O‘zbekiston | 18:56 / 11.06.2020
5154
3 daqiqa o‘qiladi

Mudofaa vazirligi harbiy xizmatga chaqiruv qanday tartibda amalga oshirilayotgani haqida ma'lumot berdi

Mudofaa vazirligi axborot xizmati rahbari Bahrom Zulfiqorov AOKAda o‘tkazilgan brifingda muddatli harbiy xizmatga chaqiruv qanday tartibda amalga oshirilayotgani to‘g‘risidagi savolga javob qaytardi.

«O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga asosan, fuqarolarning muddatli harbiy xizmatga hamda safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga chaqirilishi prezident qaroriga asosan yiliga bir marta - mart-aprel oylarida o‘tkazilar edi. Biroq pandemiya sharoitida respublikamiz hududlarida karantin tadbirlari joriy etilishi tufayli fuqarolarning muddatli harbiy xizmatga chaqirilish kechiktirilgandi.

Hozirgi vaqtda karantin tadbirlari biroz yumshagani sababli muddatli harbiy xizmatga saralab olingan fuqarolar joriy yilning 6-7 iyun kunlari Covid-19 bo‘yicha tahlillar topshirishdi. Tahlil natijalariga ko‘ra fuqarolar 9 iyun kuni muddatli harbiy xizmatga yuborildi. Xizmatga yuborilish tartibi respublikamizning uchta hududi bo‘yicha bir vaqtning o‘zida poyezdlar yo‘nalishi oroqali amalga oshirildi.

Harbiy xizmatga chaqirilganlar karantin qoidalariga to‘liq amal qilgan holda, bir martalik tibbiy niqoblar va qo‘lqoplar, antiseptik vositalar bilan ta'minlandi, ijtimoiy masofa saqlangan holda tana harorati tekshirildi. Fuqarolar xizmat joylariga borganlaridan keyin ham   karantinga olinib, yuqori malakali shifokorlar nazoratida bo‘lishadi», deydi vazirlik rasmiysi.

Brifingda Mudofaa vazirligi qo‘shinlari shu kunlarda ham dezinfeksiya ishlari bilan shug‘ullanib kelayotgani, bu qachongacha davom etishi haqidagi savolga ham javob qaytarildi.

«Mudofaa vazirligi qo‘shinlari tomonidan qilinadigan dezinfeksiya ishlari albatta strategik – maxsus taktik o‘quv sifatida tashkil etilib o‘tkazib borilmoqda. Dezinfeksiya ishlari qachongacha davom etishi respublikamiz hududida olib olib boriladigan koronavirusga qarshi kurashish tadbirlari bilan bevosita bog‘liqdir.

Strategik – maxsus taktik o‘quvni o‘tkazish rejasiga asosan joriy yilning 8 iyun 19:00 holatiga ko‘ra quyidagi tadbirlar bajarildi:

Yig‘ma batalon va otryadlar kuchlari (jami 13 052 kishi, 309ta maxsus texnikalar, 11 089ta dezinfeksiya apparatlari) bilan 20 shahar va viloyatlardagi 36 tuman markazlarida dezinfeksiya ishlari o‘tkazildi.

Respublika miqyosida 49 998 obektlarda jami 36 108 840 kv.m maydonlarda dezinfeksiya ishlari o‘tkazildi hamda 6 562 kg dezinfeksiyalovchi vositalar sarf etildi (shu jumladan Toshkent shahrida – 2 639 kg).

O‘rtacha hisobda bir kunda mavsum boshidan 700 ming kvadrat metrdan ortiq joylarda dezinfeksiya ishlari olib borilmoqda», dedi u.

Mavzuga oid