Jahon | 20:22 / 17.09.2025
6069
4 daqiqa o‘qiladi

Yevroittifoq sharqiy chegaralarda «dron devori» barpo etilishini tezlashtirmoqda

Foto: Marek Ladzinski / ZUMA Press Wire / Scanpix / LETA

Rossiya dronlari tomonidan Polsha va Ruminiya havo hududi buzib kirilishi bilan bog‘liq so‘nggi voqealar fonida Yevropa ittifoqida hamjamiyatning sharqiy qismidagi chegaralarni himoya qilish bo‘yicha xavotirlar ortib bormoqda, deb yozadi Financial Times.

Ro‘y bergan hodisalar shuni ko‘rsatdiki, NATO davlatlari nisbatan arzon dronlarni to‘xtatish uchun juda qimmat texnologiyalarga tayanadi, bu esa, «Moskva kelajakda foydalanishi mumkin bo‘lgan jiddiy zaiflikdir», deyiladi maqolada.

Vaziyatni o‘nglash uchun Bryusseldagilar milliy hukumatlarni muvofiqlashgan holda Yevropa Ittifoqi mablag‘lari hisobidan Ukrainada o‘zini yaxshi tomondan ko‘rsatgan arzonroq himoya tizimlarini sotib olishga chaqirdi.

Shu bilan birga, Yevropa Ittifoqining markaziy rahbariyati bunday yondashuv to‘liq integratsiyalashgan texnologiyalarga asoslangan taqdirdagina samarali bo‘lishi haqida ogohlantirdi. «Bir davlat o‘z chegarasida bir narsani, boshqasi esa boshqasini qilishi mumkin emas. Rossiya shunchaki bizning zaif tomonlarimizni hisobga olgan holda o‘z yondashuvini o‘zgartirmoqda», – dedi FT jurnalistlariga shaxsi sir saqlanishini istagan yevropalik mulozim.

Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen 10 sentabr kuni Yevropa Ittifoqi Rossiya tahdidlariga «real vaqt rejimida» javob berish uchun «dron devori» barpo etishi kerakligini aytdi. U Ukraina bilan birgalikda «dronlar alyansi» tuzilishini e’lon qildi, bu Yevropaga o‘z mudofaasini mustahkamlash uchun Ukrainaning keng ko‘lamli tajribasidan foydalanishga imkon beradi. Ushbu mablag‘lar uchun Rossiyaning muzlatilgan aktivlari garovi ostida 6 milliard yevro kredit ajratiladi.

Yevropa Ittifoqi sharqidagi Rossiyaga bevosita yaqin joylashgan davlatlar bahorda hamjamiyat tomonidan qo‘shimcha mudofaa uchun ajratilgan mablag‘ning asosiy qismini ham oladi. May oyida Yevropa Ittifoqi tomonidan yaratilgan 150 milliard yevrolik qurol-yarog‘ fondidan 100 milliard yevrolik qismi Rossiya Federatsiyasining eng yaqin qo‘shnilariga beriladi.

Yevropa Ittifoqining sharqiy qismi mamlakatlari allaqachon dronlarga qarshi kurashish bo‘yicha Ukraina bilan faol ish olib bormoqda, deya ta’kidlaydi Financial Times. Polshada dronlarga qarshi kurash bo‘yicha ukrainalik mutaxassislarni jalb qilish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda. Litva va Latviyada Ukrainada bo‘lgani kabi dronlarga qarshi kurashish uchun akustik tizimlardan foydalanish yo‘lga qo‘yilmoqda: bu tizimlar dronlarni tovush orqali aniqlaydi, so‘ngra ma’lumotni zenit qurollari va pulemyotlar bilan qurollangan mobil guruhlarga uzatadi. Qurilmalarni bu tarzda yo‘q qilish raketalardan foydalanishga qaraganda ancha arzon tushadi.

Rossiya dronlari 10 sentabrga o‘tar kechasi Polsha havo hududini keng chiziq bo‘ylab buzib kirdi. Dronlarning asosiy qismi (jami 21 ta dron qayd etilgan) Belarus hududidan uchib kelgan. Ularni qarshi olish uchun Polsha va NATOning boshqa davlatlari aviatsiyasi jalb qilindi. Varshava alyans doirasida rasmiy maslahatlashuvlar so‘radi.

Ko‘p o‘tmay, NATO bosh kotibi Mark Ryutte alyansning sharqiy chegaralaridagi mamlakatlarni himoya qilish uchun mo‘ljallangan «Sharqiy qo‘riqchi» missiyasi boshlanganini e’lon qildi. Bu hududga qo‘shimcha aviatsiya vositalari ko‘chirib o‘tkazildi va havo hujumidan mudofaa tizimlari kuchaytirildi.

13 sentabr kuni Rossiya droni Ruminiya havo hududiga ham uchib kirdi. Uning yo‘lini to‘sish uchun yana qiruvchi samolyotlar havoga ko‘tarildi. Dron tezda Ukraina hududiga qaytib ketgan. Ruminiya rasmiylari ta’kidlashicha, bunday holatlar so‘nggi paytlarda «taxminan har hafta» takrorlanmoqda.

Mavzuga oid