O‘zbekiston | 08:22 / 15.06.2020
2653
3 daqiqa o‘qiladi

Atom energiyasidan foydalanish xavfsizligi qanday nazorat qilinadi?

Vazirlar Mahkamasining 10.06.2020 yildagi «Atom energiyasidan foydalanish xavfsizligini davlat tomonidan tartibga soluvchi vakolatli organlarning atom energiyasidan foydalanish sohasida davlat nazorati va tekshiruvni amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi 368-son qarori qabul qilindi.
 
Hujjat Prezidentning 12.12.2018 yildagi «Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi sohasida davlat boshqaruvi va nazorati tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-5594-son Farmoniga muvofiq ishlab chiqilgan.
 
Norma’ning yozishicha, nizom bilan quyidagilar belgilanadi:

atom energiyasidan foydalanish sohasidagi davlat nazorati va tekshiruvini rejalashtirish, tashkil etish va o‘tkazish tartibi;

nazorat obektlarida xavfsizlikni tartibga soluvchi vakolatli organlar mansabdor shaxslarining huquqlari va javobgarligi.
 
O‘zbekiston Respublikasi Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi vakolatli davlat boshqaruvi organi bo‘lib, atom energetikasi va yadro texnologiyalari obektlarida radiatsiya va yadroviy xavfsizlikni ta'minlash sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish va nazorat uchun mas'ul hisoblanadi.
 
Atom energiyasidan foydalanish xavfsizligini nazorat qiluvchi boshqa organlar quyidagilar hisoblanadi:

Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi;

Favqulodda vaziyatlar vazirligi;

Sog‘liqni saqlash vazirligi;

Qurilish vazirligi;

Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi;

Davlat bojxona qo‘mitasi;

Ichki ishlar vazirligi;

Mudofaa vazirligi;

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati markazi.
 
Vakolatli organlar tomonidan har yili 15 dekabrga qadar xavfni tahlil qilish asosida Bir yillik tekshiruv (inspeksiya) rejalari ishlab chiqiladi. Reja O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakili bilan kelishiladi.
 
Tadbirkorlik sub'yektiga tekshiruv o‘tkazilishi to‘g‘risida yozma xabarnoma yuboriladi. Tekshiruv o‘tkazish muddati 10 kalendar kunidan oshmasligi kerak. Tekshiruv natijalariga ko‘ra dalolatnoma tuziladi, u tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimiga kiritiladi.
 
Aholi hayoti va salomatligiga, atrof-muhitga haqiqiy zarar yetkazish xavfini yuzaga keltiruvchi holatlar aniqlangan taqdirda, obektning faoliyati to‘liq yoki qisman to‘xtatiladi.
 
Hujjat 10.06.2020 yildan kuchga kirdi.

Mavzuga oid