O‘zbekiston | 15:29 / 01.07.2020
6703
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh ishtirokida Markaziy Osiyo davlatlari jamg‘armasini tashkil etish taklif qilindi

AQSh Xalqaro taraqqiyotni moliyalashtirish korporatsiyasi rahbari Adam Boler Markaziy Osiyo davlatlarini rivojlantirishga yo‘naltirilgan jamg‘arma tashkil etish taklifini bildirdi.

Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati

1 iyul kuni Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva va AQSh Xalqaro taraqqiyotni moliyalashtirish korporatsiyasi (DFC) bosh ijrochi direktori Adam Boler boshchiligidagi delegatsiya o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekistondagi islohotlar, ikki davlat hamkorligi, Markaziy Osiyo davlatlarini rivojlantirish masalalari xususida so‘z bordi.

Uchrashuv davomida Adam Boler Markaziy Osiyo davlatlariga investitsiya kiritish maqsadida regional jamg‘arma tashkil etish xususida O‘zbekiston hukumatiga taklif bildirganini ma'lum qildi.

«Kecha O‘zbekiston hukumati vakillari bilan bo‘lgan uchrashuvda Markaziy Osiyo regionidagi mamlakatlarga investitsiya kiritish masalasi ham muhokama qilindi. Muhokama sessiyasida Markaziy Osiyo davlatlari va AQSh ishtirokida regional jamg‘arma tashkil etish taklifini bildirdim. Mazkur loyihaga ko‘ra, Markaziy Osiyo davlatlari turli sohalarga investitsiya kiritish uchun muayyan hajmda mablag‘ ajratadi, AQSh ham xuddi shuncha miqdorda pul ajratadi. Mablag‘lar mintaqa mamlakatlarini rivojlantirish uchun sarflanadi», deya Bolerning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Senat raisi mazkur taklifni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

«Markaziy Osiyo davlatlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bu jamg‘armaning tashkil etilishini ijobiy baholayman. Markaziy Osiyo davlatlarining muammolari bir-biriga juda o‘xshash – ayollar va yoshlar masalalari, ta'lim, tadbirkorlikni rivojlantirish, migratsiya, zo‘ravonlikdan himoya qilish kabilar.

Bunday jamg‘armaning tashkil etilishi region mamlakatlarini faqat iqtisodiy jihatdan emas, balki ijtimoiy nuqtayi nazardan rivojlantirishga yordam beradi, Markaziy Osiyodagi dolzarb muammolarni hal qilish uchun platforma bo‘lib xizmat qiladi», degan Tanzila Norboyeva.

Ma'lumot uchun, AQSh Xalqaro taraqqiyotni moliyalashtirish korporatsiyasi (DFC) – 2019 yilda xususiy xorijiy investitsiyalar bazasida tashkil etilgan bo‘lib, 60 mlrd AQSh dollari miqdorida budjetga ega. Tashkilot taraqqiyotga xizmat qiluvchi loyihalarni moliyalashtirish bilan shug‘ullanadi. 

Mavzuga oid