Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Biz oddiy suv va transformator so‘rayapmiz, dunyoni emas» – g‘aziraliklar hokimlik va'dasi bajarilmaganini aytmoqda
Samarqand viloyati, Jomboy tumanidagi «G‘azira» mahallasi, Navro‘ztepa ahli garchi muammo suv inshooti bilan bitadigan bo‘lsa-da, necha yilki ichimlik suvidan qiynaladi.
Joriy yil mart oyida Kun.uz saytida mahallaning Navro‘ztepa qishlog‘idagi ichimlik suvi muammosi, Shakar qishlog‘idagi elektr tarmoqlarining xarob ahvoli xususida «Suv tanqisligi sillamizni quritdi» — Jomboydagi mahalla mutasaddilar e'tiborsizligidan aziyat chekmoqda» sarlavhali maqola e'lon qilingandi.
Oradan bir kun o‘tib Jomboy tuman hokimligi rasmiy saytida «Muammo bor. Ammo Kun.uz iddaosi o‘rinsiz» sarlavhasi bilan munosabat bildirildi. Unga ko‘ra, mazkur mahalladagi muammolar hokimlik e'tiborida bo‘lgan va chora-tadbirlar o‘tgan yildayoq ishlab chiqilgan. Hokimlik munosabatida aprel oyida suv inshooti, transformator va hatto yo‘l muammosi ham bartaraf etilishi ma'lum qilinarkan, quyidagi savollarni o‘rtaga tashlaydi:
«...Faqat masalaning bir jihati bizni o‘ylantirdi. Maqolaga sarlavha qo‘yishda “...mahalla mutasaddilar e'tiborsizligidan aziyat chekmoqda», jumlasi tanlangani qiziq. Muammoga tuman hokimligi e'tiborsiz, deganda qaysi asosga tayanildi ekan?»
Biz ham qishloq muammolari tez orada bitishidan qoniqish hosil qilgandik. Ammo bildikki, muammolar shu holicha qolib ketgan ekan. Aholi yana ketma–ket murojaatlar bilan chiqmoqda. Xolbuki, maqoladan keyin tuman mutasaddilari mazkur manzilga borib aholiga ham yuqoridagi va'dalarni bergan edi. Biz, e'tiborsizlik deganda ana shuni nazarda tutgandik. G‘aziraliklarga bu tarzdagi e'tibor ham, va'dalar ham kerak emas, shunchaki, ichish uchun oddiy suv kerak.

«Biz bilan uchrashuvda «Suvoqova korxonasi mutasaddilari kelib qishloq aholisini suv bilan ta'minlash masalasi tez kunda yechilishi, buning uchun mablag‘ ajratilib, 800 metrli polietilen truba yotqizilishini va'da qilgandi. Qishloq aholisiga esa ichki tarmoqlarga truba tortib olish yuklangandi. Endi esa drenaj ishlarini qishloq aholisi o‘zlari qilishi kerakligi aytilmoqda. Axir tuman mutasaddilari bizga va'da bergandi. Drenaj kavlash katta xarajatni talab qiladi va ko‘pchilik uyda qolgan hozirgi sharoitda bu qishloq aholisi uchun qiyinchilik tug‘dirmoqda», deydi navro‘ztepaliklar.

Mazkur maqola tayyorlanayotganda Jomboy tuman hokimligi holat yuzasidan quyidagicha izoh yubordi:
«Navro‘ztepa qishlog‘i aholisini ichimlik suvi bilan ta'minlash masalasi o‘tgan yil so‘ngida kun tartibiga qo‘yilgandi.
Tuman mahalliy budjetining qo‘shimcha mablag‘lari hisobidan «Sug‘orish ta'minoti muammoli hududlarda artezian quduqlarini qazish» taklifi ko‘pchilik tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Joriy yil boshida chora-tadbir ishlab chiqilib, 2ta suv inshooti qurish va ta'mirlash rejalashtirilgan. Jumladan, Navro‘ztepa qishlog‘ida 1ta suv inshooti (transformatori bilan) aprel oyida foydalanishga topshirilishi ko‘zda tutilgandi.
Mart oyida yuzaga kelgan epidemiologik vaziyat sabab ko‘plab xayrli rejalar ortga surildi. Shunday bo‘lsada, Navro‘ztepa qishlog‘ini ichimlik suvi bilan ta'minlash borasidagi ishlar to‘xtab qolgan emas. Joriy yilning ikkinchi yarmidan qurilish ishlari boshlanishi rejalashtirilmoqda. Avgust oyiga qadar Navro‘ztepa qishlog‘i aholisi ichimlik suvi bilan ta'minlanishini ma'lum qilamiz».
Hududdagi Shakar qishlog‘i aholisi necha yildirki, 1961 yilda o‘rnatilgan transformator va eski simyog‘ochlarni almashtirolmaydi. O‘sha paytlarda trasformator 60 xo‘jalik uchun moslab o‘rnatilgan. Hozirgi vaqtda qishloqda elektrdan foydalanuvchilar 150 xo‘jalikdan ortiq. Ushbu transformatorning haddan tashqari ko‘p yuklanishlarni ko‘tarolmasligi sabab deyarli har hafta biror qismi yonib ketadi. Tinimsiz paydo bo‘ladigan yong‘in, muntazam aholi hisobidan qilinadigan ta'mirlash ishlari hammani bezdirgan. Bu muammo ham oldin yoritilgan, ammo na respublika na viloyat va na tuman elektr tarmoqlari mutasaddilari muammoga e'tibor qaratishmagan.


Bu shakarliklarni qiynayotgan yagona muammo emas. Qishloq aholisi yozda ko‘tariladigan quyuq chang va qishda tizza bo‘yiga yetadigan loyli ko‘cha ta'miridan ham charchagan. Ular qishloqqa olib kiradigan deyarli 1 kilometrli yo‘lni har yili o‘z hisobidan ta'mirlaydi.
«O‘tgan yili shu muammo bilan tuman hokimligiga bordik va mutasaddilardan qishloq yo‘lini asfaltlashtirishda yordam so‘radik. Ammo sektor rahbari, tuman prokurori kelib yana o‘zimizning hisobdan yo‘lning ozgina qismiga 4 mashina tosh to‘ktirib ketdi.


U faqat ishning boshida turdi. Bo‘lgan o‘zgarish shu. Axir buni har yili o‘zimiz ham qilamiz. Biz bolalarimiz uchun bog‘cha, ishsiz aholi, yoshlarimiz uchun zavodlar, madaniyat markazlari so‘ramayapmiz. Dodimizda aytayotganimiz, sillamizni quritib yuborgan muammolar», deydi Shakar qishlog‘i vakillaridan biri.

Xullas, G‘azirada aholini qiynayotgan muammolarga e'tibor ana shu alfozda. Mahalla ahli o‘zi aytganidek, ularga ko‘p narsa kerak emas. Yashash uchun eng muhim narsalarni so‘rashmoqda.
Anvar Mustafoqulov, Kun.uz muxbiri.
Mavzuga oid
20:47 / 01.06.2026
Toshkentda transformator yonib ketdi
10:59 / 20.05.2026
Namanganda atrofi ochiq holatda turgan transformator ustiga chiqqan bola tok urib vafot etdi
08:20 / 20.05.2026
O‘zbekiston suv iste’moli yuqori davlatlar reytingiga kirdi
17:59 / 16.05.2026