Jamiyat | 21:49 / 13.06.2020
13344
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalar soni 13 mingdan ortiq ekanligi ma'lum qilindi

Ajrimlar natijasida joriy yilning o‘zida respublika bo‘yicha 11 ming nafardan ortiq voyaga yetmagan bola ota yoki ona mehridan mahrum bo‘lgan.

Foto: Shutterstock

2020 yilning o‘tgan 5 oyi davomida respublika bo‘yicha 9465ta oilaviy ajrim qayd etilgan. Bu borada eng salbiy ko‘rsatkichlar Toshkent shahri (29,6 foiz), Sirdaryo (25,5 foiz), Navoiy (22,9 foiz), Andijon (21,2 foiz), Toshkent (20,2 foiz) viloyatlariga to‘g‘ri keladi.

Bu haqda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirining birinchi o‘rinbosari Elmira Bositxonova ma'lum qildi. 

Bositxonovaning ma'lumot berishicha, hozirda ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalar soni 13 ming 188tani, noqonuniy nikoh asosida yashayotganlar 8996tani, erta nikoh holati 6tani tashkil qilmoqda. 

“Ajrimlar natijasida joriy yilning o‘zida respublika bo‘yicha 11 ming nafardan ortiq voyaga yetmagan bola ota yoki ona mehridan mahrum bo‘lgan.

Oilaviy ajrimlarning 50-60 foizi oilaviy kelishmovchilik, qolgani farzandsizlik, uzoq muddat bir oila bo‘lib yashamaslik, xiyonat, ichkilik va giyohvandlikka ruju qo‘yish sababli kelib chiqmoqda”, dedi u “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyiliga asoslangan yangi tizimni joriy etish bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektorda.

Ma'lum qilinishicha, respublika bo‘yicha qayd etilgan nizoli oilalar soni 12 ming 931tani tashkil etib, hududlar kesimida eng yuqori ko‘rsatkich Xorazm (4035ta), Farg‘ona (1571ta), Samarqand (1454ta) viloyatlariga to‘g‘ri keladi. 

“Ta'lim muassasalari bilan jamoatchilik vakillarining hamkorligi samarali tashkil etilmaganligi oqibatida Buxoro viloyatida 3ta, Sirdaryo viloyatida 2ta, Qashqadaryo viloyatida 1ta holatda nikoh yoshi qisqartirilgan.

Joylarda notinch, ajrim yoqasidagi oilalar bilan manzilli ishlar yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa-da, oilalar yarashtirilgandan keyingi holatni monitoring qilish, keyinchalik yaxshi yashab ketishini nazoratga olish va qo‘llab-quvvatlash ishlari qoniqarsiz”, deya ta'kidladi Elmira Bositxonova.

Mavzuga oid