Jamiyat | 18:22 / 19.06.2020
3675
5 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda 1,5 trillion so‘mlik 10ta loyihaning amalga oshirish muddati kechikmoqda - Senat

Senatning 5-yalpi majlisida Samarqand viloyati hokimining hududlarni rivojlantirish hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyati haqidagi hisoboti eshitildi.

Oliy Majlis Senatining Ishchi guruhi tomonidan viloyatni kompleks rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar o‘rganilgan. Majlisda o‘rganish yakunlari ham atroflicha ko‘rib chiqilgani, viloyatni rivojlantirish va bu jarayonda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari salohiyatidan foydalanish borasida muayyan ishlar olib borilgani ta'kidlandi.

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining Samarqand viloyatiga 6 marta amalga oshirgan tashrifi davomida berilgan topshiriqlar ijrosi doirasida 450dan ortiq loyihalar tasdiqlanib, ularning ijrosi ta'minlanmoqda.

Viloyatda 2019 yilda yalpi hududiy mahsulot hajmi 37 trln. 594 mlrd. so‘mni tashkil etgan. Rejadagi 40 mingta o‘rniga 45 mingta yangi ish o‘rni yaratilgan, viloyatda bugungi kunda qariyb 48 mingta kichik biznes sub'yekti faoliyat olib bormoqda.

Ma'lumki, Samarqand – jahon turizm markazlaridan biri. Hududda bu borada amalga oshirilgan salmoqli ishlar natijasida 2019 yilda viloyatga 560 ming nafardan ziyod xorijiy sayyohlar tashrif buyurib, ushbu ko‘rsatkich 2018 yilga nisbatan 1,6 barobar o‘sishiga erishilgan.

Aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish maqsadida sog‘liqni saqlash muassasalari 10,3 mlrd. so‘mlik zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan ta'minlangan, tez tibbiy yordam avtomashinalari soni 115tadan 260taga yetkazilgan. So‘nggi uch yilda viloyatda xususiy tibbiyot muassasalari soni 37tadan 376taga yetgan, ya'ni 10 barobar ortgan.

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti tomonidan ilgari surilgan beshta muhim tashabbus doirasida viloyatda 2019 yil davomida 7 mingga yaqin turli tadbirlar o‘tkazilib, ularga 1,6 mln nafardan ziyod yoshlar jalb qilingan.

Shuningdek, xalq deputatlari mahalliy Kengashlar sessiyalarida mahalliy hokimiyat organlari rahbarlarining hisobot va axborotlari eshitib borilgan. Mahalliy deputatlar tomonidan aholi bilan bevosita muloqot olib borish jarayonida, ularning murojaatlari bilan ishlash davomida ko‘tarilgan muammolarni hal etishga qaratilgan deputatlik so‘rovlari yuborilgan va ijrosi nazorat qilib borilgan.

Majlisda viloyatni rivojlantirishga salbiy ta'sir ko‘rsatayotgan ayrim muammo va kamchiliklar borligiga urg‘u berildi. 

Jumladan, 2019 yilda viloyatdagi madaniyat markazlarida bajarilishi lozim bo‘lgan qurilish ishlari to‘liq amalga oshirilmagan. Masalan, Bulung‘ur va Past Darg‘om tumanlaridagi madaniyat markazlarida qurilish ishlari yakunlanmagan bo‘lsa, Kattaqo‘rg‘on va Jomboy tumanlarida bu boradagi ishlar boshlanmagan.

Viloyatga biriktirilgan Xitoy, Turkiya, Gretsiya, Ispaniya davlatlaridagi elchixonalar tomonidan taklif etilgan qiymati 1 trln. 540 mlrd. so‘mlik 10ta loyihaning amalga oshirish muddati kechikmoqda. Qiymati 2 trln 385 mlrd so‘mlik 16ta loyiha bo‘yicha ishlar boshlanmagan.

Umumta'lim maktablarini sport anjomlari bilan muntazam ta'minlash tizimi yo‘lga qo‘yilmagani bois viloyatdagi aksar maktablarga oxirgi marta 2016-2017 yillarda sport jihozlari yetkazib berilgan. Yana bir jihat, hududdagi maktablarda faoliyat olib borayotgan 2 ming 164 nafar psixologning 1 ming 340 nafari, ya'ni 62 foizi ixtisoslikka ega emas.

Bundan tashqari, aholini ichimlik suvi, elektr energiyasi va tabiiy (suyultirilgan) gaz bilan to‘liq va uzluksiz ta'minlash borasida muammolar mavjud. Xususan, elektr tarmoqlarining ayrim qismlari foydalanish uchun yaroqsiz holga kelib qolgan. Gaz quvurlarini mukammal ta'mirlash bo‘yicha 2019 yilga belgilangan reja bajarilmagan. Viloyatning ichki yo‘llari ta'mirtalab ahvolda.

Majlisda hududni o‘rganish yakunlari xalq deputatlari viloyat Kengashining 2020 yil 22 maydagi sessiyasida muhokama etilganligi, unda viloyat darajasidagi muammolarni hal etish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi», shuningdek viloyat Kengashi faoliyatini «namunali Kengash» sifatida yo‘lga qo‘yish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi tasdiqlangani qayd etildi.

Shuningdek, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmas chora-tadbirlar ko‘rish zarurligi ta'kidlandi. Bu borada mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlarining axborotlari eshitildi.

Majlisda mazkur masala yuzasidan tegishli qaror qabul qilinib, viloyatda yechimini kutib turgan respublika darajasidagi muammolarni bartaraf etish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi» tasdiqlandi. Ularning ijrosi ustidan senatorlik nazoratini yo‘lga qo‘yish belgilandi.

Mavzuga oid