Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekistonda ochiladigan Turkiya Iqtisodiyot va texnologiyalar universiteti nimasi bilan boshqa o‘quv yurtlaridan ajralib turadi?
Joriy yilning sentabr oyida O‘zbekistonda Turkiya Iqtisodiyot va texnologiyalar universiteti filiali o‘z faoliyatini boshlaydi. 2020-2021-o‘quv yilida 200 nafar talaba xalqaro tadbirkorlik va elektron tijorat mutaxassisliklari bo‘yicha ta'lim olishi ko‘zda tutilmoqda.
O‘zbekiston prezidentining 2020 yil fevral oyida Turkiyaga tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish va shu asosda Toshkent shahrida Turkiya Iqtisodiyot va texnologiya universiteti filialini tashkil etish belgilab berilgan edi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston delegatsiyasining joriy yil 4-7 mart kunlari ushbu universitetga tashrifi natijasida hamkorlik kelishuvi imzolangandi.
Kun.uz muxbiri Tadbirkorlik faoliyati asoslariga o‘qitish respublika markazi rahbari Ulug‘bek Kamoliddinov bilan Toshkent shahrida ochilishi ko‘zda tutilgan Turkiya Iqtisodiyot va texnologiya universiteti filiali haqida suhbatlashdi.

- Turkiya Iqtisodiyot va texnologiyalar universiteti nafaqat Turkiyada, balki butun dunyoda biznes sohasidagi yetakchi universitetlardan biri hisoblanadi. U jahon reytingida 35-o‘rinda. Bunday universitetning O‘zbekistonga kirib kelishi tadbirkorlik sohasidagi ta'lim rivojining yangi bosqichini anglatadi. Mazkur universitet O‘zbekiston ehtiyojlari uchungina xizmat qilib qolmay, butun Markaziy Osiyo, jumladan, Afg‘oniston uchun ham xabga aylanishiga umid qilyapmiz. Ana shu mamlakat talabalari mazkur universitetda ta'lim olishlari mumkin.
2020-2021 yildan boshlab 200 nafar talaba 2ta – xalqaro tadbirkorlik va elektron tijorat mutaxassisliklari bo‘yicha ta'lim olishi ko‘zda tutilmoqda, - dedi Ulug‘bek Kamoliddinov.
- Universitetning rasmiy ochilishi qachon bo‘lib o‘tadi?
- Universitetning rasmiy ochilish sanasi joriy yilning sentabr oyiga rejalashtirilgan. Dastlab, aytib o‘tganimdek, 2ta yo‘nalish bo‘ladi. Keyinchalik 6ta yo‘nalishga yetkazish ko‘zda tutilgan. Joriy yilda 200 nafar talaba bo‘lsa, keyingi 3 yil davomida 1,5 ming nafar talaba ta'lim oladi.
- Hujjatlarni qabul qilish jarayonlari haqida ham ma'lumot bersangiz.
- Bugungi kunda mazkur masala muhokama qilinyapti. Hukumat qarori loyihasi tayyorlangan, u o‘rnatilgan tartibda kelishiladi. Qaror qabul qilinishi bilan umid qilamizki, universitet uchun qulay sharoitlar yaratiladi.
- Universitetda grant, to‘lov-shartnoma asosida ta'lim olish haqida ham aytib o‘tsangiz.
- Joriy yil sentabr oyida tadbirkorlik va biznes sohasida bir vaqtning o‘zida 5ta oliy ta'lim muassasasining ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Umid qilamizki, ushbu universitetlarning hammasi oliy ta'lim bozorida o‘z o‘rnini topadi. Bunda ushbu univeritetlarda ta'lim olish imkoniyatiga ega bo‘lish – asosiy masala. Turkiyalik hamkorlarimiz bilan ushbu masalani ham muhokama qildik. Ular boshlang‘ich bosqichda va keyinchalik mazkur universitetda ta'lim olish narxi O‘zbekiston uchun juda moslashtirilgan bo‘lishiga rozilik bildirishdi. Aslida bu universitetda ta'lim olish arzon emas. Keyinchalik kam ta'minlangan oilalalardan chiqqan iste'dodli talabalar uchun grantlar dasturini yo‘lga qo‘yishni ham rejalashtiryapmiz.
