Koronavirus: mikrobni o‘ldirib yuboruvchi yuzalar
Infeksiya tanamizga kirmasidan avval uni to‘xtatish imkoni bor - xuddi hasharot qanoti ustidagi kabi qatlam yaratib, lift tugmachalari va eshik tutqichlarini mikroblarni o‘ldiruvchi yoki ularning rivojlanishiga to‘sqinlik qiluvchi qatlam bilan yopish zarur.
Bir yilda o‘n million o‘lim. Aql bovar qilmas raqamlar, ammo London Imperial kollejining (Buyuk Britaniya) yuqumli kasalliklar bo‘yicha tadqiqotchisi Jyerald Lyarua-Momyu aynan shunday fikrda.
Agar barcha patogen mikroblar antibiotiklarga — kasalliklar bilan kurashda asosiy tayanchimizga chidamlilik ko‘rsatadigan bo‘lsa, bu dunyomiz uchun ayanchli oqibatlarga olib keladi.
Hozirgi kunda har yili 700 ming kishi dorilar bilan davolab bo‘lmaydigan kasalliklardan vafot etadi. So‘nggi 10 yil ichida zararli bakteriyalarga qarshi foydalanishimiz mumkin bo‘lgan dorilar ro‘yxati esa ko‘z o‘ngimizda qisqarib bormoqda.
Shu bilan birga, boshqa patogenlar — zamburug‘lar, viruslar va parazitlar ham dorilarga nisbatan chidamliligini oshirmoqda va bu jarayon biz yangi vositalarni ishlab chiqishimiz bilan deyarli bir xil tezlikda sodir bo‘lmoqda. Bu shuni anglatadiki, ular keltirib chiqaradigan kasalliklarni davolash qiyinlashadi.
Lyarua-Momyu ogohlantirganidek, «agar hech narsa qilinmasa, yiliga 10 million kishi qurbon bo‘ladi».
U mikroblarga qarshi kurashning yangi usullarini izlayotgan olimlardan biridir. Lyarua-Momyu ushbu mikroorganizmlarning odamdan odamga yuqishida vositachi bo‘lib xizmat qiluvchi yuzalarni antimikrob qurollarga aylantirishni rejalashtirmoqda.
«Biz har kuni teginadigan yuzalar infeksiyani yuqtirishning ehtimoliy vositasidir», deydi Lyarua-Momyu.
Masalan, Covid-19 kasalligini keltirib chiqaradigan SARS-CoV-2 virusi karton yuzalarida 24 soatgacha, plastmassa va metallda (zanglamaydigan po‘latda) uch kungacha yashashi mumkin (garchi olimlar u o‘zining sifati va yuqumliligini qay darajada saqlab qolishi masalasida bahslashishsa ham - tahr.).
Ba'zi bakteriyalar, shu jumladan ichak tayoqchasi va oltinrang stafilokokk, ba'zan jonsiz narsalar yuzasida bir necha oy davomida yashovchan bo‘lib qoladi.
Bu doimiy dezinfeksiyalash va biz tez-tez tegib turadigan sirtlarni tozalash muhimligini ta'kidlaydi.
Ba'zi olimlar, yuqumli mikroorganizmlarni bizning tanamizga kirishidan oldin ham yo‘q qilishimiz mumkin, deb taxmin qilishadi — shunchaki sirtlarning tuzilishini o‘zgartirish yoki bu sirtlarni viruslar va bakteriyalarni tezroq yo‘q qiluvchi maxsus qatlam bilan yopish orqali.
Lyarua-Momyu mis qotishmalariga ishonmoqda. Mis ionlari ham antibakterial, ham antivirus ta'sirga ega bo‘lib, atigi ikki soat ichida 99,9 foizdan ortiq bakteriyalarni yo‘q qilishga qodir.
Mis namlik bilan aloqa kirishgan holda mikroblarga qarshi xususiyatlarini faollashtiruvchi kumushdan ham samaralidir.
«Insoniyat misdan uch ming yillardan beri foydalanib kelmoqda, — deb ta'kidlaydi Lyarua-Momyu. — Hatto qadimgi yunonlar misdan tibbiyot asboblari va oshxona anjomlarini yasashgan».
Shunga qaramay, bugungi kunda mis tibbiy muassasalarda kamdan kam qo‘llanadi. U qimmat metall, uni korroziyaga olib kelmasdan tozalash qiyinroq. Shuningdek, hammaga ham unitazning metall o‘rindig‘i yoqmaydi...
Vaqt o‘tishi bilan mis o‘z o‘rnini avval zanglamaydigan po‘latga, so‘ngra yengil va Lyarua-Momyuning so‘zlariga ko‘ra har foydalanishdan so‘ng sterilizatsiya haqida o‘ylab o‘tirmay tashlab yuborish mumkin bo‘lgan arzon plastmassaga bo‘shatib berdi.
Lazer bilan ishlov berilgan mis yuzasi bir necha soat ichida antibiotiklarga chidamli bakteriyalarning yuqori konsentratsiyalangan shtammlarini ham o‘ldirishi mumkin.
Vaholanki hamma yuzani mis bilan qoplashni tasavvur qilib bo‘lmasa ham, Lyarua-Momyuning fikricha, mikroblar tarqalishining oldini olish va yuqtirishni kamaytirish uchun ushbu metallni odamlar doimiy ravishda teginadigan «qaynoq nuqtalar» qotishmalarida ishlatish kifoya qiladi — masalan, lift tugmachalari, eshik tutqichlari va boshqalar.
Bundan tashqari, qo‘pol qorishma tayyorlash orqali mis sirtlariga lazer bilan ishlov berish mumkin, bu yuza maydonini va uning yuzasida yo‘q qilinishi mumkin bo‘lgan bakteriyalar miqdorini oshirish imkonini beradi.
Ushbu texnologiyani ishlab chiqqan Perdyu universiteti (Indiana shtati) tadqiqotchilari bunday sirt bir necha soat ichida antibiotiklarga chidamli bakteriyalarning yuqori konsentratsiyalangan shtammlarini ham o‘ldirishi mumkinligini aniqlashdi.
Bunday ishlov berish nafaqat eshik tutqichlari uchun, balki, masalan, tibbiy implantlar uchun ham foydali bo‘ladi, infeksiya xavfini kamaytiradi.
Sirt to‘qimasini o‘zgartirish bo‘yicha boshqa tavsiyalar ham mavjud.
«Chirildoqlar qanotlari o‘z-o‘zini tozalash xususiyatiga ega», deydi Melburn Qirollik texnologiya universitetining molekulyar biokimyogari Yelena Ivanova (Avstraliya).
Ularning qanotlari gidrofobik xususiyatlarga ega, ular yuzasidagi suv tomchilari ifloslantiruvchi moddalar bilan birga sirpanib tushadi.
Bundan ham muhimi, uning ta'kidlashicha, chirildoqning qanotlari yuzada bakterial koloniyalar paydo bo‘lishiga to‘sqinlik qiluvchi mayda shoxchalar bilan biriktirilgan.
«Bu tabiat tomonidan bakterial hujayralarni yo‘q qilish uchun yaratilgan noyob mexanizm», — deya tushuntiradi Ivanova.
To‘yinganlik, geometrik xususiyatlar, shuningdek bunday sirtni tayyorlash usuli hamda materiallari qaysi mikroblar bilan kurashish rejalashtirilganiga bog‘liq bo‘ladi.
Ivanovaning so‘zlariga ko‘ra, murakkab zigzag tuzilishi suv va havo filtrlarida ayniqsa samarali.
Tabiatning o‘zi yuqumli kasalliklar tarqalishiga qarshi kurashning barcha turlarini taklif etadi. «Efir moylarining antibakterial va virusga qarshi vosita sifatida samaradorligi to‘g‘risida ko‘plab dalillar mavjud», — deydi Naconal de Mar del Plata universiteti kimyo muhandisi Alexandra Ponse (Argentina).
Masalan, ko‘plab kosmetik mahsulotlarning o‘tkir hidli tarkibiy qismi bo‘lgan choy daraxti yog‘ini olaylik. Ponsening so‘zlariga ko‘ra, eksperimental tadqiqotlarda choy daraxti moyi aerozolining virusga qarshi kuchli ta'siri borligi va 5-15 daqiqa ichida virus namunalarini 95 foizdan ortiq samaradorlik bilan blokirovka qilishga qodirligi aniqlandi.
Shunga o‘xshash tadqiqotlar faqat tajriba bosqichida. Nazariy jihatdan, bunday tabiiy materiallar mikroblarga qarshi qoplamaga aylanishi mumkin, ammo asosiy tarkibiy qismlarning aniq miqdori va ushbu qoplamalar mikroorganizmlarning aynan qaysi turiga qarshi turishi haqida ko‘p narsani aniqlash kerak.
Ammo umuman olganda, mikroblarga qarshi yuzalardan potensial foydalanish ko‘lami juda keng.
Mavzuga oid
13:41 / 15.03.2024
O‘zbekiston mis mahsulotlarini AQSh va Meksikaga eksport qilishni boshladi
10:48 / 24.02.2024
Birja orqali xarid qilingan mis xomashyosi to‘lovini bo‘lib to‘lashga ruxsat berildi
19:19 / 15.08.2023
2022 yilda imtiyozlar tufayli oltin va misdan budjetga foyda solig‘i kamaydi
12:28 / 15.12.2022