O‘zbekiston | 16:44 / 21.06.2020
34830
4 daqiqa o‘qiladi

Toshkentdagi sanoat korxonasi xodimlarida virus aniqlangan. SSV aholi orasidagi yangi holatlar haqida qo‘shimcha ma'lumot berdi

20 iyun kuni Toshkent shahrining 5 hududida, jumladan sanoat korxonasi xodimlari va ularning oila a'zolarida hamda harbiy chaqiriqqa kelganlar bilan muloqotda bo‘lgan Olmazor tumani Mudofaa ishlari bo‘limi xodimida kasallik aniqlangan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi 20 iyun kunlari aholi orasida qayd etilgan kasallanish holatlari bo‘yicha batafsil ma'lumotlarni taqdim etdi.

«Ayni paytda nafaqat poytaxtimiz yoki Toshkent viloyatida, balki olis Surxondaryo viloyatidan tortib, Xorazm vohasida ham aholi orasida koronavirusga chalinganlar aniqlanmoqda.

Profilaktika maqsadida namuna topshirgan fuqarolarda ham kasallik tasdiqlanayotgani esa koronavirusning odamlar orasida yuqish xavfini yana oshirmoqda.

Avval xabar qilganimizdek, 19 iyun sanasida yurtimizda koronavirus infeksiyasi tasdiqlangan 179 nafar bemordan 29 nafari aholi orasida aniqlangan bo‘lsa, 20 iyun kuni esa 207 nafar bemordan 19 nafari aholi orasida tasdiqlandi. Ikki kunlik ma'lumotga ko‘ra, umumiy kasallanish ko‘rsatkichi yana oshganligini ko‘rishimiz mumkin», deyiladi vazirlik xabarida.

20 iyun kuni aholi orasida Toshkent shahrida 13, Toshkent viloyatida 4, Surxondaryo va Xorazm viloyatida esa bittadan holat qayd etilgan.

Jumladan, Toshkent shahridagi sanoat korxonasining 4 nafar xodimi va ularning 5 nafar oila a'zolarida, Uchtepa tumanida yashovchi M.M.da (oromgohga ketish maqsadida namuna topshirgan), Mirobod tumanida yashovchi N.Sh.da (profilaktika maqsadida namuna topshirgan), Shayxontohur tumanida yashovchi uy bekasi D.Z.da (tana harorati ko‘tarilib, xususiy shifoxonaga murojaat qilgan), Olmazor tumani Mudofaa ishlari bo‘limi xodimi E.Sh.da (harbiy chaqiriqqa kelgan bolalar bilan muloqotda bo‘lgan) kasallik qayd etilgan.

Shuningdek, Toshkent viloyati Qibray tumanida yashovchi Sh.E.da (ishga kirish maqsadida namuna topshirgan), Mudofaa ishlari boshqarmasi Yuqori Chirchiq tumani xodimi D.A.da (mehnat ta'tilidan ishga chiqqan va tana harorati ko‘tarilishi sababli namuna topshirgan), Yangiyo‘l tumanida yashovchi M.M.da va Chirchiq shahrida yashovchi I.N.da (profilaktika maqsadida namuna topshirishgan), Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumanida yashovchi Sh.E.da (Toshkent shahrida yollanma ishchi bo‘lgan, tana harorati ko‘tarilib, o‘zi namuna topshirgan) hamda Xorazm viloyatida Toshkent viloyatidagi MChJga qarashli yuk avtomashinasi haydovchisi V.T.da (viloyatga kirish blok postida namuna olingan) ham koronavirus infeksiyasi tasdiqlangan.

Ayni paytda ushbu holatlar yuzasidan epidemiologik surishtiruv ishlari olib borilmoqda. 

«Ayni paytda mamlakatimizda 6216 holatda kasallik qayd etilgan. Hozirgacha ularning 69 foizi, ya'ni 4290 nafar bemor ushbu infeksiyadan forig‘ bo‘lgan. Shu kunlarda shifokorlarimiz yurtimizning o‘nta hududidagi yuqumli kasalliklarga ixtisoslashgan tibbiyot muassasalarida 1907 nafar bemor hayoti uchun kurashmoqda. Ulardan 15 nafari og‘ir, 1 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda.

Yuqorida qayd etilgan holatlardan kelib chiqqan holda, Sog‘liqni saqlash vazirligi aholidan imkon qadar faol muloqotdan, turli tadbirlar o‘tkazishdan vaqtinchalik tiyilishlarini va albatta, qo‘l berib salomlashish, quchoq ochib ko‘rishishmaslik, ozodalikka rioya qilish, zarurat bo‘lmaganda ko‘chaga chiqmaslik, ijtimoiy masofani saqlash, niqobni to‘g‘ri taqib yurish kabi karantin qoidalariga qat'iy rioya etib, bizga, shifokorlarga yordam berishingizni so‘rab qoladi.

O‘zingiz va atrofdagilarning sog‘ligiga beparvo bo‘lmang!», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Mavzuga oid