O‘zbekiston | 09:40 / 11.06.2020
2334
7 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda telekommunikatsiya xizmatlarini ko‘rsatish qoidalari tasdiqlanadi

Telekommunikatsiya xizmatlarini ko‘rsatish qoidalari tasdiqlanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining “Telekommunikatsiya xizmatlarini ko‘rsatish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi buyrug‘i loyihasi e'lon qilindi.

Telekommunikatsiya xizmatlarini ko‘rsatish qoidalari O‘zbekiston Respublikasi hududida telekommunikatsiya operatorlari, provayderlari, dilerlari va eshittiruvchilar bilan foydalanuvchilar o‘rtasida telefon aloqasi, taksofonlardan telefon aloqasi, qo‘riqlash signalizatsiyasi apparaturasini o‘rnatish va ularga texnik xizmat ko‘rsatish, axborot-ma'lumot, telegraf, ma'lumotlar uzatish tarmog‘i, Internet, jamoat foydalanish joylarida Internet tarmog‘idan simsiz foydalana olish, mobil aloqa, milliy va xalqaro rouming, kabelli televideniye, efir televideniye, interaktiv televideniye, IPTV va on-line televideniye xizmatlarini tashkil qilish, shuningdek, ulardan foydalanish, xizmatlarni ko‘rsatish tartibi, shartlari, hamda sub'yektlarning javobgarligi, huquq va majburiyatlarini belgilaydi.

Qoidalarning amal qilishi quyidagilarga taalluqli emas:

idoraviy telekommunikatsiya tarmoqlari tomonidan telekommunikatsiya xizmatlarini ko‘rsatishga, Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Hukumat aloqa xizmatining ajratilgan aloqa tarmoqlarida, shuningdek ichki ishlab chiqarish va texnologik vazifadagi aloqa tarmoqlarida telegraf xizmatlarini ko‘rsatishga, Global harakatdagi shaxsiy yo‘ldosh aloqa tarmoqlarida rouming xizmatlarini ko‘rsatishga;

televideniye tarmoqlariga nisbatan:

a) bir tashkilot, o‘quv yurti yoki sanoat korxonasining binolari yoki hududlari bilan cheklangan kabel, efir televideniyesi tarmoqlariga;

b) abonentlarning umumiy soni o‘ntadan oshmaydigan kabel, efir televideniyesi tarmoqlariga;

g) alohida telekommunikatsiya tarmoqlariga taalluqli bo‘lgan hamda O‘zbekiston Respublikasida davlat boshqaruvi, mudofaa, xavfsizlik va huquq-tartibotni qo‘riqlash ehtiyojlari uchun foydalaniladigan kabel, efir televideniyesi tarmoqlariga;

d) fuqarolarning shaxsiy mulki bo‘lgan va individual qabul qilishni va efir teleradioeshittirish dasturlari (shaxsiy ehtiyojlari uchun) tarqatilishini ta'minlaydigan kabel, efir televideniyesi tarmoqlariga.

Telekommunikatsiya xizmatlari operator yoki provayder va abonent o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri (yoki faqat jismoniy shaxslar uchun – diler orqali) yozma yoki elektron shaklda tuziladigan shartnoma asosida taqdim etiladi.

Favqulodda vaziyatlar (harbiy harakatlar, zilzilalar, suv toshqinlari, yong‘inlar, epidemiyalar va boshqalar)da telekommunikatsiyalar sohasidagi maxsus vakolatli organ telekommunikatsiya tarmoqlari va vositalaridan, Internetdan jamoat bo‘lib foydalanish punktlaridan ustuvor foydalanish hamda markazlashtirilgan boshqarish, shuningdek ularning ishlashini cheklash yoki to‘xtatib qo‘yish huquqiga ega.

Telekommunikatsiya tarmog‘iga Milliy sertifikatlashtirish organi tomonidan akkreditatsiya qilingan sertifikatlashtirish organi tomonidan berilgan muvofiqlik sertifikatiga ega bo‘lmagan abonent qurilmasini ulashga yo‘l qo‘yilmaydi.

Mobil aloqa tarmog‘i abonent qurilmasi IMEI-kodi o‘rnatilgan tartibda ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lishi kerak.

