O‘zbekiston | 13:41 / 22.06.2020
30393
4 daqiqa o‘qiladi

«O‘zbekiston havo yo‘llari»ning yana bir xodimida virus chiqdi. SSV aholi orasidagi yangi holatlar haqida qo‘shimcha ma'lumot berdi

Sog‘liqni saqlash vazirligi 21 iyun kuni Toshkent shahri, Buxoro, Sirdaryo, Samarqand, Andijon va Toshkent viloyatlarida aholi orasida yangi kasallanish holatlari aniqlangani, yangi bemorlar orasida sotuvchi, uchuvchi, bank xodimi, shuningdek, issiqxona va xorij korxonasi xodimlari borligi haqida xabar berdi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi 21 iyun kunlari aholi orasida qayd etilgan kasallanish holatlari bo‘yicha batafsil ma'lumotlarni taqdim etdi.

«So‘nggi kunlarda mamlakatimizning turli hududlarida aholi orasida koronavirusga chalinish holatlariga e'tibor qaratsak, ko‘pincha o‘z ixtiyori bilan yoki profilaktik maqsadida namuna olinganda kasallik aniqlanyapti. Bu esa yon-atrofimizda koronavirusga chalinib, hech qanday kasallik belgilarisiz yurgan fuqarolar bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatmoqda. Ayni holat barchamizdan yanada hushyor bo‘lishni talab etadi. 

Avval xabar qilganimizdek, 20 iyun sanasida yurtimizda koronavirus infeksiyasi tasdiqlangan 207 nafar bemordan 19 nafari aholi orasida aniqlangan bo‘lsa, 21 iyun kuni esa 162 nafar bemordan 22 nafari aholi orasida tasdiqlandi. Ikki kunlik ma'lumotga ko‘ra, umumiy kasallanish ko‘rsatkichi kamaygan bo‘lsa-da, ammo aholi orasida koronavirusga chalinish holati oshgan», deyiladi vazirlik xabarida.

21 iyun kuni aholi orasida Buxoro viloyatida 11, Toshkent shahrida 7, Sirdaryo, Samarqand, Andijon va Toshkent viloyatlarida bittadan yangi holatlar qayd etildi.

Ma'lum qilinishicha, Shayxontohur tumanida yashovchi G.I.da (sanatoriyga yotish maqsadida namuna topshirgan) va Z.G.da (shifoxonaga yotish uchun namuna topshirgan), «Ipotekabank»ning Chilonzor tuman filiali xodimi F.A.da (tana harorati ko‘tarilgani sababli namuna topshirgan), «O‘zbekiston havo yo‘llari» AJ xodimi Sh.D.da (ishga qaytish uchun namuna topshirgan), Toshkent shahridagi «AMG» MChJ xodimi K.M.da (profilaktika maqsadida namuna topshirgan) kasallik qayd etilgan.

Shuningdek, Buxoro viloyatidagi xorijiy korxonaning 4 nafar ishchisida (korxona xodimi tana harorati ko‘tarilgan va namuna topshirgan. Profilaktika maqsadida boshqa xodimlardan ham namuna olingan) va shu hududdagi issiqxonaning 5 nafar ishchisida (profilaktika maqsadida namuna topshirishgan), shuningdek, viloyatda yana 2 nafar fuqaroda (profilaktika maqsadida namuna olingan), Andijon viloyati Paxtaobod tumanida yashovchi X.T.da (Toshkent shahar Yakkasaroy tumanidagi «F-market» do‘konida sotuvchi. Tana harorati ko‘tarilgach, ertasiga Andijon viloyatiga, o‘z uyiga qaytgan), Sirdaryo viloyati Guliston shahrida yashovchi fuqaro G.A.da hamda Samarqand shahar sanitariya-epidmiologiya osoyishtaligi markazi xodimida ham koronavirus infeksiyasi tasdiqlangan.

Ayni paytda ushbu holatlar yuzasidan epidemiologik surishtiruv ishlari olib borilmoqda. 

«Vaziyat hamon xavotirli ekanini inobatga olib, Sog‘liqni saqlash vazirligi aholidan yon-atrofdagi odamlar bilan ijtimoiy masofa saqlagan holda, imkon qadar kamroq muloqotda bo‘lishni, va albatta, zarurat bo‘lmaganda ko‘chaga chiqmaslik, ozodalikni saqlash,  qo‘llarni yaxshilab, qayta-qayta yuvish, ko‘chaga chiqqanda niqobni to‘g‘ri taqib yurish kabi karantin qoidalariga muntazam ravishda qat'iy rioya etishlarini so‘rab qoladi», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Eslatib o‘tamiz, 17 iyun kuni ham «O‘zbekiston havo yo‘llari»ning ikki mutaxassisida koronavirus qayd etilgandi. 

Mavzuga oid