O‘zbekiston Yevroittifoq imtiyozli tizimining benefitsiar mamlakati maqomini olish uchun rasmiy talabnoma yubordi
Agar O‘zbekiston “PBT+” bo‘yicha bir tomonlama tarif imtiyozlariga ega bo‘lsa, o‘zbek ishlab chiqaruvchilari YeIga bojxona to‘lovlarisiz eksport qilishi mumkin bo‘lgan tovar pozitsiyalarining soni 6200 gacha oshadi.
Yevropa ittifoqi mamlakatlari bilan ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni yanada mustahkamlash va mahalliy mahsulotlarning Yevropa bozoriga kirib borish sharoitlarini yaxshilash maqsadida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan Yevropa Ittifoqining “Preferensiyalar bosh tizimi+” (“PBT+”) benefitsiar mamlakat maqomini olish uchun tizimli ishlar olib borilmoqda.
Vazirlik xabarida aytilishicha, respublikaning “PBT+” benefitsiar mamlakatlar ro‘yxatiga kiritilishi YeIga eksportga yetkazib berish hajmini sezilarli darajada oshirish va Yevropa bozorida mahalliy mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirish imkonini beradi.
Qayd etilishicha, hozirgi vaqtda O‘zbekiston Preferensiyalarning bosh tizimidan (PBT) foydalanadi, unga ko‘ra, respublika bojxona to‘lovlarisiz YeIga 3000 ga yaqin tovar pozitsiyalarini va kamaytirilgan stavkalar bo‘yicha 3200 ta pozitsiyalarni eksport qilishi mumkin.
Agar O‘zbekiston “PBT+” bo‘yicha bir tomonlama tarif imtiyozlariga ega bo‘lsa, o‘zbek ishlab chiqaruvchilari YeIga bojxona to‘lovlarisiz eksport qilishi mumkin bo‘lgan tovar pozitsiyalarining soni 6200 gacha oshadi.
Yevropa tomoni talablariga ko‘ra, “PBT+” imtiyozlarini olish uchun, manfaatdor mamlakat muayyan shartlarning bajarilishini ta'minlashi kerak, jumladan inson huquqlari va asosiy mehnat standartlari sohasida - 16 ta va atrof - muhitni muhofaza qilish va samarali boshqaruv sohasida - 11 ta, jami 27 xalqaro konvensiyalarni ratifikatsiya qilish va samarali amalga oshirishi lozim.
Hozirgi kunda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda yuqoridagi shartlarni bajarish bo‘yicha ishlarni amalga oshirish yakunlandi, xususan:
O‘zbekiston barcha 27 ta xalqaro konvensiyalarga qo‘shildi;
ratifikatsiya qilingan konvensiyalar doirasidagi majburiyatlarning Respublika tomonidan bajarilishini baholash bo‘yicha Yevropa ittifoqi organlari tomonidan taqdim etilgan so‘rovnomaga batafsil javoblar tayyorlandi va yuborildi;
joriy yilning aprel-may oylari mobaynida yuqorida qayd etilgan konvensiyalar bo‘yicha qabul qilingan majburiyatlar bajarilishini baholashni muhokama qilish uchun Yevropa ittifoqi rasmiylari va ekspertlari bilan videokonferensiya shaklida bir qator uchrashuvlar tashkil etildi.
Tadbirlar natijalariga ko‘ra, Yevropa tomoni O‘zbekistonning “PBT+” benefitsiar mamlakati maqomini olish uchun belgilangan talablarga muvofiqligi yuzasidan dastlabki ijobiy xulosa qabul qilingani va O‘zbekiston tomonidan rasmiy talabnoma yuborilishi mumkinligi haqida ma'lumot berdi.
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan Yevropa ittifoqi komissiyasi Reglamenti bilan o‘rnatilgan talablarga muvofiq, “PBT+” Yevropa ittifoqining preferensiyalar tizimiga kirish uchun O‘zbekistoning rasmiy talabnomasi, konvensiyalar ratifikatsiya qilingani to‘g‘risida ma'lumot va O‘zbekiston Respublikasi hukumati nomidan majburiyat xatidan iborat hujjatlar to‘plami tayyorlandi va YeIga ko‘rib chiqish uchun yuborildi.
Mavzuga oid
15:54 / 24.10.2024
Import avtomobillar Piskentdagi poligonda sinovdan o‘tkaziladi
18:23 / 08.10.2024
O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlariga eksporti keskin qisqardi. Nega?
11:06 / 29.09.2024
2024 yil 8 oyda O‘zbekiston tashqi savdosidagi yetakchi davlatlar ma’lum qilindi
16:02 / 23.09.2024