Telekommunikatsiya operator, provayder, diler va eshittiruvchilar tomonidan ma'lumot xizmatlari tashkil qilinishi kerak, bu xizmatlar funksiyalariga foydalanuvchilarga quyidagilar to‘g‘risida bepul asosda asosiy ma'lumot beruvchi axborotni taqdim etish kiradi:

a) telekommunikatsiyalar tarmog‘idan foydalana olish tartibi to‘g‘risida;

b) telekommunikatsiyalar tarmog‘idan foydalana olishni taqdim etish narxi to‘g‘risida;

v) telekommunikatsiya xizmatlarini ko‘rsatish shartnomasini tuzish tartibi to‘g‘risida;

g) telekommunikatsiya operatori/provayderi tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar va ularning narxi to‘g‘risida;

d) mobil aloqa xizmatlariga tariflar va ularni almashtirish imkoniyatlari to‘g‘risida axborot berish;

ye) bepul ko‘rsatiladigan axborot-ma'lumot xizmatlari to‘g‘risida;

j) telekommunikatsiya operatori (uning filiallari), provayderi, dileri joylashgan joyi va ish rejimi to‘g‘risida;

z) abonent shaxsiy hisob raqamining holati to‘g‘risida (hisobdagi pul mablag‘larining qoldig‘i, imtiyozli daqiqalar qoldig‘i, hisobot davridagi ma'lumotlar, to‘lash uchun hisobni taqdim etish) axborot berish;

i) operatorning mobil aloqa tarmog‘ining xizmat ko‘rsatish zonasi to‘g‘risida axborot berish;

k) telekommunikatsiyalar sohasida maxsus vakolatli organ hujjatlariga asosan boshqa zarur ma'lumotlar.

Qo‘shimcha ravishda mobil aloqa operatori tomonidan ko‘rsatiladigan bepul axborot-ma'lumot xizmatlariga quyidagilar kiradi:

a) abonentdan texnik nosozliklar, SIM-karta yoki abonent qurilmasi yo‘qolganligi (SIM-kartadan foydalanish ko‘zda tutilmagan mobil aloqa standartlari uchun), abonentning shaxsiy ma'lumotlari o‘zgarganligi to‘g‘risidagi axborotni qabul qilish;

b) mobil aloqa tarmoqlarida abonent qurilmasidan foydalanish imkoniyati to‘g‘risida axborot berish;

v) mobil aloqa tarmoqlarining operatorlari to‘g‘risida – rouming xizmatlarini taqdim etish bo‘yicha sheriklar to‘g‘risida axborot berish.

Operatorlar va provayderlar telekommunikatsiya tarmoqlari orqali uzatiladigan telefon so‘zlashuvlari va boshqa xabarlar, shuningdek ularga taalluqli bo‘lgan barcha ma'lumotlar sir tutilishiga rioya qilishga majbur.

Telefon so‘zlashuvlarini eshitish, telekommunikatsiya tarmoqlari orqali uzatilayotgan xabarlar bilan tanishish, ular to‘g‘risidagi ma'lumotlar olishga, shuningdek so‘zlashuvlar va xabarlar sirlariga doir boshqa cheklanishlarga faqat qonun bilan belgilangan hollarda va tartibda yo‘l qo‘yiladi.

Telekommunikatsiya operatorlari, provayderlari va dilerlari xizmat majburiyatlarini bajarishlari davomida ularga ma'lum bo‘lgan abonentlar to‘g‘risidagi ma'lumotlarni abonentning roziligisiz uchinchi shaxslarga berish yoki tarqatishga haqli emas, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.

Abonent to‘g‘risidagi ma'lumotlarga quyidagilar kiradi: abonent – jismoniy shaxsning familiyasi, ismi-sharifi, JShShIR, abonent – yuridik shaxs xodimlarining shaxsiy ma'lumotlari; abonent manzili yoki oxirgi (terminal uskuna) o‘rnatiladigan manzil, abonentni va uning oxirgi (terminal) uskunasini aynan identifikatsiyalash imkonini beradigan taxallusi, abonent raqamlari va boshqa ma'lumotlar.

Telekommunikatsiya operatorlari va provayderlari tomonidan yaratilgan va abonentlar to‘g‘risidagi ma'lumotlarni o‘z ichiga olgan ma'lumotlar bazalari konfidensial tusdagi hujjatlar sifatida himoyalanishi kerak.

Abonentlar to‘g‘risidagi ma'lumotlardan bu abonentlarning roziligisiz axborot-ma'lumot xizmat ko‘rsatilishi uchun foydalanish mumkin emas.

Abonent shartnomasi bekor qilinganidan so‘ng, operator va provayderlar ma'lumotlar bazasidan abonentlarning shaxsiy ma'lumotlarini qonunchilikda belgilangan tartibda yo‘q qilishlari shart.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid