Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Namanganda atrofi ochiq holatda turgan transformator ustiga chiqqan bola tok urib vafot etdi
Voqea 5 may kuni Davlatobod tumanida sodir bo‘lgan. 13 yoshli bola yuqori kuchlanishli transformator ustiga gilos yeyman deb chiqqan. Oqibatda elektr toki ta’siriga tushgan hamda shifoxonada vafot etgan.
Foto: Videodan kadr
Davlatobod tumanida 5-sinf o‘quvchisi elektr toki urishi oqibatida halok bo‘ldi. Bu haqda “Millar” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, voqea 5 may kuni soat taxminan 19:37 larda sodir bo‘lgan. 2013 yilda tug‘ilgan bola gilos yeyish maqsadida yuqori kuchlanishli transformator ustiga chiqqanda uni tok urgan.
Marhum bola xolasining qaramog‘ida bo‘lgan, onasi chet elda ishlagan.
“Jiyanim maktabdan kelgan. O‘rtoqlari bilan futbol o‘ynayman deb ko‘chaga chiqqan. Oldimizda maydoncha yo‘qligi uchun ko‘chaning boshida o‘ynashgan. Transformatorga tegib ketganmi, nima bo‘lgan — ko‘rmaganmiz. Chaqnash bo‘lib, portlagan”, degan bolaning xolasi.
Ayolning aytishicha, bolani yaqindagi shifoxonaga olib borishgan, ammo u yerda tezkor yordam ko‘rsatilmagan.
“Go‘zal shifoxonasi uzoq bo‘lgani uchun G‘ishtli shifoxonasiga olib tushishgan. U yerda birinchi yordam ko‘rsatishmagan. Men bir soatdan ortiq bolani qidirib yurdim. Keyin 103 orqali qayerdaligini bilib, shifoxonaga bordik. Borganimizda bola allaqachon o‘lgan edi”, degan u.
Shuningdek, marhumning qarindoshlari transformator atrofida xavfsizlik to‘siqlari bo‘lmaganini aytmoqda.
“Transformator yonlari panjara bilan o‘ralganida elektr tarmog‘i bilan ishimiz bo‘lmasdi. Elektr tarmog‘i javobgar bu narsaga. Simlari osilib yotibdi, hozir ham qulflanmagan. Faqat sim-pimlarini yig‘ishtirib qo‘yishdi, lekin to‘siq o‘rnatishmadi”, degan marhumning xolasi.
Hodisa joyiga tuman prokurori va ichki ishlar bo‘limi tezkor-tergov guruhi chiqqan. Bolaning o‘limi sabablarini aniqlash uchun sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan. Shuningdek, Davlatobod tuman elektr ta’minoti korxonasi xodimlari faoliyati bo‘yicha xizmat tekshiruvi o‘tkazilishi ma’lum qilingan.
Avvalroq Namanganda 4 yoshli bola ochiq qoldirilgan yuqori kuchlanishli transformator punktiga kirib, ikki qo‘lidan ayrilgandi.
Mavzuga oid
08:24
Farg‘ona va Namanganda yirik miqdordagi narkotik moddalar musodara qilindi
08:52 / 13.05.2026
Namangandagi gullar festivali Ginnes rekordlar kitobiga kirishi mumkin
15:26 / 05.05.2026
“Hojatxona izlab, transformatorga kirib qolgan” – Mingbuloqda tok urgan bola qo‘llaridan ayrildi
20:03 / 02.05.2026