyundan beri ushbu lavozimni egallab keladi. Mamlakatda navbatdagi prezidentlik saylovlari 2022 yil 9 mayga belgilangan.

Pakyao 2009 yildan beri siyosatda bo‘lib, dastlab Filippin parlamenti vakillar palatasi a'zosi bo‘lgan, 2016 yilda esa 16 mln ovoz bilan senatorga aylangan. Uning senatdagi vakolatlari 2022 yilda o‘z nihoyasiga yetadi.

Filippinlik 8 ta turli vazn toifasida jahon chempioni bo‘lgan tarixdagi yagona bokschi hisoblanadi. U 2019 yil 20 iyulda o‘tgan o‘zining so‘nggi jangida amerikalik Kit Turmanni mag‘lub etgan. Umuman olganda, filippinlik superbokschining hisobida 62 ta g‘alaba, 7 ta mag‘lubiyat va 2 ta durang natija bor.

Mavzuga oid