Jamiyat | 13:47 / 23.06.2020
17931
4 daqiqa o‘qiladi

Karantinda noqonuniy uyi buzilgan opa-singillar haqida hikoya: ular hokimlik yangi yer ajratishidan umidvor

Surxondaryo viloyati Uzun tumani «Obizarang» mahalla fuqarolari yig‘inida yashayotgan, pendemiya sharoitida 15 may kuni uy-joylari buzilgan uch-opa singildan tahririyatimizga murojaat kelib tushdi.

Ma'lum bo‘lishicha, ular Obizarang daryosi muhofaza hududida hujjatlarsiz, o‘zboshimchalik bilan istiqomat qilishga yaroqli uy ko‘tarishgan. Shu yil bahor seryog‘in kelib, daryo sathi ko‘tarilib, uy joylashgan hudud tuprog‘ini yuvib ketgan.

Ana shundan so‘ng tumandagi mutasaddilar noqonuniy uylarni buzish haqida qaror chiqarishgan va opa-singillar solgan uylar buzib tashlangan.

Opa-singillarning to‘ng‘ichi Sanobar Ahmedovaning aytishicha, u uyni 2019 yilda solib chiqqan. U turmush o‘rtog‘idan ajrashgan, ikki farzandi bilan yolg‘iz istiqomat qiladi. Ota uyiga sig‘magach, qishloq chetida daryo bo‘yiga uy qurishga qaror qilishgan. Svet va gaz o‘tmagan uyda yashashga majbur bo‘lgan. Shu kungacha tikuvchilik korxonasida farrosh bo‘lib ishlamoqda. 600 ming so‘m maoshga farroshlik qilib kun kechiradi. Unga hozir bolalari bilan Mahalla fuqarolari yig‘inidan vaqtincha yashab turish uchun bitta xona ajratishgan.

Uning singillari esa mahalla hududidagi jome masjidida o‘z farzandlari bilan vaqtinchalik istiqomat qilib turishibdi. Qayd etish kerakki, bu jabrdiyda opa-singillarning kattasi ajrashgan, o‘rtanchasining eri vafot etgan, faqat kichigi to‘kis oila bo‘lib yashamoqda.

Tuman hokimi masjidda istiqomat qilayotgan kichik opa-singillarga uy joy qurish uchun yer ajratib berilishini  va'da qilgan, so‘ngra uylar buzilgan.

«Obizarang» mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Bahouddin Najmiddinov vaziyat bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirdi.

Mahalla raisining aytishicha, opa-singillarning turar joyi aslida buzilmasa ham bo‘lardi. Daryo uyning tomorqa qismini yemirgan. U yerni mustahkamlab qo‘yish ham mumkin bo‘lgan. Lekin, rahbarlar buzishga qaror qilishgan. Endi shu uch opa-singilga jami 9-10 sotix yer ajratilsa, u mahalla ahli bilan hashar uyushtirib ular uchun uy ko‘tarib berishi mumkinligini aytdi.

Tumandagi mutasaddilar bilan bu haqda bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi. Tuman hokimligi axborot xizmati rahbari Abdurashid Qurbonov vaziyatdan tuman rahbarlarining xabari borligini aytdi.

Opa-singillarga tumandagi «Qarashiq» mahallasi hududidan yer taklif qilingan. Biroq, ular bunga unashmagan. Ular o‘zlari yashayotgan hududda yer ajratilishini istashmoqda. «Obizarang» mahallasi hududida esa zaxirada yer yo‘q. Opa-singillar istayotgan joylar suvli yer, ulardan ajratib berish mumkin emas.

Abdurashid Qurbonovning ta'kidlashicha, tumanda bu masalada yakuniy to‘xtamga kelingan. Yaqin kunlarda baribir tuman hokimining qarori bilan opa-singillarga yer ajratib beriladi. Chunki mahalla va masjidda vaqtincha yashab turgan opa-singillar qishgacha boshpanali bo‘lishi kerak.

Agar yer berilsa, mahalla raisi aholi hasharga kelishini ta'kidlab o‘tdi. Demak, opa-singillarga yangi uy solish uchun yerni qonuniy qilib hujjatlashtirib ajratib berish masalasini hal qilish qolgan.

Uzun tuman hokimligi mutasaddilaridan ushbu masala chiroyli tarzda, ijobiy hal qilinishini kutib qolamiz.

Shuhrat Shokirjonov, Kun.uz maxsus muxbiri.
Faxriddin Hotamov, tasvirchi.

Mavzuga oid