«Avvalo ta'limga e'tibor bermoqchiman» – Feruza Mahmudova elchilik faoliyatidagi rejalari haqida gapirdi
Innovatsion rivojlanish vazirligida vazir Ibrohim Abdurahmonov va O‘zbekistonning Isroildagi Favqulodda va muxtor elchisi etib tayinlangan Feruza Mahmudova ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.
Muloqotda ilm-fan va innovatsiyalar bo‘yicha O‘zbekiston-Isroil munosabatlarida e'tibor qaratiladigan ustuvor yo‘nalishlar muhokama qilindi.
«Elchilik faoliyatimda avvalambor ta'limga, innovatsiyalarga e'tibor bermoqchiman. Chunki ta'limsiz hech narsa mavjud bo‘lmaydi. Ta'lim – kelajakka qadamlar uchun birinchi kalitdir.
Shuningdek, bizga kerakli sohalarga Isroilning eng ilg‘or mutaxassislarini jalb etamiz. Birinchi navbatda, qishloq va suv xo‘jaligi – suv resurslarini boshqarish, o‘zlashtirish, unumli foydalanish bo‘yicha mutaxassislarni jalb qilishimiz kerak.
Afsuski, mutaxassislarimiz hali zamonaviy bilimlarga ega emas. Isroildan yoki boshqa davlatdan texnologiyalarni, bilimlarini sotib olsak, masalaga 1-2 kunga yechim toparmiz, lekin qachongacha ularning og‘ziga qaraymiz? Masalaga strategik qarash kerak», – dedi Feruza Mahmudova.
O‘zbekistonga Nobel laureatlarini jalb qilish – Isroil bilan hamkorlikning asosiy yo‘nalishlaridan biri
Innovatsion rivojlanish vaziri, akademik Ibrohim Abdurahmonov ikki davlat hamkorligi O‘zbekistonda startap ekotizimini rivojlantirishga yo‘naltirilishi kerakligini ta'kidladi.
«Hozirda O‘zbekiston bo‘yicha startapchilarning soni ko‘p emas – 50tacha atrofida. Isroilda esa 10 mingdan ortiq startap bor. Bu ularning iqtisodiyotiga katta yordam beryapti. Shunday ekotizimni biz ham O‘zbekistonga olib kelishni o‘ylaganmiz.
O‘zbekiston–Isroil hamkorligining asosiy yo‘nalishlaridan biri – mamlakatimizga Nobel mukofoti laureatlarini ko‘proq jalb qilish.
Ilgari ularning O‘zbekistonga tashriflari bo‘lmagan. 1978 yilda Laynus Poling kelgan xolos. O‘tgan 3 yilda uch nafar Nobel laureati –Yaponiyadan, Turkiyadan, Isroildan keldi.
Nobel laureatlarini O‘zbekistonga ko‘proq jalb qilish borasida yordamingizni kutib qolamiz. Ularni qabul qilib, mahorat darslari tashkillashtirishga tayyormiz», – dedi Ibrohim Abdurahmonov.
Texnologiyalar transferi
Uchrashuv davomida vazir Isroildan O‘zbekistonga qilingan texnologiyalar transferi haqida to‘xtalib o‘tdi.
Havodan suv qiluvchi uskuna. Mazkur uskuna havoning o‘zidan foydalangan holda suv hosil qilish funksiyasiga ega bo‘lib, hozirda Buxoro viloyatida sinovdan o‘tkazilmoqda. Bu texnologiyani lokalizatsiyalashtirish, O‘zbekistonda ishlab chiqarish istiqbollari ko‘rib chiqilmoqda.
Yerni kavlamay, quvurlarni ta'mirlovchi texnologiya. Isroilning Maya korxonasi bilan hamkorlikda qo‘shma korxona tashkil etilgan bo‘lib, unda yerni kavlamagan holda suv quvurlarini ta'mirlovchi texnologiya ishlab chiqarilishi nazarda tutilgan.
Ibrohim Abdurahmonovning so‘zlariga ko‘ra, texnologiya sun'iy yo‘ldosh orqali yer ostidagi quvurlarning nosoz qismlarini 99 foiz aniqlikda topa oladi, maxsus polimerlar orqali nosozliklarni ta'mirlaydi.
