Kun.uz muxbiri Transport vazirligi matbuot xizmati rahbari Navro‘z Ashurmatov bilan koronavirus pandemiyasi tufayli to‘xtab qolgan aviaqatnovlarning tiklanish jarayoni haqida suhbatlashdi.

Respublika maxsus komissiyasi 15 iyundan xalqaro aviaqatnovlarga ruxsat berdi, lekin nega amalda hech qanday xalqaro aviaqatnovlar tashkillashtirilmadi?

– Darhaqiqat, Respublika maxsus komissiyasi 15 iyundan xalqaro aviaqatnovlarga ruxsat berdi. Biroq bu aynan shu kundan e'tiboran muntazam xalqaro aviaqatnovlar birdaniga tiklanishini anglatmaydi. Hozirgi kunda xalqaro yo‘nalishlar bo‘yicha muntazam parvozlarni tiklash va amalga oshirish davlatlarda kuzatilayotgan epidemiologik holat hamda xorijiy mamlakatlarda qo‘yilgan cheklov choralari, viza berish tartibi, sanitariya talablaridan kelib chiqqan holda amalga oshiriladi.

Aynan shu jihatlardan kelib chiqqan holda Turkiya, Rossiya, BAA, Janubiy Koreya, Xitoy va Qozog‘iston davlatlari bilan iyul-avgust oylari davomida dastlabki bosqichda xalqaro yo‘nalishlarda paritet tamoyili asosida har bir tomondan muntazam parvozlarni tiklash bo‘yicha takliflar Respublika maxsus komissiyasiga taqdim etildi. Takliflar o‘rganilib, har bir davlatdagi epidemiologik vaziyatdan kelib chiqqan holda muntazam parvozlarni tiklash bo‘yicha qaror respublika maxsus komissiyasi tomonidan qabul qilinadi.

– Karantin davridagi xalqaro parvozlar chog‘ida yo‘lovchilar joylashuvi bo‘yicha nizom ishlab chiqilganmi? Avval xabar berilgan «3 qatorlik cheklov», ya'ni uchtalik o‘rinlarda faqat bir kishi o‘tiradigan cheklovga amal qilinadimi?

– Respublika maxsus komissiyasi tomonidan karantin davrida mahalliy yo‘nalishlarda avia va temir yo‘l qatnovlarini yo‘lga qo‘yishning Vaqtinchalik tartibi tasdiqlangan bo‘lib, aviareyslar va poyezdlar qatnovi bugungi kunda ana shu tartibda belgilangan karantin qoidalariga to‘liq rioya etilgan holda tashkil etilmoqda (Bugungi kunda Vaqtinchalik tartibda belgilangan samolyot bortida yo‘lovchilarning joylashuvi bilan bog‘liq cheklov chorasi bekor qilingan).

Xalqaro aviaqatnovlar faoliyatini qayta tiklashda ham belgilangan karantin cheklovlariga qat'iy rioya etiladi. Sanitariya-epidemiologik vaziyat barqaror bo‘lgan, yaxshilanayotgan hamda og‘ir sanitariya-epidemiologik vaziyat saqlanib qolayotgan davlatlardan kirib kelayotgan shaxslar aeroport hududida alohida-alohida tashilishi, joylashtirilishi va xizmat ko‘rsatilishi, shuningdek, havo kemalari har bir reysdan so‘ng to‘liq dezinfeksiya qilinishi ta'minlanadi.