O‘zbekiston | 15:35 / 26.06.2020
29937
3 daqiqa o‘qiladi

Jizzaxda tug‘ilgan kunda 2 kishi virusga chalingan. SSV aholi orasidagi kasallanish holatlari bo‘yicha qo‘shimcha ma'lumot berdi

25 iyun kuni Jizzax viloyatida koronavirusga chalingani qayd etilgan ikki kishi Sharof Rashidov tumanidagi tug‘ilgan kunga borishganida koronavirus yuqtirib olgani ma'lum bo‘ldi. Shuningdek, Andijon viloyatida may oyida Rossiyadan kelib 2 haftalik karantin muddatini o‘tab chiqqan talaba oradan bir oy vaqt o‘tib virusga chalingan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi 25 iyun kuni Toshkent, Jizzax va Andijon viloyatlarida aholi orasida qayd etilgan kasallanish holatlari bo‘yicha batafsil ma'lumotlarni taqdim etdi.

«Mamlakatimizning qator viloyatlarida, jumladan, «yashil» yoki «sariq» hududlarda ham aholi orasida favqulodda koronavirus qayd etilishi holatlarining kuzatilayotgani barchamizni hushyor torttirishi lozim.

Afsuski, kecha 276 holatda kasallik aniqlanib, rekord ko‘rsatkich qayd etildi. Shu kuni 24 nafar aholi orasida koronavirus aniqlanish holatlarini hududlar kesimida ko‘radigan bo‘lsak, Toshkent shahrida 17 nafar, Toshkent viloyatida 4 nafar, Jizzax viloyatida 2 nafar hamda Andijon viloyatida 1 nafarni tashkil etdi», deyiladi vazirlik xabarida.

Ma'lum qilinishicha, Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumanida yashovchi Z.X.da, Qibray tumanida yashovchi 2 nafar fuqaroda (har ikki holatda ham tana harorati ko‘tarilgani sababli namuna topshirgan), Parkent tumanida yashovchi Sh.A.da ham kasallik aniqlangan.

Shuningdek, Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanida yashovchi 2 nafar fuqaroda (ular tug‘ilgan kun nishonlashga borishgan, shundan so‘ng tana harorati ko‘tarilganligi sababli namuna topshirgan), Andijon viloyati Baliqchi tumanida yashovchi S.A.da (Rossiya harbiy kosmonavtlar akademiyasi talabasi. Shu yilning12 may kuni Sankt-Peterburg shahridan charter reys bilan kelgan va 27 mayda karantin muassasasidan chiqqan) koronavirus infeksiyasi tasdiqlangan.

«Yuqorida qayd etilgan holatlardan kelib chiqqan holda, Sog‘liqni saqlash vazirligi aholidan imkon qadar faol muloqotdan, turli tadbirlar o‘tkazishdan vaqtinchalik tiyilishlarini, va albatta, qo‘l berib salomlashish, quchoq ochib ko‘rishmaslik, ozodalikka rioya qilish, sababsiz ko‘chaga chiqmaslik, ijtimoiy masofani saqlash, niqobni to‘g‘ri taqib yurish kabi karantin qoidalariga qat'iy rioya etib, bizga, shifokorlarga yordam berishingizni so‘rab qoladi.

O‘zingiz va atrofdagilarning sog‘ligiga beparvo bo‘lmang!», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Mavzuga oid