Jahon | 08:46 / 15.06.2020
4598
3 daqiqa o‘qiladi

Germaniya chegaralarida pandemiya sababli kiritilgan barcha cheklovlar bekor qilindi

Germaniya hukumati chegaralarda koronavirus sababli mart o‘rtasidan kiritilgan barcha cheklovlarni olib tashladi.

15 iyunda Germaniya o‘z chegaralarini pandemiyagacha bo‘lgan tartibda kirish va chiqish uchun ochadi. Shuningdek, Yevropa ittifoqi va Shengen hududining 29 ta davlati bilan aviaaloqa tiklanadi. Shu bilan birga 31 avgustgacha Yevropadan tashqarida joylashgan 160 dan ko‘proq davlatga safarlar amalga oshirishga cheklov saqlanib qoladi. Bu germaniyaliklar Afrika, Osiyo va Amerika davlatlarida ta'tilni o‘tkaza olmasliklarini anglatadi.

Germaniya hukumati chegaralarni ochar ekan, fuqarolarni xorijda bo‘lganlarida koronavirus pandemiyasining ikkinchi to‘lqini yuz bergudek bo‘lsa, ortga o‘z kuchlari bilan qaytishlariga to‘g‘ri kelishidan ogohlantirgan. Gap shundaki, Germaniya mart o‘rtasida cheklovlar kiritganda, xorijda 240 ming germaniyalik sayyoh qolib ketgani ma'lum bo‘lgan. Ular hukumat sa'y-harakatlari bilan 5 hafta davomida ortga qaytarilgan. Ta'kidlanishicha, hukumat bu maqsadda 100 mln yevrodan ko‘proq mablag‘ sarflagan. O‘shanda Germaniyaga qaytarilgan fuqarolar xarajatlarni qoplash haqida hujjatlarni imzolashgan. Biroq germaniyaliklar buning uchun qancha haq to‘lashlari hozircha belgilanmagan.

Tashqi ishlar vazirligi hukumat bunday aksiyani ikkinchi marotaba o‘tkaza olmasligidan ogohlantirgan.

Germaniyada bir necha haftadan beri 3 oy oldin pandemiya sababli kiritilgan cheklovlar sekin-asta yumshatilib borilmoqda. Jumladan, barcha federal yerlarda muzeylar, fitnes-klublar, ochiq suv havzalari, plyajlar, mehmonxonalar, restoranlar, do‘konlar, bolalar bog‘chalari va maktablar ishlamoqda.

Shu bilan birga ijtimoiy aloqalarga cheklovlar saqlanib qolmoqda: ko‘pi bilan 10 kishigacha va ikki xonadon a'zolarining to‘planishiga ruxsat berilgan. Shuningdek, niqob taqib yurish rejimi saqlanib qolgan: 6 yoshdan kattalar do‘konlarda va jamoat transportida og‘iz-burunlarini yopishlari shart.

Ayni vaqtda Germaniyada koronavirusga chalinganlar umumiy soni 187 mingdan, sog‘ayib ketganlar 172 mingdan ko‘proqni tashkil qilmoqda. Shu bilan birga, 8,8 mingdan ko‘proq kishi koronavirus qurboni bo‘lgan.

Mavzuga oid