1 mln AQSh dollari miqdorida investitsiya kiritilayotgan mazkur loyiha Toshkent shahrining Sergeli, Mirobod tumanlarida sinovdan o‘tkazilmoqda. Sinov davrida texnologiya quvurlarda 900dan ortiq teshiklarni topgan, yerni kavlab ko‘rilganda, chindan ham nosozliklar borligi aniqlangan.
Qayd etilishicha, quvurning bitta teshigidan yiliga 50 ming dollar qiymatidagi suv oqib ketishi mumkin. Bu texnologiyani respublikaning barcha hududlarida joriy qilish ko‘zda tutilgan.
Aqlli suv hisoblagichlar. Bunday hisoblagichlar o‘z Wi-Fi tarmog‘iga ega bo‘lib, sarflangan suv hisobini o‘zi tegishli tashkilotga («Suvsoz» DUK) avtomatik tarzda yuboradi. Hisoblagichni o‘rnatish hisobiga xonadonda Wi-Fi ham tekin bo‘ladi.
Aerokosmik laboratoriyalar. Shuningdek, aerokosmik tadqiqotlar olib borish imkonini beruvchi laboratoriyalar ham ilk bor Isroildan olib kelinmoqda.
«Olimlar uzoq vaqt har tomondan chegaralangan edi»
Feruza Mahmudova Fanlar Akademiyasining xorijiy davlatlar bilan aloqalarni o‘rnatishdagi sust faoliyatini tanqid qildi.
«Faoliyatimni rejalashtirishda har bir vazirlik, idora bilan hamkorlikda ishlayapman. Isroil bilan hamkorlik masalasida takliflar olish uchun Fanlar Akademiyasiga murojaat qildim, lekin ular: «Bizda Isroil bilan aloqalar yo‘q, hatto rejalar ham yo‘q», deb javob berishdi. Qanaqasiga bunday bo‘lishi mumkin?
Elchilar o‘z faoliyati davomida kimgadir suyanishi, ulardan kerakli takliflarni olishi kerak. Ammo men Akademiyadan bema'no xatni oldim. Gap Zimbabve, Birma, Myanma singari davlatlar haqida borayotgan bo‘lsa ham mayli edi. Axir Isroil – innovatsion superderjava», dedi u.
Innovatsion rivojlanish vaziri bu holatni olimlarning uzoq vaqt davomida chegaralanib qolgani bilan izohladi.
«Respublikada 37 ming nafardan ortiq ilmiy xodim mavjud. Ularni uzoq yillar hamma tomondan chegaralaganmiz. Fanlar Akademiyasida tabiiy fanlar yo‘nalishi bo‘yicha vitse-prezident bo‘lib ishlagan davrimda ham olimlarning chegaralanib qolganiga o‘zim guvoh bo‘lganman. Ular biron aloqaga kirishish, bilmagan mamlakati bilan munosabatlarni o‘rnatishda tajribasizlik qilyapti.
Ilgari grantlar ham faqatgina muayyan davlatlar tomonidan berib borilgan. Shu bois olimlarda aloqaga kirishishda kamchiliklar bor.
Ilmni iqtisodiyotimizga ishlata olmayapmiz, chunki ilm-fan ekotizimining shoxlari kesib tashlangan edi. Yosh olim keladigan bo‘lsa, o‘z loyihasini qila olmas, biron akademikning loyihasi ostida ishlardi. Tanlovlarga ham bitta odam topshirsin, deyilardi», dedi Ibrohim Abdurahmonov.
Eslatib o‘tamiz, Feruza Mahmudova Oliy Majlis Senatining 19 iyundagi yalpi majlisida O‘zbekistonning Isroildagi favqulodda va muxtor elchisi etib tayinlandi.
Mavzuga oid
20:17 / 05.11.2024
Ma’rifiy faoliyat bilan ruxsatsiz shug‘ullanganlik uchun javobgarlik belgilandi
17:18 / 05.11.2024
Raqobat kuchli: Xitoydagi ta’lim tizimi yoshlar orasida ruhiy tushkunlikka sabab bo‘lmoqda
16:29 / 21.10.2024
Kadrlar tayyorlaydigan yagona texnikumlar tarmog‘i tashkil etiladi
18:35 / 03.10.2024