Jamiyat | 18:39 / 03.11.2025
1968
2 daqiqa o‘qiladi

Yevropa ittifoqi O‘zbekistonda kinofestival o‘tkazadi  

7–9 noyabr kunlari Toshkentda, 12 noyabr kuni Termiz shahrida X Yevropa kinofestivali bo‘lib o‘tadi. Yevropa ittifoqining O‘zbekistondagi vakolatxonasiga ko‘ra, bu ittifoq va respublikani kino tili orqali birlashtiruvchi madaniy loyiha.   

Ma’lum bo‘lishicha, festival tashkil topganiga 10 yil to‘lmoqda. Yubileyning O‘zbekistonda ham nishonlanishi - Yevropa va O‘zbekiston o‘rtasidagi madaniy muloqotning mustahkamligidan dalolat.

O‘zbekistondagi dasturga 12 ta sara film va kinolar kiritilgan. Ularning ichida Yevropa davlatlarida suratga olingan lirik dramalardan tortib, o‘zlikni anglash, hayotiy tanlov va insoniy tuyg‘ular haqidagi hikoyalarni o‘z ichiga olgan asarlar ham bor.  

Shuningdek, kinofestival doirasida «Aire Nuevo Danza» ispan raqqoslari guruhining klassik va zamonaviy raqslardan iborat yorqin chiqishlari tayyorlanmoqda.  

Toshkentdagi Fransuz alyansi, Germaniyaning Gyote instituti va O‘zbekiston Kino ixlosmandlari uyushmasi hamkorligida «Avlodlar» mavzusida havaskor qisqa metrajli filmlar namoyishi o‘tkaziladi.

 Festival Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi tashabbusi bilan O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tgan Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar elchixonalari hamkorligida o‘tkazilmoqda. Taqdim etiladigan filmlar badiiy kengash nazoratidan o‘tgan, O‘zbekiston tomonining xulosalari olingan. Vakolatxonaning ma’lum qilishicha, barcha namoyishlar aholi uchun bepul bo‘ladi. Filmlar original tilda, o‘zbek va rus tilidagi subtitrlar bilan taqdim etiladi.

Шоҳрух Мажидов
Tayyorlagan Шоҳрух Мажидов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid