Jizzaxda ham koronavirusdan o‘lim ro‘y berdi
Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumanida yashagan 72 yoshli otaxon koronavirusning navbatdagi qurboniga aylandi. O‘zbekistonda koronavirusdan vafot etganlar soni 24 nafarga yetdi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi Jizzax viloyatida koronavirusga chalingan 72 yoshli bemor o‘tkir miokard infarkti, yurak-qon tomir va nafas yetishmovchiligidan vafot etgani to‘g‘risida xabar berdi.
«Jizzax viloyati Sh.Rashidov tumanida yashovchi, 72 yoshli otaxon Q.R. joriy yil 20 iyun kuni koronavirusga gumon qilingan va karantin muassasasiga tibbiy kuzatuvga olingan. 22 iyun kuni esa Jizzax viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan.
Unda 25 iyun kuni koronavirus aniqlangan. Bemorga «Koronavirus infeksiyasi og‘ir kechishi, chap tomonlama bronxopnevmoniya, nafas yetishmovchiligi 2-daraja» tashxisi, shuningdek, «Yurak ishemik kasalligi, stenokardiya, gipertoniya kasalligi, surunkali yurak yetishmovchiligi, qandli diabet og‘ir kechishi» qo‘shimcha tashxisi ham qo‘yilgan.
Bemor bundan avval, oxirgi 10 yil davomida yurak ishemik kasalligi, stenokardiya va qandli diabet tashxisi bilan davolanib yurgan.
Bemorning davolanishi davomida kunlik ahvoli mamlakatimizdagi shu sohaga ixtisoslashgan tibbiyot muassasalarining malakali shifokorlari tomonidan ham bir necha bor konsiliumlar o‘tkazilib, nazoratga olingan.
So‘nggi kunlarda nafas, yurak va o‘pka yetishmovchiligi sababli bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, reanimatsiya bo‘limiga o‘tkazilgan hamda tibbiy yordam ko‘rsatilgan.
Biroq shifokorlarning standartlar asosida o‘tkazgan tezkor reanimatsion muolajalariga qaramasdan bemor o‘tkir miokard infarkti, o‘tkir yurak-qon tomir va nafas yetishmovchiligidan vafot etdi», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.
Shu tariqa, bugun ham O‘zbekistonda koronavirus tufayli ikki o‘lim qayd etildi. Bungacha Buxoro viloyatida ham 58 yoshli ayol koronavirus tufayli olamdan o‘tgani xabar qilingandi.
Shu vaqtgacha Toshkentda 13, Namanganda 4, Samarqandda va Surxondaryoda 2tadan, Farg‘ona va Buxoroda bittadan o‘lim ro‘y bergandi.
Eslatib o‘tamiz, Jizzax viloyatida mart-aprel oylarida qayd etilgan 3 nafar bemor sog‘ayib, 27 aprel kuni viloyat koronavirusdan xoli hududga aylangandi. Ammo 25 iyun kuni Jizzax viloyatida yana 2ta yangi kasallanish holati qayd etildi. Bugun kun davomida viloyatda yana 5ta yangi kasallanish holatlari aniqlandi. Ayni vaqtda viloyatdagi shifoxonalarda yana 6 bemor davolanmoqda.
Mavzuga oid
10:14 / 13.05.2022
Shimoliy Koreya COVID-19’dan ilk o‘lim holatlari haqida xabar berdi
22:17 / 11.05.2022
Shanhaydagi koronavirus: qat’iy lokdaun, dezinfeksiya, shifoxonaga esa faqat hokimiyat ruxsati bilan
18:01 / 07.05.2022
Pekinda koronavirus tarqalishi sababli metro stansiyalari yopilmoqda
18:02 / 03.05.2022