Jahon | 11:11 / 09.06.2020
16003
5 daqiqa o‘qiladi

Ekologiya muammolari va pandemiya: ijobiy ta'sir vaqtinchalik xolos

Pandemiya boshlanishi shaharlarda havo ifloslanishi kamayishi va musaffo osmondan darak berganday bo‘ldi. Hayvonlar jamoat joylariga juda yaqin keldi, qushlar ovozi eshitila boshladi va bizga tabiat ifloslanishi qisqarayotgandek tuyuldi. Ammo Jahon iqtisodi forumi saytidagi maqolada aytilishicha, bularning hammasi – juda arzimas va vaqtinchalik o‘zgarishlardan iborat.

Foto: Tomohiro Ohsumi/AFP/Getty Images

Koronavirus pandemiyasi, afsuski, iqlim muammolarini hal qilishga yordam bera olmaydi. Dunyoni harakatdan to‘xtatib qo‘ygan pandemiya iqlim muammolarini hal qilish uchun iqtisod va turmush tarzimizda qilinishi kerak bo‘lgan o‘zgarishlarni anglay olishimiz uchun vaziyatga faqat bir lahza nigoh solishimizga yordam berdi.

Oniy o‘zgarishlar yaqqol kuzatilayotgani shubhasiz. Masalan, Sharqiy Angliya va Stenford universiteti olimlari tomonidan olib borilgan yangi «Iqlim o‘zgarishlari» tahlillari global miqyosda kunlik karbonat angidrid ajralib chiqish miqdori 2020 yilning aprel oyida o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 17 foizga kamroq bo‘lganini ko‘rsatdi.

Xuddi shuningdek, Xalqaro Energetika Agentligi ma'lumotlariga ko‘ra, 2020 yilning birinchi 3 oyida issiqxona gazlarining asosini tashkil qiluvchi karbonat angidrid emissiyasi foizi o‘tgan yilgiga nisbatan 5 baravar kam bo‘lgan.

Biroq qisqa va uzoq muddatli ko‘rsatkichlar bir-biridan farq qiladi. Bir necha oygina samolyotda uchishdan, mashina minishdan tiyilib turish iqlim bilan kurashda uzoq muddatli natijalarga erishishga yordam bera olmaydi.

Iqlim o‘zgarishi atmosferada issiqxona gazlari konsentratsiyasi oshishiga sabab bo‘ladi. Karantin cheklovlari tufayli ko‘plab hududlarda havo ifloslanishi ko‘rsatkichi pasaygani ko‘rindi. Biroq bu atmosferada hanuz oshib borayotgan issiqxona gazlari konsentratsiyasini qisqartirish uchun yordam bera olmaydi. Chunki gaz molekulalari atmosferada juda uzoq muddat turib qoladi, masalan, metan 12 yil, karbonat angidrid esa 200 yilgacha saqlanib qoladi.

Iqlim o‘zgarishlari tadqiqotida agar 2020 yil oxirigacha karantin cheklovlari saqlab qolinadigan bo‘lsa, yillik emissiya ko‘rsatkichi 7,5 foizgacha qisqarishi mumkinligi taxmin qilinmoqda.

Agar bu qisqarish doim shu taxlitda saqlanib qoladigan bo‘lsa, iqlim uchun juda katta yangilik bo‘lar edi.

Parij kelishuvining iqlim isishini har yili 1,5 gradusdan oshirmaslik shartini bajarish uchun ham global karbonat angidrid emissiyasining yillik qisqarishi 2020-2030 yillar oralig‘ida 7,6 foizgacha bo‘lishi kerak.

Biroq bu yilgi emissiya qisqarishi ko‘rsatkichi uzoq davom etmaydi. Karantin tugab, odamlar ishga qayta boshlagach, emissiya ko‘rsatkichi ham o‘sadi. Bu kabi holat oldingi inqirozlardan keyin ham, jumladan, 2008 yilgi inqirozdan so‘ng ham kuzatilgan.

Tabiatga oid yana bir muammo o‘rmonlarda sodir bo‘lmoqda. BMT rasmiysi bergan ma'lumotga ko‘ra, ayni paytda o‘rmonlar pandemiya tufayli qisqarib ketish xavfi ostida turibdi.

Millionlab kambag‘al odamlar shahardagi ishidan ayrilib, qishloqqa – uylariga qaytishgan. «Ular uchun asosiy xavfsizlik suv, yer va o‘rmonlar bilan bog‘liq bo‘lmoqda», – deydi BMTning FAO tashkiloti o‘rmon xo‘jaligi boshqarmasi direktori Mette Uilki.

Uning ma'lum qilishicha, hozirgi vaziyat daraxtlarning o‘tin sifatida ovqat tayyorlash uchun ishlatilish ehtimolini oshirib yubormoqda. Chunki dunyodagi har uchinchi odam hamon o‘tin olovida ovqat pishiradi.

Shuning uchun FAO va BMTning Atrof-muhitni himoya qilish dasturi dunyo o‘rmonlarining 2020 yilgi holati bo‘yicha ayrim e'tiborli jihatlarni ma'lum qildi.

– O‘rmonlar inson ehtiyojlarini qondirish uchun zaruriy vositalarni yetkazib beradi. Chuchuk suvning to‘rtdan uch qismi o‘rmonlarda ishlab chiqariladi. Global oziq-ovqatning 35 foizi esa o‘rmon changlatuvchilarining yordami bilan yetishtiriladi;

– Dunyo bo‘yicha 1 milliard odam yovvoyi holda yetishtiriladigan mahsulotlarga, 2,4 milliard odam ovqat pishirish uchun o‘tinga muhtoj. Har 10 odamning 9 nafari esa qashshoqlik tufayli o‘rmonlarni tirikchilik manbayining bir bo‘lagi deb biladi.

– Xalqaro miqyosda o‘rmonlarning atigi 18 foizi himoya qilinadi. Umumiy hisobda esa biologik xilma-xillikni saqlab qolish uchun tabiiy zaxiralar yetarli emas. O‘rmonlarning kichrayib borishi hayvon turlarining migratsiyasini qiyinlashtirib yubormoqda va ular iqlim o‘zgarishlariga nisbatan chidamsiz bo‘lib qolishmoqda», – deyiladi tashkilotlarning o‘rmonlar holati haqidagi hisobotda.

Mavzuga oid