4ta hududda ma'muriy qamoqqa olingan shaxslarni saqlash uchun maxsus binolar qurilishi oxiriga yetkazilmagan. Ichki ishlar vaziriga parlament so‘rovi yuborildi
Navoiy Sirdaryo, Samarqand viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida ma'muriy qamoq o‘tash muddati belgilangan shaxslar saqlanadigan ma'muriy qamoq binolari qurilishi belgilangan muddatda nihoyasiga yetkazilmagan. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan mazkur masala bo‘yicha Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonovga parlament so‘rovi yuborildi.
«Qonunchilik amaliyotida davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining mansabdor shaxslariga qonunlar, davlat dasturlari hamda ularning vakolatlariga kiradigan muhim masalalar yuzasidan parlament so‘rovi yuborish tartibi mavjud. Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 2020 yil 11 iyun kuni bo‘lib o‘tgan majlisida bir qator qonun loyihalari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, bir nechta vazirlik, jumladan O‘zbekiston ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonovga parlament so‘rovlari yuborildi.
Gap shundaki, 2017 yil 9 yanvarda qabul qilingan «Ma'muriy qamoqni o‘tash tartibi to‘g‘risida»gi qonunga asosan mazkur qonun rasmiy e'lon qilingan kundan e'tiboran yigirma to‘rt oy o‘tgach kuchga kirishi belgilangan edi. Buning sababi ma'muriy qamoq o‘tash muddati belgilangan shaxslar saqlanadigan ma'muriy qamoq binolarini qurib bitkazish talab etilardi. Toshkent shahrida (150 o‘rinli), Toshkent, Farg‘ona, Buxoro, Namangan va Qashqadaryo viloyatlarida (75 o‘rinli) hamda Andijon va Jizzax viloyatlarida (60 o‘rinli) maxsus qabulxona binolari qurib bitkazildi xolos.
Ayrim viloyatlarda, xususan, Navoiy Sirdaryo, Samarqand viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida maxsus qabulxonalar qurilishi bugungi kunda ham nihoyasiga yetkazilmagan», deydi quyi palata axborot xizmati rahbari Hojiakbar To‘laganov.
Qayd etilishicha, parlament so‘rovida ichki ishlar vaziridan ma'muriy qamoqqa olingan shaxslarni saqlash uchun mo‘ljallangan maxsus qabulxonalarning binolarini qurish va rekonstruksiya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarning holati to‘g‘risida to‘liq axborot berish so‘ralgan.
Mavzuga oid
08:25 / 01.08.2024
Amerikalik 34 yillik qamoqdan keyin oqlandi
11:31 / 02.04.2024
Uy qamog‘idagi shaxslarni elektron braslet orqali nazorat qilish amaliyoti joriy etiladi
11:16 / 06.02.2024
Po‘lat Bobojonovga yangi o‘rinbosar tayinlandi
12:12 / 05.01.2024