«O‘zbekistonda oliy ta'lim muassasalarida kredit-modul tizimini joriy etish imkoniyatlari» mavzusida xalqaro onlayn vebinar o‘tkazildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi qoshidagi «El-yurt umidi» jamg‘armasi va Respublika Oliy ta'lim kengashi bilan hamkorlikda xorijdagi vatandosh-olimlar va ekspertlar ishtirokida «O‘zbekistonda oliy ta'lim muassasalarida kredit-modul tizimini joriy etish imkoniyatlari» mavzusida xalqaro onlayn vebinari tashkil etildi.
Vebinarning asosiy maqsadi – O‘zbekistonda oliy ta'lim tizimida olib borilayotgan keng qamrovli islohotlarga, xususan, oliy ta'lim muassasalarida kredit-modul tizimini joriy etishda AQSh, Kanada, Yevropa va Avstraliya universitetlarida joriy etilgan modellarning asosiy xususiyatlari va amaliy mexanizmlarini o‘rganish asnosida ekspert maslahatlarini berishdan iborat.
Mazkur vebinar ZOOM konferens-aloqa tizimi orqali tashkil etilib, unda spikerlar sifatida «El-yurt umidi» jamg‘armasi qoshidagi Xalqaro ekspertlar kengashi a'zolari – Kanadaning Nyu-Bransvik Universiteti professori, huquq sohasida falsafa doktori O‘rinov Vohidjon Valiyevich hamda Avstraliyaning Griffits Universiteti professori, iqtisodiyot va moliya sohasida falsafa doktori Akimov Aleksandr Viktorovichlar ishtirok etdilar.
Vebinarda 600dan ortiq Respublika Oliy ta'lim kengashi va Xalqaro ekspertlar kengashi a'zolari, OTMlar rektorlari, prorektorlari, dekanlari, kafedralar mudirlari hamda barcha qiziquvchi professor-o‘qituvchilar va ilmiy tadqiqotchilar faol ishtirok etdilar. Tadbir davomida ishtirokchilarning 30ga yaqin savollari atrofida xalqaro onlayn muloqotlar tashkil etildi.
Vebinar davomida ishtirokchilarga AQSh, Kanada, Yevropa va Avstraliya universitetlarida joriy etilgan kredit-modul tizimining asosiy xususiyatlari keng ochib berildi. Kredit-modul tizimi sharoitida ta'limning sifati va shaffofligi, beriladigan bilimlarning amaliyotga to‘la moslashtirilishi hamda talabalar bilimini baholash uslubiyotining ilg‘or xalqaro andozalarga moslashtirilishiga alohida e'tibor qaratildi. O‘zbekistonda oliy ta'lim sifati va samaradorligini oshirish borasida olib borilayotgan chora-tadbirlar yuqori baholanib, bu borada ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganishni davom ettirish va ta'limni boshqarishning eng ilg‘or modellarini O‘zbekistonda joriy etish o‘ta muhim ahamiyatga ega ekanligi alohida ta'kidlandi.
Xorijda professional ilmiy-amaliy faoliyat olib borayotgan malakali va tajribali vatandoshlarimiz tomonidan O‘zbekiston oliy ta'lim tizimida AQSh, Kanada, Yevropa va Avstraliyaning ilg‘or universitetlarida kredit-modul tizimining samarali tajribasini qo‘llash imkoniyatlari va yo‘nalishlari bo‘yicha qator amaliy-uslubiy tavsiyalar berildi.
Tadbirning so‘nggida «El-yurt umidi» jamg‘armasi va Respublika Oliy ta'lim kengashi bilan hamkorlikda tashkil etayotgan navbatdagi ilmiy-uslubiy vebinarlar, jumladan, oliy ta'lim muassasalalari faoliyatiga raqamli texnologiyalarni joriy etish masalalari borasida navbatdagi tadbirlar rejalashtirildi.
Reklama huquqi asosida