Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tramp Yaponiyadan AQSh bazalari uchun xarajatlarni to‘rt baravardan ko‘proqqa oshirishni talab qilgan - OAV
Tokio mamlakatdagi Amerika harbiy bazalari uchun 2019 yilgi moliya yilida 197,4 mlrd iyen (1,8 mlrd dollardan ortiq) sarflagan.
2019 yili AQSh Yaponiyadan mamlakatdagi Amerika harbiy bazalari uchun yiliga 8 mlrd dollardan ajratishni talab qilgan – bu hozirgi miqdordan to‘rt baravardan ortiqroqqa ko‘p. Bu haqda AQSh prezidentining sobiq maslahatchisi Jon Boltonning memuarlariga asoslanib Kyodo agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Bolton prezident Donald Trampning buyrug‘i bilan 2019 yil iyulda Tokioga qilgan safari chog‘ida Yaponiya hukumatiga ana shunday talabni yetkazgan.
Tramp, deyiladi kitobda, o‘z maslahatchisiga agarda Yaponiya bu talabni bajarishdan bosh torsa, mamlakatdan Amerikaning barcha qo‘shinlarini olib chiqib ketish bilan tahdid qilishni buyurgan.
Yaponiya hukumati Vashington bunday talab qo‘yganini rasman rad etib keladi.
Tokio mamlakatdagi Amerika harbiy bazalari uchun 2019 yilgi moliya yilida 197,4 mlrd iyen (1,8 mlrd dollardan ortiq) sarflagan. Xususan, Yaponiya ushbu obektlarning barcha kommunal xarajatlarini hamda ulardagi mahalliy xodimlarning maoshlarini to‘laydi.
AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha sobiq maslahatchisi Jon Boltonning memuari «Bu voqea sodir bo‘lgan xona: Oq uy memuarlari» (The Room Where It Happened: A White House Memoir) deb nomlanadi. Kitob sotuvi 23 iyundan boshlanishi mo‘ljallangan.
O‘zining 576 sahifadan iborat kitobida 71 yoshli Jon Bolton AQSh prezidenti Donald Tramp ma'muriyatida o‘tkazgan 17 oyi haqida so‘z yuritgan.