O‘zbekiston | 15:12 / 25.06.2020
15028
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent shahar hokimligi obodonlashtirish muassasasi xodimida virus chiqdi. SSV aholi orasidagi holatlar bo‘yicha qo‘shimcha ma'lumot berdi

24 iyun kuni Toshkentda shahar hokimligi obodonlashtirish muassasasi xodimida, «Comfort Leather» korxonasi xodimi va uning oila a'zolarida, shuningdek, Mirzo Ulug‘bek, Uchtepa, Olmazor, Sergeli va Chilonzor tumanlarida aholi orasida yangi kasallanish holatlari qayd etilgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi 24 iyun kuni Toshkent shahrida aholi orasida qayd etilgan kasallanish holatlari bo‘yicha batafsil ma'lumotlarni taqdim etdi.

24 iyun kuni O‘zbekistonda aholi orasida qayd etilgan 31 holatdan 18tasi Toshkent shahriga to‘g‘ri kelgan.

«Kecha aholi orasida koronavirusga chalinish holatlari bo‘yicha ham Toshkent shahrida yuqori ko‘rsatkich qayd etildi.

Avval xabar qilganimizdek, 23 iyun sanasida yurtimizda koronavirus infeksiyasi tasdiqlangan 201 nafar bemordan 30 nafari aholi orasida aniqlangan bo‘lsa, 24 iyun kuni esa 239 nafar bemordan 31 nafari aholi orasida tasdiqlanib, shundan 18 nafari Toshkent shahrida aniqlandi. 

Ikki kunlik ma'lumotga ko‘ra, ham umumiy kasallanish ko‘rsatkichi, ham aholi orasida koronavirusga chalinish holati keskin ko‘payganini ko‘rish mumkin», deyiladi xabarda.

Ma'lum qilinishicha, Uchtepa tumanida yashovchi X.Yu.da va shahar hokimligi obodonlashtirish muassasasi xodimi D.E.da (har ikki holatda ham shifoxonaga yotish uchun namuna topshirgan), Mirzo Ulug‘bek tumanida yashovchi M.B.da («EKO» bozoriga borib kelgandan so‘ng tana harorati ko‘tarilgan va namuna topshirgan), Olmazor tumanida yashovchi M.Q.da (tana harorati ko‘tarilgani sababli namuna topshirgan), shu tumanda yashovchi M.X.da, Chilonzor tumanida yashab, Toshkent tumanidagi «Zangiota» bojxona postida faoliyat ko‘rsatuvchi Sh.S.da, «Comfort Leather» korxonasi xodimi va uning 5 nafar oila a'zosida koronavirus tasdiqlangan.

Bundan tashqari, Sergeli tumanida yashovchi, nafaqadagi fuqaro D.A. va uning turmush o‘rtog‘i A.A.da, «O‘zagrotexsanoatholding» AJ xodimi B.S.da (tana harorati ko‘tarilgani sababli tez tibbiy yordam chaqirgan), Chilonzor tumanida yashovchi D.S.da (qizi M.X. tana harorati ko‘tarilgani uchun tahlil topshirgan), Olmazor tumanida yashovchi S.F.da (uy bekasi, homilador, tug‘ruqxonaga yotish uchun namuna topshirgan) ham kasallik qayd etilgan. Ayni paytda ushbu holatlar yuzasidan epidemiologik surishtiruv ishlari olib borilmoqda. 

«O‘tgan ikki kunlik holat Toshkent shahrida karantin qoidalari bejiz kuchaytirilmaganini ko‘rsatib turibdi. Sog‘liqni saqlash vazirligi aholidan karantin qoidalariga qat'iy rioya etishlarini so‘rab qoladi», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Mavzuga oid