Jamiyat | 08:07 / 23.06.2020
4035
2 daqiqa o‘qiladi

Erondan 2 mln dona tibbiyot niqobi olib kelishni va'da qilib, fuqaroni 15 ming dollarga «uxlatgan» shaxs qamoqqa olindi

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

2020 yilning 24 fevral kuni 43 yoshli A.A. o‘zganing mulkini aldash va ishonchni suiiste'mol qilish yo‘li bilan qo‘lga kiritish maqsadida, Chilonzor tumani THAY ko‘chasida 32 yoshli B.B.ga Eron davlatidan 2 mln. dona tibbiyot niqobi olib kelib berishini va'da qilgan.

O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, u B.B.dan 15.950 AQSh dollari miqdoridagi naqd pullarni oldindan olib, shu kunga qadar bergan va'dasini bajarmay, olgan pullarini o‘z ehtiyojlari uchun ishlatib yuborgan.

Mazkur holat yuzasidan Chilonzor tumani bo‘yicha IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan A.A.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Jinoyat ishi bo‘yicha A.A. ayblanuvchi tariqasida jalb qilingan va unga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

“Hurmatli fuqarolar, firibgarlik jinoyati qurboni bo‘lishingizni oldini olish maqsadida, mahsulot xarid qilishda rasmiy dilerlar yoki rasmiy savdo ofislari xarid qilishingizni tavsiya qilamiz”, - deyiladi ma'lumotda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid