O‘zbekiston | 18:49 / 09.06.2020
5607
4 daqiqa o‘qiladi

Notarial palata bitta notarial harakatni rasmiylashtirishga qancha vaqt sarflayotgani asosida notariuslar reytingini tuzdi

Notarial palata 2020 yilning may oyida notariuslarning bitta harakatni rasmiylashtirishga sarflagan o‘rtacha vaqtini tahlil qildi va bu bo‘yicha notariuslar reytingini tuzdi. Reytingda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Samarqand, Navoiy viloyatlarida faoliyat yuritayotgan notariuslar birinchi o‘ntalikdan o‘rin olishgan.

Qayd etilishicha, reyting notariuslar fuqarolarga xizmat ko‘rsatish tezkorligini oshirish maqsadida har oyda “Notarius” avtomatlashtirilgan axborot tizimidan olingan ma'lumotlarga asosan shakllantirilgan. To‘liq reyting bilan mazkur havola orqali tanish mumkin.

“Bugungi kunda notariusda hujjat rasmiylashtirish uchun fuqarolar faqat pasport va mulk egaligini tasdiqlovchi order yoki guvohnomani taqdim etsa yetarli. Qolgan hujjatlarni notariusning o‘zi tegishli idoralardan axborot tizimi orqali elektron shaklda oladi. Ko‘p hujjat va ma'lumotnomalar Notarius axborot tizimida avtomatik tarzda olinishi vaqtni yanada qisqartiradi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, oddiy va murakkabligiga qarab notarial harakatni rasmiylashtirishni o‘rtacha 10 daqiqadan 1 soatgacha vaqtda amalga oshirsa bo‘ladi. Lekin, meros, sudgacha bo‘lgan jarayonda dalillarni ta'minlash va mediatsiya kelishuvi kabi ayrim harakatlarni rasmiylashtirishda notarius qonunchilikda belgilangan muddatlarga rioya qilishi shart. Bu muddat merosda 6 oydan ko‘pga ham cho‘zilishi mumkin.

Ma'lumki, notariusning asosiy vazifasi rasmiylashtirilayotgan notarial harakat bo‘yicha kelgusida hech qanday nizo kelib chiqmasligi hamda jarayonda fuqarolarning qonuniy huquq va manfaatlarini ta'minlashdan iborat. Shunday ekan, har qanday holatda notariuslar ushbu vazifasini tez bajarishi bilan birga notarial harakatning qonuniyligini ta'minlashi zarur.

Joriy yilning 1 mayidan 663 nafar ilgari davlat notariusi bo‘lib ishlagan notariuslar xususiy bo‘lib ish boshlaganligi raqobat muhitini vujudga keltirdi va notarial harakatni rasmiylashtirish vaqtini deyarli uch barobar tezlashiga olib keldi. Lekin internetdagi yoki boshqa idoralar axborot tizimlaridagi uzilishlar, ba'zan esa idoralarning elektron bazalaridagi xatoliklar yoki hujjatlaridagi kamchiliklar notariusga bog‘liq bo‘lmagan holda vaqt cho‘zilishiga sabab bo‘lmoqda”, deydi Notarial palata raisi Dilshod Ashurov.

Uning ta'kidlashicha, koronavirus pandemiyasi sabab joriy qilingan karantin davrida sanitariya-gigiyena talablariga rioya qilingan holda idoraga keluvchi fuqarolar o‘rtasida ijtimoiy masofani saqlash uchun notariuslar tomonidan avval hujjat olib qolinib, tayyor bo‘lgandan keyin fuqarorlarni chaqirib notarial harakatni rasmiylashtirilayotganligi ham vaqtni qisman cho‘zilishiga olib kelgan. Ayrim hollarda esa notarial harakatda ishtirok etuvchi tomondan bir vaqtda notariusda hozir bo‘lishida ham muammolar notariusga bog‘liq bo‘lmagan holda vaqtni cho‘zilishiga olib keladi.

Notarial palata raisi ishiga mas'uliyatsizlik bilan yondashayotgan, “hujjatlarni qoldirib, ertaga kelish”ni taklif qiladigan notariuslar ham uchrab turganini qayd etib o‘tdi.

Mavzuga oid