O‘zbekiston | 16:24 / 18.06.2020
5329
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istondagi toshqindan zarar ko‘rgan hududlardan 126,7 ming kub metr chiqindi chiqarib tashlandi – FVV

Sardobadagi suv toshqinidan zarar ko‘rgan Qozog‘iston hududidagi aholi punktlaridan 126785 kub metr chiqindi chiqarib tashlandi. Shuningdek, 85816 pogonometr masofadagi kanal, kollektor va zovur bo‘ylari tozalanib, xonadonlar hamda dalalarga suv borishi ta'minlandi, deb ma'lum qildi FVV axborot xizmati xodimi Samandar Hikmatullayev.

Foto: FVV matbuot xizmati

Uning ta'kidlashicha, qo‘shni mamlakatda ofat oqibatlarini bartaraf etish uchun vazirlik va idoralarning 130 nafardan ortiq nafar shaxsiy tarkibi, 42 ta texnikasi jalb etilgan.

«Maktaaral tumanida joylashgan «Argibas» va «Firdousi» aholi yashash punktlarining hududlarida amaliy ishlar davom ettirilmoqda. Xususan, FVVning 40 nafardan iborat shaxsiy tarkib va 11 ta muhandislik texnikasi yordamida mazkur hududlarda joylashgan 30 ta aholi yashash xonadonida yaroqsiz binolar buzilib, toshqin natijasida yaroqsiz holga kelgan 1670 kub metr hajmdagi chiqindi qurilish materiallari chiqarib tashlandi.

Shuningdek, aholi yashash xonadonlari va qishloq xo‘jaligi dalalaridagi toshqin suvlarini yo‘naltirish maqsadida, Suv xo‘jaligi vazirligining 2 nafar mutaxassisi, 6 nafar operator va 6 ta muhandislik texnikasi yordamida Maktaaral tumanidagi kanal, kollektor va zovur bo‘ylarini tozalash orqali toshqin hamda sizot suvlarini chiqarish uchun 900 pogonometr tozalash ishlari olib borildi, hududdan 900 kub metr chiqindi chiqarib tashlandi. Ushbu ishlar Jyettisay tumanida ham olib borilib, Suv xo‘jaligi vazirligining 2 nafar operatori va 2 ta muhandislik texnikasi yordamida 50 pogonometr tozalash ishlari olib borildi va hududdan 50 kub metr chiqindi chiqarib tashlandi”, deya Samandar Hikmatullayevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ma'lum qilinishicha, qishloq xo‘jaligi vazirligining texnikalari yordamida Maktaaral tumani Janajul okrugidagi 2 902 gektar maydonga 87 060 kg chigit ekilgan, 585 gektar paxta maydonlarida esa kultivatsiya ishlari olib borilgan.

Mavzuga oid