O‘zbekiston | 08:34 / 24.06.2020
3049
5 daqiqa o‘qiladi

Turizm sohasida bir qator qo‘shimcha imtiyozlar taqdim etiladi

19 iyun kuni prezident tomonidan «Turizm sohasini sanitariya-epidemiologik xavfsizlikning kuchaytirilgan rejimi talablariga qat'iy rioya qilgan holda rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaror imzolandi.
 
Hujjatga muvofiq 1.01.2021 yildan 31.12.2023 yilgacha joylashtirish vositasining toifasi uchun undiriladigan turistik (mehmonxona) yig‘im summasining 50 foizi qaytariladi. Ko‘rsatilgan summa mehmonxonaga belgilangan tartibda berilgan toifa saqlangan taqdirda tegishli yil yakuniga ko‘ra qaytarilishi lozim.
 
Norma’ning yozishicha, 2020 yil 1 avgustdan boshlab:

reyslar soni va yo‘nalishlari bo‘yicha cheklovlarni bekor qilishni, shuningdek xorijiy aviakompaniyalarga beshinchi darajadagi «havo erkinligi»ni taqdim etishni nazarda tutuvchi «Ochiq osmon» rejimi «Andijon», «Buxoro» va «Urganch» xalqaro aeroportlarida xalqaro huquq normalariga muvofiq joriy etiladi;

xorijiy aviakompaniyalar ularning tegishli hujjatlarini tekshirish natijalariga ko‘ra Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkilotining (IKAO) uchish xavfsizligi bo‘yicha standartlariga muvofiq bo‘lishi sharti bilan havo qatnovi to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimning mavjudligidan qat'i nazar «Ochiq osmon» rejimi joriy etilgan xalqaro aeroportlarga doimiy qatnovlarni amalga oshira oladi;

mamlakatning «Ochiq osmon» rejimi joriy etilgan xalqaro aeroportlariga qatnovlarni amalga oshirayotgan xorijiy aviakompaniyalarga tarif va yig‘imlar 3 yil davomida O‘zbekiston rezidenti bo‘lgan aviakompaniyalar uchun belgilangan miqdorda qo‘llaniladi;

investorlarning yo‘lovchi tashuvchi yangi dor yo‘llarini («Chorvoq» erkin turistik zonasi hududida tashkil etilayotganlardan tashqari) qurish va jihozlash uchun yo‘naltirilgan xarajatlarining bir qismi ularni 31.12.2023 yilga qadar foydalanishga topshirish sharti bilan har bir 500 metr yo‘l uchun Davlat budjetidan Turizm sohasini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga ajratiladigan mablag‘lar hisobidan 1 mlrd so‘m miqdorida qoplanadi. Dastlabki 50 ta loyihaga yo‘naltirilgan xarajatlarning bir qismi qoplanadi;

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va Qurilish vazirligining namunaviy loyihalari bo‘yicha qishloq joylarda joylashtirish vositalarini tez quriladigan konstruksiyalar (o‘tovlar, konteynerlar, sendvich panellar) bilan qurish uchun tadbirkorlik sub'yektlari xarajatlarining bir qismi davlat budjeti mablag‘lari hisobidan har bir oy uchun 5 mln so‘mgacha miqdorda qoplanadi. Bunday subsidiyalar berilishi shunday tipdagi joylashtirish vositalarining joylari soni 50 mingtaga yetguniga qadar yoki 31.12.2023 yilgacha davom etadi;

31.12.2020 yilga qadar «Uzbekistan. Safe travel GUARANTEED» («O‘zbekiston. Xavfsiz sayohat kafolatlangan») tizimining xavfsiz obektlari reyestriga kiritilgan, turizm va yondosh infratuzilma obektlarining bino va inshootlarida sanitariya-epidemiologiya xizmati tashkilotlari tomonidan epidemiyaga qarshi kurashish profilaktik tadbirlarini amalga oshirishga yo‘naltirilgan xo‘jalik sub'yektlarining xarajatlari Davlat budjetidan ajratiladigan mablag‘lar hisobiga qoplanadi;

shaharlar va tumanlar bosh rejalarini ishlab chiqish va tasdiqlash jarayonida ular turizm infratuzilmasini rivojlantirish qismida Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan kelishiladi;

gid (gid-tarjimon), ekskursiya yetakchisi va yo‘riqchi-yo‘l boshlovchilarning xizmatlari O‘zini o‘zi band qiladigan shaxslar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat (ishlar, xizmatlar) turlari ro‘yxatiga kiritiladi.

1.07.2020 yildan 1.07.2023 yilga qadar xususiy muzeylar, badiiy galereyalar va hunarmandchilik markazlarining asosiy faoliyat turi bo‘yicha foyda solig‘i, mol-mulk va yer soliqlari hamda aylanmadan olinadigan soliq stavkalari belgilangan miqdorga nisbatan 50 foizga kamaytiriladi.

Turistlar uchun «Uzbekistan. Safe travel GUARANTEED» tizimi joriy etiladi, uning doirasida Xavfsiz turizm jamg‘armasi tashkil etiladi.

O‘zbekiston rezidenti bo‘lgan turoperator tomonidan respublika hududida tashkil etilgan sayohat davomida COVID-19 yuqtirib olgan xorijiy turistlarga 3 000 AQSh dollari miqdorida kompensatsiya to‘lab beriladi. Turoperatorlar tomonidan xorijiy turistlarga xizmat ko‘rsatish karantin davrida faqat Tizimning xavfsiz obektlari reyestriga kiritilgan turizm va yondosh infratuzilma obektlarida tashkil etiladi.

Buxoro, Navoiy va Surxondaryo viloyatlarida ro‘yxatga olingan turoperatorlarga ushbu hududlarga xizmat ko‘rsatish uchun dvigatel hajmi 2,4 litrdan kam bo‘lmagan yuqori o‘tish qobiliyatiga ega transport vositalari import qilinayotganda bojxona bojining 50 foizini to‘lashga ruxsat etildi. Ular bojning qolgan qismini olib kirilgan sanadan boshlab 3 yil davomida to‘laydilar. Ushbu transport vositalariga davlatning ro‘yxatga olish raqam belgilarining alohida seriyalari beriladi. Ulardan faqat ushbu viloyatlar hududida foydalanishga ruxsat etiladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid