18:41 / 04.07.2020
6377

Elektronika chiqindilari hajmi dunyo aholisi sonidan uch baravar tez o‘smoqda

2019 yilda 53,6 mln tonna kompyuter, noutbuk, elektron o‘yin qurilmalari, mobil telefonlar, televizor, sovitkich va boshqa turdagi maishiy elektrotexnika chiqindi poligonlariga kelib tushgan. Bu ko‘rsatkich so‘nggi 5 yilda 21 foizga oshgan.

Foto: Xalqaro elektroaloqa kengashi

Xalqaro elektroaloqa kengashi dunyoda elektronika chiqindilari hajmining o‘sish ko‘rsatkichlari xususidagi hisobotini e'lon qildi.  Unda 2030 yilga kelib elektron chiqindilar hajmi 74 mln tonnaga yetishi mumkinligi prognoz qilingan.

Umuman olganda, maishiy chiqindilarda elektronikaning ulushi eng ko‘p hisoblanadi. Chunki ta'kidlanishicha, eski elektronika texnikasini ta'mirlashdan ko‘ra yangisini sotib olish arzonroq tushadi, deb hisoblanmoqda.

«So‘nggi besh yilda elektronika chiqindilari hajmi dunyo aholisi soniga nisbatan uch baravar, jahon yalpi ichki mahsuloti hajmiga qaraganda esa 13 foizga tezroq o‘smoqda», – deydi Xalqaro elektroaloqa kengashi vakili Dorin Bogdan-Martin.

Uning ta'kidlashicha, elektron chiqindilar uyumlari – to‘rtinchi sanoat inqilobining mahsulidir.

Kengash ekspertlarining ta'kidlashicha, elektron chiqindilar atrof-muhitga va insoniyat salomatligiga jiddiy xavf tug‘diradi. Bunday chiqindilar o‘zida ko‘plab toksik va xavfli elementlar, xususan, simobni saqlaydi, ular esa inson miyasi va koordinatsiya tizimi uchun salbiy ta'sirga ega.

Bugungi kunda elektronika chiqindilarining faqatgina 17,4 foizi rasmiy tarzda, insonlar uchun xavfsiz bo‘lgan sharoitda qayta ishlanadi. Qolgan qismi esa chiqindi poligonlariga tashlanadi. Chiqindiga tashlangan elektronika qurilmalari tarkibida oltin, kumush, mis, platina singari qimmatbaho metallar ham saqlanadi. Chiqindixonaga ravona bo‘lgan bu qimmatbaho metallarning umumiy qiymati 57 mlrd dollarga baholanadi – bu ko‘plab davlatlarning yillik YaIM hajmidan ham yuqoriroq ko‘rsatkich.

«Dunyoning ko‘plab hududlarida jamlanayotgan elektronika chiqindilari hajmi xavfsiz sharoitlarda utilizatsiya qilinayotgan chiqindi miqdoridan ancha yuqori. Qamrov jihatdan oshib borayotgan bu muammo haqida xabardorlikni oshirish uchun qo‘shimcha hamkorlik sa'y-harakatlari talab etiladi», deydi BMTning ilmiy-tadqiqot va o‘quv instituti ijrochi direktori Nixil Set.

2019 yilda elektronika chiqindilarning eng katta ulushi Osiyo (24,9 mln tonna) mamlakatlari hisobiga to‘g‘ri kelgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich Shimoliy va Janubiy Amerikada 13,1 mln tonna, Yevropada 12 mln tonnani tashkil etgan.

Nisbatan kambag‘al bo‘lgan Afrika va Okeaniya davlatlarida ularning ulushi – 2,9 mln tonna va 0,7 mln tonnaga teng kelgan.

Mavzuga oid
Top