- Universitetda ta'lim olishning o‘ziga xos jihatlari nimalardan iborat bo‘ladi?
- Universitetning o‘ziga xosligi shundan iboratki, bu yerda yangicha yondashuvdan foydalaniladi. Ta'limning modul tizimidan tashqari trimestr tizimi ham qo‘llaniladi. Ta'limning uchdan ikki qismi oliy ta'lim muassasida, uchdan bir qismi ishlab chiqarishda o‘tadi. Bu yerda gap muayyan o‘quv yilining so‘ngida emas, vaqti-vaqti bilan bo‘ladigan amaliyot haqida ketyapti. Ya'ni har trimestrda talabalar ishlab chiqarishga yuboriladi va bevosita ishlab chiqarish joyida malaka oshirishadi. Talabalar O‘zbekistonning yirik korxonalari va kompaniyalarida amaliyot o‘tashadi. Bu O‘zbekistonda ta'limning dual tizimi rivojlanishida asos bo‘lishiga umid qilamiz. O‘zlashtirish, samaradorlik bo‘yicha yuqori ko‘rsatkichlarga ega talabalar malaka oshirish uchun Turkiya universitetlari, korxonalariga yo‘naltiriladi.
- Universitetdagi pedagog o‘qituvchilar tarkibi haqida ham aytib o‘tsangiz.
- Dastlabki bosqichda o‘qituvchilar tarkibi 70 foiz o‘zbek o‘qituvchilardan, 30 foiz turk o‘qituvchilardan iborat bo‘lishi haqida kelishuv mavjud. Asta-sekin nisbat 70 foiz turk o‘qituvchilaridan iborat ko‘rsatkichga yetkaziladi.
Ta'lim ingliz tilida olib boriladi. Biroq ikkinchi til sifatida talabalarga turk va o‘zbek tillarini o‘rganish imkoniyati beriladi.
Bugun bo‘lib o‘tgan videokonferensiyada universitet diplomining ham O‘zbekistonda, hamTurkiyada tan olinishi masalasi ham muhokama qilindi. Umid qilamizki, muvofiqlashtiruvchi organlar tomonidan mazkur masala yuzasidan ijobiy javob beriladi.
- Universitetga kirish uchun hujjatlar topshirish sanasi qachon ma'lum bo‘ladi?
- Hukumat qarori qabul qilinganidan keyin 10 kun ichida hujjatlarni qabul qilish haqida e'lon qilinadi.
Ma'lumot uchun: Turkiya iqtisodiyot va texnologiya universiteti 2002 yilda Turkiya savdo palatalari va birjalari uyushmasi tomonidan tashkil etilgan.
Universitet faoliyatining o‘ziga xosligi o‘quv rejalarining dual ta'limga asoslangan uch semestrlik o‘quv jarayoni hisoblanib, ta'lim oluvchilarga 2 semestr davomida nazariy bilimlar bilan bir qatorda 3-semestrda amaliy ko‘nikmalar shakllanishi muvozanatlashtirilgan. Universitetning ushbu xususiyati uning Turkiya ta'lim tizimida alohida o‘rin tutishini ta'minlagan.
Universitet “Yosh universitetlar: ming yillik universitetlari” reytingida 32-o‘rinni egallagan.
Mavzuga oid
20:12 / 27.06.2026
O‘zbekistonning 24 ta oliy ta’lim muassasasi top-1000 talik ro‘yxatga kiritildi
18:07 / 22.06.2026
Qozog‘iston universitetlari Markaziy Osiyoda eng yaxshi deb topildi
10:13 / 13.06.2026
Talabalar o‘qishini ko‘chirishning yangi tartibi tasdiqlandi
15:23 / 01.06.2026